Qidirish

Davlat o‘rmon fondi yerlari to‘g‘risida maʼlumot

2015 yil 1 yanvar xolatiga Oʼrmon fondi yerlarining umumiy maydoni 9752,3 ming gektarni yoki jami Respublika yerlarning 21,7 foizini tashkil qiladi. Shundan, oʼrmonzor va butazorlar maydoni 3237,3 ming gektarni yoki Respublika boʼyicha oʼrmonzor va butazorlar maydoni 7.3 foizni tashkil qiladi.

Davlat oʼrmon fondi yerlarida 6 ta markaziy davlat oʼrmon xoʼjaliklari, 55 ta davlat oʼrmon xoʼjaliklari, 7 ta qoʼriqxona, 5 ta oʼrmon ov xoʼjaliklari, 2 ta milliy tabiiy bogʼlar, 1 ta oʼrmon biosfera rezervati, 5 ta dorivorchilikka ixtisoslashgan oʼrmon xoʼjaliklari, 6 ta oʼrmon tajriba stansiyalari, 5 ta oʼrmon ishlab chiqarish korxonalari, 4 ta irrigatsiya oʼrmon xoʼjaliklari, 2 ta ekopitomniklar mavjud.

Umumiy davlat oʼrmon fondining 81 foizi (7 936 116 gektari) choʼl xududi, 16,1 foizi (1 573 231 gektari) togʼ xududi, 1,8 foizi (173 651 gektari) vodiy xududi, 1,1 foizi (108 699 gektari) toʼqay xududidan iborat.

Oʼrmon xoʼjaligi bosh boshqarmasi tizimidagi oʼrmon fondi yerlarining umumiy maydoni 9140,6 ming gektarni yoki umumiy oʼrmon fondi yerlarning 93,7 foizini tashkil qiladi.

Oʼrmon xoʼjaligi bosh boshqarmasi tizimidagi davlat oʼrmon fondi yerlarida 6 ta markaziy davlat oʼrmon xoʼjaliklari, 53 ta davlat oʼrmon xoʼjaliklari, 5 ta qoʼriqxona, 5 ta oʼrmon ov xoʼjaliklari, 1 ta milliy tabiiy bogʼlar, 1 ta oʼrmon biosfera rezervati, 5 ta dorivorchilikka ixtisoslashgan oʼrmon xoʼjaliklari, 6 ta oʼrmon tajriba stansiyalari, 4 ta oʼrmon ishlab chiqarish korxonalari mavjud.

Oʼrmon xoʼjaligi bosh boshqarmasiga qarashli davlat oʼrmon fondining 86,6 foizi (7 919 625 gektari) choʼl xududi, 10,3 foizi (939 813 gektari) togʼ xududi, 1,9 foizi (173 651 gektari) vodiy xududi, 1,2 foizi (107 538 gektari) toʼqay xududidan iborat.

Davlat oʼrmon fondining choʼl xududida asosan saksovul, cherkez, qandim va boshqa daraxt va butalar, togʼ xududida archa, bodom, terak, zarang, yongʼoq va boshqa daraxt va butalar, vodiy xududida terak, tol mevali va yongʼoq mevali daraxtlar, toʼqay xududida turongʼi, yulgʼun va boshqa daraxt va butalar oʼsadi.

2014 yil davomida Oʼrmon xoʼjaligi bosh boshqarmasi tizimidagi oʼrmon xoʼjaliklari tomonidan 42,8 ming gektar maydonda yangi oʼrmonzorlar barpo etildi. Shundan, 39 ming gektari choʼl xududlarida choʼllanishni va qum koʼchishini oldini olish maqsadida, shu jumladan 16,8 ming gektari Orol dengizining qurigan tubida ekologik vaziyatni qisman moʼtadillashtirish, zararli tuzlarni atmosferaga koʼtarilishini kamaytirish maqsadida yangi oʼrmonzorlar barpo qilindi.

2015 yilning birinchi choragida 75 ta holatda (25 mln soʼm) oʼrmon qonunbuzarligi aniqlandi, shundan, oʼzboshimchalik bilan daraxt kesish 55 ta holatda (23,5 mln soʼm), oʼzboshimchalik bilan ruxsatsiz mol boqish 20 ta holatda (1,5 mln soʼm) oʼrmon qonunbuzarliklari aniqlanib, yetkazilgan zarar undirib olingan.