Qidirish

Rahbariyat maʼruzalari

Assalomu alaykum, hurmatli yurtdoshlar va bugungi brifing ishtirokchilari

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 21 dekabrdagi “Yangi O‘zbekiston ma'muriy islohotlarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 269-son Farmoniga asosan Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzurida O‘rmon xo‘jaligi agentligi tashkil etildi.

Respublikada o‘rmon fondi yerlarining umumiy yer maydoni 11,8 mln gektarni, O‘zbekiston Respublikasi umumiy yer maydonining 26 foizini tashkil qiladi, o‘rmon bilan qoplangan yer maydonlari esa 3,4 mln gektarni, O‘zbekiston Respublikasi umumiy yer maydonining 7,7 foizini tashkil etadi.

O‘rmon fondi yerlarining 82 foizi cho‘l, 14 foizi tog‘, 4 foizi to‘qay hududidan iborat.

2023 yil birinchi yarmida O‘rmon xo‘jaligi agentligi tizimida:

Respublikada ekologik vaziyatni barqarorlashtirish maqsadida 200 ming gektar maydonda o‘rmon barpo qilish va qayta tiklash tadbirlari amalga oshirildi.

Orol dengizining qurigan tubi va Orolbo‘yi hududlarida qum ko‘chishi hamda atmosfera havosiga tuz-chang ko‘tarilishini bartaraf etish maqsadida Mo‘ynoq tumanida 128 ming gektar, Buxoro viloyatida 40 ming gektar, Navoiy viloyatida 17 ming gektar

va Xorazm viloyatida 10 ming gektar maydonda saksovul va boshqa cho‘l o‘simliklaridan “yashil qoplamalar” barpo etildi.

O‘rmon xo‘jaliklari tomonidan daraxt va butalarning 940 tonna urug‘lari jamg‘arildi.

545 gektar maydonda tuproq-iqlim sharoitga mos manzarali, mevali daraxt va butalarning niholxona va ko‘chatxonalari tashkil etildi.

“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida joriy yil bahor mavsumida 22 mln. dona iqlim sharoitiga mos manzarali, mevali daraxt va butalarning ko‘chat va qalamchalari yetkazib berildi.

Sug‘oriladigan qishloq xo‘jaligi yerlari dala chetlarida 2 ming gektar maydonda ihota daraxtzorlari tashkil etildi.

Nukus shahri atrofida 5 km, Urganch shahri va Urganch-Gurlan avtomobilь yo‘li atrofida 5 km masofada katalьpa, qayrog‘och, yapon saforasi kabi daraxtlar ko‘chatlari ekilib, “yashil belbog‘lar” barpo etildi.

O‘rmonlarni muhofaza qilish va saqlash maqsadida tizim tashkilotlari tomonidan 40 ming gektar maydonda o‘rmon kasallik va zararkunandalariga qarshi o‘rganish ishlari olib borildi.

O‘rmon yong‘inlarini oldini ishlarini muvofiqlashtirish maqsadida agentlik va tizim tashkilotlarida yong‘in kelib chiqish xavfi yuqori bo‘lgan yoz mavsumida uzluksiz navbatchilik tashkil etildi.

O‘rmon hududlarida yashovchi aholi va o‘rmonga tashrif buyuruvchilar uchun o‘rmondan to‘g‘ri foydalanish, o‘rmon yong‘inlarini sodir etilishini oldini olish maqsadida 2000 ga yaqin ogohlantiruvchi bannerlar joylashtirildi.

O‘rmon fondidagi 3,5 ming gektar foydalanilmayotgan yer maydoni o‘zlashtirildi.

5 ming gektar maydonda dorivor va ozuqabop o‘simliklar plantatsiyasi tashkil etilib, 2 ming tonna xomashyo yetishtirildi.

E'tiboringiz uchun rahmat!