Faoliyat ko‘rsatkichlari
So‘nggi yillarda mamlakatimizning o‘rmon xo‘jaligi sohasini yanada rivojlantirish, o‘rmon resurslarining boy salohiyatidan to‘la-to‘kis va oqilona foydalanishni ta’minlash, o‘rmon fondi yerlaridan foydalanish samaradorligini oshirish, sohaga ilg‘or ilmiy-texnika yutuqlarini joriy etish, xorijiy investitsiyalarni faol jalb etish va ekologik turizmni rivojlantirish kabi dolzarb masalalarni o‘z ichiga qamrab olgan izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.
Ta’kidlash joizki, 2017 yilda o‘rmon fondi umumiy yer maydoni 10,5 mln. gektarni tashkil etgan bo‘lsa (mamlakatimizning umumiy yer maydonining 23,4 foizi), hozirgi kunda 12 mln. gektarni tashkil etadi (mamlakatimizning umumiy yer maydonining 26,7 foizi), ya'ni besh yildan ko‘proq davr mobaynida amalga oshirilgan o‘rmonlashtirish tadbirlari natijasida o‘rmon fondi yer maydonlari 1,5 mln. gektarga ko‘paytirildi.
Orol dengizining qurigan tubida 1 mln. 700 ming gektar maydonda cho‘l o‘simliklaridan “yashil qoplamalar” - himoya o‘rmonzorlari barpo etildi.
O‘rmon fondi yer maydonining 85,5 foizi (10 mln. 260 ming gektar) cho‘l, 13,2 foizi (1 mln. 584 ming gektar) tog‘, 0,2 foizi (24 ming gektar) vodiy, 1,1 foizi esa (132 ming gektar) to‘qay hududlaridan iborat.
O‘rmon barpo qilish, niholxona va ko‘chatxonalar tashkil etish hamda ko‘kalamzorlashtirish tadbirlari uchun daraxt va butalarning urug‘larini tayyorlash sohadagi asosiy tadbirlardan biri hisoblanadi. Ushbu yo‘nalishda ham keng qamrovli ishlar olib borilmoqda.
Jumladan, 2017 yilda 290 tonna daraxt va butalar urug‘lari jamg‘arilgan bo‘lsa, 2022 yilda 1,7 ming tonnaga yetkazilgan, ya'ni o‘sish sur'ati 6 barobarga oshirilgan hamda 2017 yilda 34 mln. dona nihol va ko‘chatlar yetishtirilgan bo‘lsa, 2022 yilda 113 mln. dona yetishtirilgan, ya'ni o‘sish sur'ati 3 barobarga oshirilgan.
Bundan tashqari, o‘rmon fondi yer maydonlarida jami tez o‘suvchi 18 mln. dona ko‘chatlar yetishtirilib, 1500 gektar yer maydonda pavlovniya plantatsiyalar barpo etilgan.
O‘rmon barpo etish ishlari 2017 yilda 46,9 ming gektar yer maydonda amalga oshirilgan bo‘lsa, mazkur ko‘rsatkich 2021 yilda 671 ming gektar yer maydonda o‘rmon barpo etilgan bo‘lib, 2017 yilga nisbatan 14 barobarga oshirilgan.
“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida 200 mln. donadan ko‘proq qalamcha, nihol va ko‘chatlar ekildi hamda respublikamiz hududlarida jami 588,4 gektar yer maydonda “yashil bog‘lar” va 662,3 gektar yer maydonda “yashil jamoat parklari” barpo etish ishlari amalga oshirildi.
O‘tgan davrda foydalanilmayotgan 68,8 ming gektar o‘rmon fondi yer maydonlari jami 6 ming 892 ta shartnoma asosida jismoniy va yuridik shaxslarga ijaraga berildi. Natijada, 20 ming 204 ta yangi ish o‘rinlari yaratildi.
Shuningdek, 2017 yilda 1,3 ming gektar o‘rmon fondi yer maydonlarida dorivor va oziq-ovqatbop o‘simliklarning madaniy plantatsiyalari barpo etilgan bo‘lsa, 2022 yilda 4,8 ming gektar yer maydonda barpo etildi, ya'ni o‘sish sur'ati 3 barobarga oshirildi.
Dorivor o‘simliklar xomashyosini tayyorlash ko‘rsatkichi 2017 yilda 3,2 ming tonnani tashkil etgan bo‘lsa, 2022 yilda 8 ming tonna mahsulot tayyorlangan yoki 2,5 barobarga oshirilgan.
O‘rmon xo‘jaliklarida 2017 yilda chorva bosh soni 18 ming donani tashkil etgan bo‘lsa, 2022 yilda xususiy sektor sub'ektlari bilan birgalikda chorva bosh soni 160 ming boshga yetkazildi.
Parrandachilikni rivojlantirish maqsadida amalga oshirilgan ishlar natijasida parrada bosh soni 2017 yilda 12,1 ming dona bo‘lgan bo‘lsa, 2022 yilda xususiy sektor sub'ektlari bilan birgalikda 1,1 mln. boshga yetkazildi.
O‘rmon fondi yerlarida asalari oilalari soni 2017 yilda 11,8 ming donani tashkil etgan bo‘lsa, 2022 yilda ushbu ko‘rsatkich xususiy sektor sub'ektlari bilan birgalikda 210 ming donaga yetkazildi.
O‘tgan davrda o‘rmon fondi yer maydonlarida ekoturizm ob'ektlari soni 272 taga yetkazildi hamda 30 ta yangi ekomarshrutlar ishlab chiqilib, xaritalari yaratildi. Hozirgi kunda o‘rmon fondi yer maydonlarida 124 ta 386 mlrd. so‘mlik ekoturizm loyihalari amalga oshirilmoqda.
Jumladan, xalqaro moliya tashkilotlari bilan hamkorlikda 2021 yilda 7 ta grant loyihasi amalga oshirildi hamda qiymati 9 mln. AQSh dollariga teng 2 ta mintaqaviy loyiha amalga oshirilmoqda.
Ta’kidlash lozimki, 2022 yilda Jahon banki tomonidan mamlakatimiz o‘rmon xo‘jaligi sohasiga 142 mln. AQSh dollari miqdorida imtiyozli kredit ajratilishi ma’qullandi hamda 2023 yilda qiymati 40 mln. AQSh dollariga teng 7 ta loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha muzokaralar (Global ekologik fond (GEF), Yevropa investitsiya jamg‘armasi (EIF), Jahon banki (TWB)) olib borilmoqda.
O‘rmon xo‘jaligi sohasida ishlayotgan kadrlar salohiyatini oshirishga alohida e'tibor qaratilmoqda. O‘tgan davrda oliy ma'lumotli kadrlar salmog‘i 12 foizdan 25 foizga, shu jumladan, oliy ma'lumotli o‘rmonchi mutaxassislarni ishga qabul qilish ko‘rsatkichi esa 711 taga yoki 62 foizga oshdi.
Ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida qiymati 3,15 mlrd. so‘mlik 6 ta loyiha amalga oshirildi.
Xususan, qurigan Orol dengizi tubining turli tuproq sharoitlarida jami 2 gektar maydonda hudud iqlimiga mos bo‘lgan 15 turdan ortiq cho‘l o‘simliklarining genofondi tashkil etildi.
O‘rmon xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot instituti, Dorivor o‘simliklarni yetishtirish va qayta ishlash ilmiy-ishlab chiqarish markazi, “O‘rmonloyiha” loyihalash instituti tashkil etildi.
Ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini kuchaytirish maqsadida O‘rmon xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot instituti tizimida 1 ta filial, 5 ta tajriba stantsiyasi va 2 ta ilmiy markazlari tashkil etildi.
Soha olimlari tomonidan yaratilgan mahalliy sharoitga mos bo‘lgan pistaning yangi 13 ta navlari davlat reyestriga kiritildi va 8 ta davlat o‘rmon xo‘jaliklarida onalik bog‘lari tashkil etildi.
Germaniya, Italiya, Gretsiya va Turkiya kabi davlatlardan olib kelingan 76 turdagi yog‘ochbop duragay terak navlaridan istiqbolli turlari tanlab olinib, respublikaning bir qator hududlarida yetishtirish joriy etildi. Yog‘ochbop o‘rmon mahsulotlarini ko‘paytirish maqsadida xorijiy davlatlardan tez o‘suvchi terakning yangi 6 turi va pavlovniyaning 2 ta duragaylari olib kelinib, “in-vitro” laboratoriyasida ko‘chatlarini yetishtirish yo‘lga qo‘yildi.
O‘rmon xo‘jaligi sohasiga chet el moliyaviy, moddiy, intellektual va boshqa resurslarini, zamonaviy texnologiyasi va boshqaruv sohasidagi tajribasini jalb etish va ulardan omilkorlik bilan foydalanish maqsadida o‘rmon xo‘jaligi rivojlangan AQSh, Rossiya Federatsiyasi, Turkiya, Xitoy, Koreya Respublikasi, Yaponiya, Eron va boshqa xorijiy davlatlar bilan hamkorlik aloqalari mustahkamlandi.
Jumladan, o‘tgan davrda Turkiya (Axmad Yalvoch), Janubiy Koreya (Professor Li Duk San) va Yaponiya (Takeda Yasuke)dan 3 nafar ekspert uzoq muddatga mamlakatimizga xalqaro ekspert mutaxassis sifatida jalb qilindi.
O‘rmon xo‘jaliklarining yalpi daromadi 2017 yilda 73,6 mlrd. so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, ushbu ko‘rsatkich 2022 yilda 265 mlrd. so‘mga yetkazildi.