Qidirish

Hay’at

O'rmon xo'jaligi agentligi hay’atining reglamenti

1-bob. Umumiy qoidalar

1. O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi agentliksining hay’ati (keyingi o‘rinlarda hay’at deb ataladi) doimiy faoliyat ko‘rsatadigan maslahat organi hisoblanadi.

2. Hay’at o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstituttsiyasi, qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari, O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi Agentligi (keyingi o‘rinlarda Agentlik deb ataladi) to‘g‘risidagi nizom va boshqa qonun (normativ-huquqiy) hujjatlarga amal qiladi.

3. Hay’at o‘z faoliyatini qonun hujjatlariga muvofiq qonuniylik, nazoratda bo‘lishi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga hisobot berish, boshqaruv va kollegiallikni markazlashtirish tamoyillari asosida amalga oshiradi.


2-bob. Hay’atning asosiy vazifalari

4. Hay’atga quyidagi vazifalar yuklanadi:

Agentlik Nizomida nazarda tutilgan asosiy yo‘nalishlarini tayyorlash va amalga oshirish;

Agentlik tizimidagi boshqarma va bo‘limlarning hamda tizim tashkilotlari rahbarlarining hisobotlarining tizimli asosda eshitib borilishini tashkil etish, qonun hujjatlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti hujjatlari va O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlarida belgilangan vazifalarning o‘z vaqtida hamda sifatli amalga oshirilishini ta’minlash yuzasidan agentlik tizimi rahbarlari va xodimlarining shaxsiy javobgarligini oshirish choralarini ko‘rish;

Agentlik faoliyatiga oid hududiy va tarmoq dasturlarini amalga oshirish samaradorligini har chorakda va tizimli ko‘rib chiqish;

Hay’atning kengaytirilgan ko‘chma yig‘ilishlarini o‘tkazish, Agentlik faoliyati sohasi dolzarb masalalarining joylarda muhokama etilishini ta’minlash;

Agentlik markaziy apparati va uning tizimidagi lavozimlar nomenklaturasini ko‘rib chiqish hamda tasdiqlash;

Agentlik nomenklaturasiga kiradigan lavozimlarga kadrlarni tanlash va joy-joyiga qo‘yish masalasini ko‘rib chiqish;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va topshiriqlarida belgilangan vazifalarning o‘z vaqtida hamda sifatli amalga oshirilishini ta’minlash uchun agentlik va uning tizimidagi tashkilotlari rahbarlari va xodimlarining ijro intizomini mustahkamlash hamda shaxsiy javobgarligini oshirish;

O‘zbekiston Respublikasi Hukumatiga kiritiladigan va agentlik mas’ul ijro etuvchi organ hisoblangan qonun loyihalari bilan bog‘liq masalalarni ko‘rib chiqish.

5. Hay’at agentlik vakolatiga kiradigan va kollegial muhokama etishni talab qiladigan har qanday masalani ko‘rib chiqish huquqiga ega.


3-bob. Hay’at tarkibi

6. Hay’at a’zolarining soni va shaxsiy tarkibi agentlik direktorining taqdimnomasiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.

7. Agentlikda uning asosiy faoliyat yo‘nalishlarini muvofiqlashtiradigan, Agentlik direktori (hay’at raisi), uning o‘rinbosarlari, shuningdek Agentlik markaziy apparati bo‘linmalari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi agentligi direktori va tashkilotlarning rahbarlaridan iborat tarkibda hay’at tashkil etiladi.

Hay’at faoliyatining samaradorligini oshirish maqsadida vaqti-vaqti bilan uning tarkibi qisman almashtirib turiladi.

Hay’at a’zosi lavozimidan ozod etilgan holatlarda (uning tarkibiga lavozimi bo‘yicha kiradigan a’zolardan tashqari) hay’at tarkibiga kiritiladigan nomzod bo‘yicha takliflar belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi.

8. Hay’at raisi hay’at faoliyatini tashkil etadi, uning yig‘ilishlarini boshqaradi, majburiyat va topshiriqlarni hay’at a’zolari o‘rtasida taqsimlaydi, yig‘ilishlar rejalari, hay’at qarorlari bajarilishini umumiy nazorat qiladi;

hay’atga ko‘rib chiqishga kiritiladigan masalalarni birgalikda muhokama etish va hal qilish uchun zarur sharoitlar yaratadi;

hay’at faoliyati va uning qarorlari to‘liq hajmda qabul qilinishi uchun shaxsan javob beradi;

zarur holatlarda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziriga hay’at yig‘ilishlarida qabul qilingan qarorlar va ularning amalga oshirilishi haqida axborot beradi;

maxfiy xususiyatga ega masalalar, shuningdek davlat sirini tashkil etadigan ma’lumotlarga taaluqli masalalarni ko‘rib chiqish uchun hay’atning yopiq yig‘ilishlarini o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qiladi;

hay’atning ko‘chma yig‘ilishlarini, shuningdek boshqa kollegial organlar bilan qo‘shma yig‘ilishlar o‘tkazish to‘g‘risida qarorlar qabul qiladi.

hay’at raisi bo‘lmaganda uning vazifalarini Agentlik direktorining o‘rinbosarlaridan biri bajaradi.

9. Hay’at a’zolari quyidagi huquqlarga ega:

hay’at faoliyatining rejalari loyihalariga, hay’at yig‘ilishlarining kun tartibi va o‘tkazish tartibi, hay’at yig‘ilishlarining tasdiqlangan rejasiga qo‘shimchalar hamda o‘zgartirishlar, hay’atning navbatdan tashqari yig‘ilishlarini o‘tkazish bo‘yicha takliflar, fikr-mulohazalar va tuzatishlar kiritadi;

ko‘rib chiqiladigan muammolarga doir hujjatlar va hay’at qabul qilgan qarorlar ijrosi yuzasidan materiallar bilan tanishadi;

ma’ruzachilarga savollar berish, muhokama etiladigan masalalar yuzasidan o‘z fikrini, shuningdek qabul qilinadigan qarorlar va hay’at yig‘ilishlari bayonnomasi bo‘yicha fikr-mulohazalar hamda takliflar bildiradi;

zarur holatlarda, ovoz berishda yig‘ilish bayonnomasiga alohida fikrlarni yoki yozma ravishdagi alohida fikrni kiritishni talab qiladi;

hay’at yig‘ilishlarini tashkil etish, ko‘rib chiqiladigan masalalar bo‘yicha materiallar tayyorlash, hay’at qarorlarining amalga oshirilishini tashkil etish, nazorat qilish va hay’at topshiriqlarini bajarishda ishtirok etadi.

Hay’at a’zolari:

masalalarni muhokama etish va ovoz berishda teng huquqlarga ega;

hay’at yig‘ilishlarida shaxsan ishtirok etishga majbur va o‘z vakolatlarni boshqa shaxslarga berish huquqiga ega emas.

Hay’at a’zolari hay’at raisi yoki uning vazifalarini bajaruvchi shaxs ruxsati bilan uning yig‘ilishlarida ishtirok etishdan ozod etiladi. Bunda hay’at a’zosi muhokama etiladigan masala yuzasidan o‘z fikrini yozma ravishda bildirish huquqiga ega.

Hay’at a’zolari egallab turgan lavozimidan (hay’at tarkibiga lavozimi bo‘yicha kiradigan a’zolaridan tashqari) O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda ozod etilishi mumkin.