Qidirish

O‘rmon xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot institutida 2023 yilda amalga oshirilgan ishlar va erishilgan natijalar yuzasidan MA’LUMOT

Xodimlar malakasini oshirish, malakali ilmiy kadrlarni tayorlash va ilmiy salohiyatni oshirish yo‘nalishida: Institutda ilmiy salohiyatni oshirish va ilmiy darajali xodimlarni tayyorlash maqsadida doktorantura bo‘limiga 2024 o‘quv yili uchun 3 nafar, shundan, 1 nafar doktorantura (DSc), 2 nafar tayanch doktorant izlanuvchilar o‘qishga qabul qilindi. Doktorantlar soni jami 17 nafarga yetkazildi.

17 nafar doktorant izlanuvchilar tomonidan qo‘yidagi yo‘nalishlarda doktorlik dissertatsiya tadqiqotlari yo‘lga qo‘yildi. Jumladan,

- Orol dengizini qurishidan hosil bo‘lgan maydonlarda ekologik lazer biotexnologiya yordamida himoya daraxtzorlarini barpo etish;

- dorivor Godji o‘simligini Toshkent viloyati sharoitida yetishtirish agrotexnologiyasini ishlab chiqish;

- Toshkent viloyati sharoitida pekanning istiqbolli nav-shakllarini tanlash va ko‘chatlarini yetishtirish texnologiyasi ni ishlab chiqish;

- Jizzax viloyati sharoitida eman ko‘chatlarini intensiv usulda yetishtirish texnologiyasini ishlab chiqish;

- Toshkent viloyati o‘rmon xo‘jaligi ko‘chatxonasida grek yong‘og‘ining ko‘chatlarini intensiv yetishtirish texnologiyasini ishlab chiqish;

- Xorijiy “Axmadi”, “Akbari”, “Fandugi” pista navlarini O‘zbekiston sharoitida o‘sib-rivojlanishini baholash va agrotexnikasini ishlab chiqish;

- Farg‘ona vodiysi sharoitiga mos xandon pista navlarini tanlash va rayonlashtirish;

- Toshkent vohasi sharoitida dorivor Tojik Ferulasi o‘simligini introduksiya qilish;

- O‘rmon ko‘chatxonalarida yerlarni ekishga tayyorlaydigan kombinatsiyalashgan agregatini yaratish;

- O‘zbekistonda yaproqbargli tog‘ o‘rmonlarini zararkunandalardan himoya qilishning ilmiy asoslarini ishlab chiqish;

- Farg‘ona vodiysi sharoitiga mos bodom shakllarini tanlash va rayonlashtirish;

- Toshkent viloyati sharoitida dorivor sano o‘simligini yetishtirish agrotexnologiyalarini ishlab chiqish;

- Surxondaryo vohasi sharoitida dorivor valerianani introduksiya qilish va agroekologiyasini ishlab chiqish;

- Chotqol tog‘ tizmasida yopiq ildiz tizimli ko‘chatlardan o‘rmon barpo etishning o‘rmon-ekologik asoslarini ishlab chiqish;

- G‘arbiy Tyan-Shan tog‘ tizmalarida o‘rmonlarni tabiiy tiklanishiga ko‘maklashish usullarini ishlab chiqish;

- Xandon pista plantatsiyalarin zararli organizmlardan himoya qilishning biologik usullarini ishlab chiqish;

- Qoraqalpog‘iston sharoiti uchun istiqbolli terak turlarini aniqlash va ko‘chatlarini yetishtirish agrotexnikasi.

6 nafar ilmiy darajali (shundan, 2 nafar fan doktori (DSc), 4 nafar fan nomzodi (PhD) doktorlik va 1 nafar ilmiy unvonli (katta ilmiy xodim) xodimlar tayyorlandi. 17 nafar oliy ma’lumotli xotin-qizlar ishga qabul qilindi.

Natijada, institutda ilmiy darajali xodimlar soni 26 nafarga (shundan, fan doktorlari 4 nafar, fan nomzodlari 22 nafar) yetkazilib, ilmiy salohiyat 18% dan 47%ga oshirildi.

Oliy o‘quv yuritini tamomlagan 10 nafar iqtidorli yoshlar ilm-fanga jalb qilindi. 7 nafar yosh olimlar xorijiy davlatlar, jumladan, Belarussiya, Vengriya, Turkiya davlatlarining nufzli universitetlariga malaka tajribalarini oshirish va tajribalar almashish maqsadida stajirovkalarga yuborildi.

Malaka oshirish markazida respublika o‘rmon xo‘jaliklaridagi faoliyat yurituvchi 800 nafar mutaxassislarning malakalari oshirildi.

Moddiy-texnika bazasini yaxshilash yo‘nalishida. Oliy ta’lim,fan va innovatsiyalar vazirligining davlat ilmiy-texnik loyiha dasturlari doirasida bajarilgan 6 ta ilmiy loyihalarga ajratilgan 610 mln.so‘m pul mablag‘lari hisobidan institutning 7 ta laboratoriyalari 34 turdagi zamonaviy jihozlar bilan jihozlandi.

Ilmiy-tadqiot va innovatsiyalarni rivojlantirish yo‘nalishida. Institutda ilmiy-texnik loyihalar doirasida qiymati 3,5 mlrd.so‘mga teng 6 ta ilmiy loyihalar (shundan, 4 ta amaliy, 2 ta innovatsiya) bajarildi. Ushbu loyihalar doirasida qo‘yidagi texnologiyalar ishlab chiqilib, amaliyotga tatbiq etildi.

- Orol dengizi qurigan tubining tuproq iqlim sharoitlariga mos cho‘l-buta o‘simliklarini tanlash va genofondini yaratish;

- Andijon, Dehqonobod, Bobotog‘, Qamashi, Saksonota davlat o‘rmon xo‘jaliklarida xandon pistaning mahalliy 13 ta navlaridan kamida 6 ga maydonda, Jizzax viloyati Pistachilik ilmiy tajriba stansiyasida 5,0 ga maydonda xorijiy pistaning “Axmadi”, “Fandugi”, “Akbari” navlarini ko‘paytirish va onalik plantatsiyalarini tashkil etish;

- “Sag-agro” MChJ “In-vitro” laboratoriyasida 13 ta mahalliy pista navlarini mikroklonal ko‘paytirish texnologiyasini ishlab chiqish”

- Tog‘ qiyaliklarida sel oqimlariga qarshi daraxt ko‘chatlarini ildiz tizimi yopiq konteynerlarda yetishtirish texnologiyasini Saksanota va Ohangaron davlat o‘rmon xo‘jaliklarida joriy etish.

Qoroqalpog‘iston Respublikasi Elliqal’a tumani va Jizzax viloyati Jizzax shahrida “Institutning ilmiy ishlanmalarini (patent, texnologiyalar va dasturiy mahsulotlar) tijoratlashtirish” 2 ta ilmiy-amaliy seminarlar tashkil etildi.

“Cho‘l o‘simliklari qalamchalari va nihollarini ekish uchun uchun moslama” foydali model hamda “O‘rmon va yong‘oqmevali ekinlarning ko‘chatlarini konteynerlarda yetishtirish usuli” ishlanma ixtirolariga 2 ta patent va 1 ta “O‘rmon-himoya” dasturiy mahsulotiga guvohnoma olindi.

Nufuzli xorijiy jurnallar, xalqaro hamda respublika anjumanlarida jami 150 dan ortiq ilmiy maqola va tezislar chop etildi.

“Orol dengizining qurigan tubining turli tuproq sharoitlarida cho‘l o‘simliklari nihollarining ko‘karuvchanligini oshirishda polimer nanoelimlardan foydalanish agrotexnologiyasini ishlab chiqish” mavzusidagi innovatsiya loyihasi doirasida ilmiy-tadqiqotlar 2,0 ga maydonda joriy etildi. Tajriba olib borilgan hudud tuproqlarida namlik miqdori 45% ga o‘simliklar ko‘karuvchanligi esa 25-30% ga oshganligi aniqlangan.

“Orolbo‘yi hududlarida intensiv ko‘payadigan texnik va yaylovbop ekinlarning yangi navlarini yaratish va agrotexnologiyasini ishlab chiqish hamda urug‘chiligini tashkil etish” innovatsion loyihasi mavzusidagi Orol dengizi qurigan tubida yaylovzorlar barpo etish uchun o‘rmon xo‘jaliklari ko‘chatxonalarida ozuqabop cho‘l o‘simliklari nihollarini yetishtirish texnologiyasi yuzasidan ilmiy-tadqiqotlar amalga oshirildi. Qoraqalpog‘iston Respublikasining Taxtako‘pir va Mo‘ynoq o‘rmon xo‘jaliklarida 2 gektardan o‘rmon ko‘chatxonasida ozuqabop cho‘l o‘simliklari ko‘chatlari (saksavul, teresken, boyalish, cherkez, keyreuk) yetishtirildi. Bularni yetishtirishda (Rokogumin) o‘stiruvchi moddasidan foydalanilib standart ko‘chatlarini hosildorligi 20% ga oshirildi. Tadqiqotlar davomida umumiy miqdorda 4 ga maydondagi o‘rmon ko‘chatxonasida 3 000 000 dona standart ko‘chatlar yetishtirilib, cho‘l hududlarida o‘rmonzorlar barpo etish davlat dasturi doirasida Orol dengizi qurigan tubining 3000 ga maydonlarida amaliyotga joriy etildi.

“Qurigan Orol dengizi tubi tuproq iqlim sharoitida o‘sadigan daraxt va buta o‘simliklarining genofondini yaratish” mavzusidagi amaliy loyihasi bajarilmoqda. Bugungi kunda Orolbo‘yi turli geografik mintaqalarida qum bo‘ronlari va garmsel shamollariga qarshi yashil oazislar yaratishda 2 gektar maydonga 15 turdagi (qora saksovul, qizil Qandыm, Rixter cherkezi, cho‘g‘on, teresken, boyalыch, keyreuk, izen, solyanokolosnik Belanje, tamariks, efedra, Shobera selitryankasi, Selin, tereza) cho‘l o‘simliklari genofondi yaratish bo‘yicha ilmiy tadqiqot ishlari amalga oshirildi. Joriy yilning yakuni bo‘yicha yana qo‘shimcha 2,0 ga maydonda cho‘l o‘simliklaridan genofondlar barpo etildi.

Orol dengizining qurigan tubidagi botqoqlashgan yerlarda ihota o‘rmonlarini barpo etish uchun zax qochirishning innovatsion texnologiyalarini ishlab chiqish bo‘yicha suvsizlikka bardoshli duragay navlarni yaratish, serhosil navlarning ko‘chatlarini ko‘paytirish hamda genetik resurslarini tashkil etish maqsadida 107 turdagi dolzarb muammolar shakllantirilib, Innovatsion rivojlanish vazirligiga taqdim etildi.

“Tog‘oldi lalmi maydonlarda yeroziya va sel oqimiga qarshi madaniy o‘rmonzorlar barpo yetishda ildiz tizimi yopiq o‘rmon ko‘chatlarini yetishtirishning intensiv texnologiyasini ishlab chiqish” mavzusidagi innovatsion loyihasi amalga oshirildi. Mazkur loyiha doirasida o‘rmon hosil qiluvchi daraxt (qrim qarag‘ayi, do‘lana, shumtol, yeman) ko‘chatlarini yetishtirish texnologiyasi Toshkent viloyati Saksanota davlat o‘rmon ishlab chiqarish korxonasi hamda Ohangaron davlat o‘rmon xo‘jaligida joriy yetish bo‘yicha tadqiqotlar amalga oshirilib, 5600 tup o‘rmon ko‘chatlari yetishtirildi.

O‘rmon fondi yerlarida dorivor shirinmiya-Glycyrrhiza glabra va Oq zira-Poeniculum vulgare mill o‘simliklarini turli tuproq-iqlim sharoitlarida yetishtirishning yuqori hosildorligini ta’minlovchi ilg‘or texnologiyalarni ishlab chiqish mavzusidagi amaliy loyihasi bajarildi, natijada Navoiy viloyati Nurota o‘rmon xo‘jaligining jami 0,75 ga maydonga dorivor oq zira shirinmiya plantatsiyalari barpo etildi. Bugungi kunda ko‘chatlarning ko‘karvuchanligi 65-70 %ni tashkil etgan. Navoiy viloyati Cho‘l hududlarida o‘rmonchilikni rivojlantirish ilmiy markazining jami 0,75 ga maydonga dorivor oq zira va 0,75 ga maydonda shirinmiya plantatsiyalari barpo etildi. Bugungi kunda ko‘chatlarning ko‘karvuchanligi 72 %ni tashkil etdi.

Orol dengizining qurigan qismida yangidan barpo etilgan o‘rmon va yaylov o‘simliklarini kasalliklardan himoya qilish agrotexnologiyasini ishlab chiqish mavzusidagi amaliy loyihasi bajarildi. Natijada, Orol dengizining qurigan tubida barpo yetilgan o‘rmon va yaylov o‘simliklarida monitoring ishlari olib borildi. Monitoring natijasida cho‘l o‘simliklarida 3 turdagi (un shudring, fuzarioz, ildiz chirish) kasalliklar va 34-turdagi zararkunandalar aniqlangan.Saksavul o‘simliklarida aniqlangan kasalliklarga qarshi Redomil gold, fundazol 50%, Dnoks 40%, sporagin fungitsid, shuningdek, saksavul bukur chigirtkasiga qarshi Imitrin 20% biologik preparatlari qo‘llanilgan.

Yangi yaratilgan mahalliy pista navlarini rayonlashtirish bo‘yicha innovatsion loyihasi amalga oshirilib, pistaning yangi mahalliy 13 ta navlarini Qamashi, Andijon, Xo‘jamushkent, Baxmal, Kattaqo‘rg‘on, Dehqonobod, Boysun hamda Bobotog‘ davlat o‘rmon xo‘jaliklarida jami 5,0 ga maydonda rayonlashtirildi.

O‘rmon fondining tog‘oldi maydonlarida xandon pistaning (Pistácia L) xorijiy navlari plantatsiyalarini barpo etish agrotexnologiyasini ishlab chiqish bo‘yicha amaliy loyihasi bajarildi. Natijada O‘zbekiston sharoitida o‘sayotgan xandon pistaning xorijiy navlari – Axmadi, Akbari, Fandugilarni urug‘idan o‘stirilgan plantatsiyalarini aniqlash ishlari o‘tkazildi. Dala tajribalarini o‘tkazish uchun G‘allaorol tumani Pistachilik ITS va fermer xo‘jaliklarida yer maydonlari o‘rganilgan, tomchilab sug‘orish bo‘yicha tajriba o‘tkazish uchun yer maydoni tanlandi; daraxtlarni qurg‘oqchilikka, kasallik va zararkunandalarga chidamliligini baholash ishlari o‘tkazildi.

Istiqbolli dorivor o‘simliklarni “in-vitro” usulida ko‘paytirish texnologiyasini ishlab chiqish va joriy etildi. In-vitro laboratoriya sharoitida mikroklonal usulda uzumning “Rizomat”, gilosning “KR-5”, pavlovniyaning “Shang Tong” navlari hamda dorivor golubikaning 5000 tup ko‘chatlari yetishtirildi.

Ildiz tizimi yopiq konteynerlarda payvandlangan pista ko‘chatlarini yetishtirish texnologiyasini joriy etish orqali Jizzax viloyati Pistachilik ilmiy tajriba stansiyasida ildiz tizimi yopiq polietelen qopchalarda mahalliy pista navlarining 1500 tup payvandlangan ko‘chatlari yetishtirildi. Tajriba xo‘jaligi maydonining 4,0 ga maydonida pista plantatsiyalarini barpo etish uchun yerlar shudugorlanib, ko‘chat ekishga tayyorlab qo'yildi.