Istirohat bog‘lari, xiyobonlar va avtomobil yo‘llarida manzarali daraxtlarni ekish, parvarishlash, zararkunanda va kasalliklarga qarshi kurash hamda shakl berish Istirohat bog‘lari, xiyobonlar va avtomobil yo‘llarida manzarali daraxtlarni ekish, parvarishlash, zararkunanda va kasalliklarga qarshi kurash hamda shakl berish
Ko‘kalamzorlashtirish sohasida ko‘p yillar mobaynida olib borilgan tadqiqotlar asosida manzarali daraxtzorlarda ko‘chatlarni turlicha ekish sxemasi tavsiya etiladi. Shaharlarda va Avtomobil yo‘llari chekkalarini ko‘kalamzorlashtirish uchun yirik shtambli ko‘chatlardan foydalaniladi. Asosan 4 metr balandlikda va diametri 5-10 sm bo‘lib ildiz tuprog‘i (komi) tana diametrini 10 barbari olinadi. Ildiz tuprog‘i bilan ko‘chatlarni tashishda turli konteynerlar mavjud. Yirik ko‘chatlarni ekish chuqurini avvaldan tayyorlab qo‘yiladi.
Manzarali daraxtlar ko‘chatlari barglar to‘kilgandan so‘ng kech kuzda yoki bahorda vegetatsiya boshlanmasdan ekiladi. Bahorda ishlarni tezlatish uchun ekiladigan joylarni tayyorlash va chuqurchalarni qazish ishlari kuzda bajariladi. Ekish uchun chuqurchalarni qo‘lda yoki mashina yordamida qaziladi. Chuqurchalarning kattaligi shunday bo‘lishi kerakki, unda ildiz tarmoqlari bemalol joylashishi lozim (50×50×50 sm dan 70×70×70 sm gacha). Ko‘chatlar ikki-uch yoshli va standart bo‘lishi kerak. Ular yaxshi rivojlangan, mexanik zararlanmagan bo‘lishi zarur. Ekishdan oldin zararlangan ildizlar kesib tashlanadi, so‘ng ildiz qismini loy va go‘ng aralashmasidan iborat bo‘lgan quyuq massaga botirib olinadi.
Oziqlantirish. Ekishdan 6-8 kun oldin chuqurchalarga 10 kg chirigan go‘ng yoki 300 g, superfosfat, 60 g kaliyli tuz va 60 g ammoniy sulfati solinadi. Ushbu miqdorning yarmi chuqurcha tubiga, ikkinchi yarmi yuqoridagi chirindili tuproq bilan aralashtiriladi va u bilan chuqurga solinadi.
Sifatli chuqurlar kovlashda ip tortish asosiy tabdirlardan biridir.
Ko‘chatlarni qishdan oldin o‘g‘it yoki biogumus va gidrogel tayyorlab olinadi.
Ekilgandan so‘ng atrofiga aylana shaklda ariqchalar olinadi (1,0-1,2 m diametrli) va yaxshilab sug‘oriladi. Ildiz bo‘g‘izi ochilib qolsa uni tuproq bilan berkitib qo‘yiladi. Qurib qolgan ko‘chatlarni o‘rniga kuzda yoki keyingi yilgi bahorda yangilari ekib qo‘yiladi.
Yashil daraxtzorlarda tutunga va gazga chidamliligini oshirish usullaridan biri ularga parvarishlash davrida mineral o‘g‘itlarni berishdir. Sug‘oriladigan yerlarda ko‘chatlarini ostiga 90-120 kg dan azot va fosfor (270-360 kg ammiakli selitra yoki 45-60 kg ammoniy sulfati va 450-660 kg oddiy donador superfosfat) beriladi.
Sug‘oriladigan yerlarda 150 kg/ga azot (450 ammiakli selitra yoki 750 kg ammoniy sulfati) va 120 kg/ga fosfor solinadi (600 kg/ga superfosfat). Sug‘orilmaydigan joylarda 60-90 kg/ga azot (180-270 kg ammiakli selitra yoki 300-450 kg/ga ammoniy sulfati), 60 kg/ga fosfor (335 oddiy superfosfat) va 30 kg/ga kaliy (75 kg/ga kaliy tuzi) beriladi.
Sug‘oriladigan yerlarda mineral o‘g‘itlarni berishning o‘ziga xos xususiyatlari mavjuddir. Ularni o‘g‘itlash daraxtzorlarni sug‘orish bilan bog‘liq. Shuning uchun azotli va fosforli o‘g‘itlarni uch marta beriladi – aprel, may va iyunda.
Aprelda 50 % azot va fosfor, qolganlari esa may va iyunda – ikkinchi sug‘orishdan oldin beriladi. Kaliy tuzlarining 50 % i yozgi oziqlantirish shaklida solinadi. Uch yil ketma-ket o‘g‘itlar beriladi. Ularning taʼsiri keyingi 3-4 yilda ham namoyon bo‘ladi.
Daraxtzorlardagi yosh ekinlarida barcha maydon o‘g‘it solish maqsadga muvofiq emas, chunki yosh nihollar ildiz tarmog‘i tarqalgan maydondagi oziq moddalardan foydalanadilar. Shu boisdan chegaralangan maydonga yaʼni ko‘chatlar atrofida 1–1,5 m diametrda o‘g‘it berish lozim. O‘g‘itlarni yuqori agrotexnik fonda ayniqsa vaqtida sug‘orilganda, tuproq yumshatilganda va begona o‘tlarga qarshi kurash olib borilganda berish maqsadga muvofiqdir.
Manzarali daraxt ko‘chatlarini yaxshi o‘sishi va rivojlanishi uchun vegetatsiya davomida tuproqqa ishlov berish, sug‘orish, o‘g‘itlash, daraxtlarning shox-shabbasiga shakl berish, begona o‘simliklarni olib tashlash, zararkunanda va kasalliklarga qarshi kurash tadbirlarini o‘z vaqtida olib borish lozim bo‘ladi.
Yashil daraxtzorlarda tuproq yumshoq va toza holda saqlanishi kerak, begona o‘tlar bo‘lmasligi zarur. Buning uchun qatorlar ichi va qatorlar oralig‘i tuprog‘i yumshatiladi, yillik yong‘ingarchilik miqdori 800-850 mm dan kam bo‘lgan rayonlarda ko‘chatlar sug‘orib turilishi lozimdir. Birinchi yillari 6-8 marta 600-700 m3/ga miqdorda suv beriladi, keyingi yillari 4-5 marta 900-1000 m3/ga miqdorda sug‘oriladi. Novdalar to‘liq yog‘ochlanishi uchun sug‘orish avgustning ikkinchi yarmida to‘xtatiladi.
Sug‘orilmaydigan joylarda parvarish ishlari tuproqda namlikni saqlashga qaratilishi lozim. Bahorda yer (qatorlar orasi va qatorlar ichi) haydalanadi, azotli o‘g‘itlar qo‘shiladi, so‘ng 1-2 marta kultivatsiyalanadi, namlikni yig‘ish uchun tuproq kuzda haydaladi va fosfor – kaliy o‘g‘itlar beriladi.
Yangi ekilgan daraxt ko‘chatlari ildiz olib ketguncha o‘z vaqtida sug‘orib turilishi lozim.
Asosiy zarakunanda va kasalliklarga qarshi kurash choralari. Ko‘klamzorlashtirilgan xududlardagi bir qancha daraxt turlari, jumladan nina bargli va yaproq bargli, buta o‘simliklarning sanitar holati xozirda xam qoniqarsizligicha qolmoqda.
Yashil hududlarga asosan bargxo‘r, so‘ruvchi, tana zararkunandalar va kasalliklarda zang, qo‘ng‘ir dog‘lanish, un shuduring, parsha, sitosporoz zamburug‘lik kasalliklar katta zarar keltirmoqda.
Zarakunanda va kasalliklar ommaviy ko‘payish yilida o‘simliklarni nafaqat zarar keltiribgina qolmay, balki ularning nobud bo‘lishiga ham sabab bo‘lmoqda.
Hozirgi kunda tavsiya etilayotgan ko‘plab usullar ichida kimyoviy kurashga muqobil variant sifatida mikrobiologik kurash usullari ham tavsiya etilmoqda. Mikroorganizmlar va ulardan tayyorlangan biopreparatlarni kasallik va zararkunandalarga qarshi qo‘llashda inson organizmi, issiqqon jonzotlar, changlatuvchi xashoratlar umuman olganda atrof muxit uchun bezarar usullardan hisoblanadi.
Shahar hududidagi o‘simliklarda tarqalgan asosiy zararkunanda va kasalliklarga qarshi biologik kurash chora-tadbirlari: bargxo‘r zarakunandalarga biologik preparatlardan Prestij gektarga 4-6 litr sarf meʼyorida, so‘ruvchi zarakunandalarga Prestij plyus yoki Lepidotsid gektariga 1-1.5 litr sarf meʼyorida mavsum davomida 2-3 marotaba ishlov berish tavsiya etiladi.
Zang, qo‘ng‘ir dog‘lanish, un shudring, parsha, sitosporoz zamburug‘lik kasalliklariga Sporangin gektariga 4-6 litrsarf meʼyorida yoki Fitolavin gektariga 1-2 litr sarf meʼyorida mavsum davoiida 2-3 marotaba ishlov berish tavsiya etiladi.
Butash turlari. Daraxtlarni butash 3 xil maqsadda amalga oshiriladi: shakl berish, sanitar va yashartirish.
Shakl berish uchun butash quyidagi maqsadlarda amalga oshiriladi:
Daraxt shakli va ko‘rininishi manzarali holatga keltirish;
Daraxtlarning o‘sishi davomida: elektr yoki telefon simlariga xalaqit bergan taqdirda; binolar derazalariga haddan ziyod soya tashlab turgan bo‘lsa; qimmatbaho manzarali daraxt va butalar o‘sib rivojlanishi uchun yorug‘likni to‘sib turgan bo‘lsa; gulzorlar va chim ekilgan maydonlar quyuq soyada qolib ketgan bo‘lsa amalga oshiriladi.
Sanitar butash quyidagi maqsadlarda amalga oshiriladi:
Kasal, qurib boshlagan, chala singan, osilib xunuk holatga kelib qolgan novdalarni olib tashlash;
Chirmashib, chalkashib qiyshiq o‘sayotgan novdalarni kesish;
Daraxt shtambidagi mayda bachkilardan xolos etish;
Daraxt novdalari orasidan yorug‘lik va shamol o‘tishini teng taqsimlash maqsadida novdalarni siyraklashtirish.
Yashartirish uchun butash quyidagi maqsadlarda amalga oshiriladi:
Daraxt fiziologik qarish darajasiga yetganda, yaʼni u yillik o‘sishdan to‘xtagan davrda;
Daraxtning tepasi va ayrim novdalarning uchlari quriy boshlaganida;
Daraxt manzarali ko‘rinishini yo‘qotayotganda;
Bolalar maydonchasiga, piyodalar yo‘laklariga, uylarning va xizmat tashkilotlarining chiqish qismi va tomlariga qiyshayib sinib tushish xavfi bo‘lgan daraxt novdalarini bartaraf etiladi.
Shox-shabbasi 5-6 yil davomida shakllantiriladi, sanitar maqsadida kesishlar o‘tkaziladi. Shtamb balandligi 70-80 sm, kuchli o‘suvchi navlarda esa 110-120 sm bo‘ladi. Kuchsiz novdalar olib tashlanadi. Faqat yaxshi rivojlanganlari qoldiriladi, ular tananing hamma tomonlarida joylashishi kerak va o‘sganida bir-biriga halaqit bermasligi lozim. Ushbu novdalarda yarim skeletli va o‘suvchi novdalar shakllantiriladi, bularda hosil paydo bo‘ladi.
Daraxtlarning yoshi oshib borishi bilan, qarishi boshlangan davrida va novdalarini sovuq ursa yoki qurib qolsa, unda ular ko‘proq kalta qilib kesiladi, so‘ng shox-shabbasi to‘g‘rilanadi va keyinchalik odatdagi kesish ishlarini bajaradilar. Shox-shabbaga parvarish ishlarini bajarishda birinchi navbatda quriyotgan novdalar.
Shox-shabbasini ichiga qarab o‘sayotganlari, hamda bir-biriga tegib turganlari, kuchsizlari kesib tashlanadi. Ildiz bo‘g‘izidan o‘sib chiqqan bachki novdalar kesib tashlanadi. Novdalarni bahorda, shirasi harakati boshlanmasdan oldin kesiladi. Chunki biroz kechiktirilsa kesilgan joydan sharbatlari oqib turishi kuzatiladi.
Agar yo‘g‘on novdalar kesiladigan bo‘lsa, u holda kesilgan joyga yog‘li buyoq surtiladi, aks holda kesilgan joyda zararkunandalar va kasallik paydo bo‘lib shoxni chirishiga olib keladi.
Shox-shabbasiga shakl berish va zichlantirib ekilgan turlarni ortiqcha shoxlarini kesishda mevachilikda qabul qilingan tavsiyalarga rioya qilinadi. Daraxt shtambini va skeletli shoxlarini quyosh nuridan saqlash uchun kuzda ularga so‘ndirilgan ohak, loy va go‘ng aralashmasi surtiladi.
Daraxtlarning novdalarini qisman kesib shakl berish o‘suvchi novdalarni kuchaytirish bilan birga gullashiga ham ijobiy taʼsir etadi. Bunda kesish uchun daraxtning rivojlanmagan novdalari tanlanadi. Daraxtning yoshi ulg‘ayganidagan keyin qari novdalar kesib, yosh novdalarning o‘sishiga sharoit tayyorlanadi. Bunda qarigan novda asosiy poyadan yarim metr qoldirib kesiladi, yaʼni kesilgan joydan keyinchalik yangi novdalar o‘sib rivojlanishiga sharoit yaratiladi.
Daraxtga shakl berish ishlari kuz va qish oylarida bajariladi. Kesilgan joydan daraxtning shirasi chiqib ketmasligi uchun yog‘li bo‘yoq surtib qo‘yiladi. Kesilgan novdadan erta bahorda yangi novda bachkilari rivojlana boshlaydi. Ular orasidan yaxshi rivojlangan 2-3 ta novdachalarni qoldirib boshqalari kesib tashlanadi.
Oq tut, qoratut, oq terak, majnuntol va shunga o‘xshash daraxtlarni yashartirish maqsadida eski novdalari qarigan davrda qisqartiriladi. Bu tadbirlarni amalga oshirgandan so‘ng daraxt atrofidagi yerning haydalma qatlamiga kompost bilan ishlov berish, bahorda esa go‘ng sharbati aralashtirib sug‘orish yaxshi samara beradi.
Yirik shoxlarni kesish
Xiyobon va istirohat bog‘lardagi manzarali daraxtlarga shakl berishda ularning bo‘yi va diametrlarining bir xil ko‘rinishda bo‘lishiga ahamiyat beriladi, novdalari yirik ko‘rinish hosil qilganlarining uchlari chilpib qatordagi boshqa daraxtlarga tenglashtiriladi.
Manzarali butalarga shakl berish ishlari doimiy ravishda olib borilishi kerak. Bir necha yil qarovsiz qolgan, vaqtida shakl berilmagan butalarni tartibga keltirish ancha qiyinchilik tug‘diradi.
Baʼzi hollarda “yashil devor” sifatida ekilgan mayda daraxt yoki butalar shakl berib bo‘lmas darajada tartibsiz o‘sib ketgan bo‘lsa, ular tagidan kesib tashlanadi, yaʼni “yashil devor” vaqtinchalik bartaraf etiladi.
2-3 yil o‘tib ular yangi novdalar bera boshlagach shakl berish yana davom ettiriladi, 5 yildan keyin “devor” qayta tiklanadi. Bu ishlarni erta bahorda, yaʼni o‘simlikda shira harakati boshlanmasdan oldin bajarish maqsadga muvofiq. Yashartirilgan daraxt va butalar o‘z vaqtida o‘g‘it bilan oziqlantirib va sug‘orib turiladi.
Ko‘chatlarni butash va shakl berish
Bunda:
- butash va shakl berish mumkin emas;
- butash va shakl berish shart;
- butash va shakl berish shart emas.
Butash va shakl berish mumkin emas
Butash va shakl berish mumkin bo‘lmagan ko‘chat turlariga qrim va eldor qarag‘ayi, qoraqarag‘ay (el), eman, oq qayin (beryoza), kedr, sekvoyyadendiron.
Butash va shakl berish shart
Tut, sofora, qayrag‘och, jiyda, na’matak, forzitsiya, doim yashil butalar, mevali ko‘chatlarning barcha turlari va boshqa ba’zi turlar.
Baʼzi hollarda butalar yangi novda chiqarishi uchun sharoit yaratish maqsadida ikkita yirik novda qoldirilib holda yalang‘och holatda butaladi va qoldirilgan novdalarning uchi chilpib tashlanadi. Buta kattaroq hajm berishi uchun qoldiriladigan novdalar tananing 2 yonidan qoldirish mumkin.
Yuqorida taʼkidlab o‘tilgan tadbirlarni ninabargli daraxtlarda qo‘llash tavsiya etilmaydi, chunki ular to‘rtinchi yilga borib yangi novda chiqarishni to‘xtaydi, yaʼni novdalar yangilanmaydi. Odatda novdalar yarim qurigan ninabargli daraxtlar shunday holatda qoldiriladi yoki kesib tashlanib o‘rniga yangisi ekiladi. Daraxtlarni butash uchun eng qulay asbob tokqaychi hisoblanadi. Yirikroq novdalarni katta qaychi yoki motoarrada kesish mumkin.
Chiroyli manzara beradigan “yashil devor”lar yillar davomida shakllanadi. Bunday tadbirlarni amalga oshirish uchun ildiz tarmog‘i yaxshi rivojlangan, bo‘yi pastroq xushmanzara beradigan buta ko‘chatlarini tanlash kerak.
Betartib (qarovsiz) o‘sib ketgan “yashil devor”ni kesib tashlab yangidan shakl berish
Manzarali butalarni yashartirish jarayonida uning kuchini yo‘qotgan pastki shoxlari kesib tashlanadi. Shunday qilganda butalarning kesilmay qoldirilgan shoxlariga ko‘proq yorug‘lik va harorat boradi, ildizdan so‘riladigan suyuqlik yoshroq novdalarga ko‘proq borishi natijasida kesilmay qolgan yoshroq novdalar yaxshi o‘sib rivojlanadi.
Novdalarining uchidan gul chiqaradigan o‘simliklarga (yapon behisi, bodom, forzitsiya, jasmin, spireya, nastarin, hind nastarini, suriya atirguli (gibiskus) va b.) shakl berish ishlari yoz oylarida, yaʼni gullash jarayoni yakunlangandan keyin amalga oshiriladi. Ularga shakl berishda novdaning uchdan bir qismigacha chilpib tashlanadi.
Buta o‘simliklari tez o‘sganligi sababli katta daraxt ko‘chatlariga nisbatan tez-tez butalib yashartirib turiladi. Katta daraxtlardan majnuntol, oq terak, mayda bargli jo‘ka, qayrag‘och, pensilvan shumtol, dala zarangi, oddiy soxta kashtan, oddiy eman kabilarni butab yashartirilsa, yaxshi o‘sib rivojlanadi. Qrim qarag‘ayi, eldor qarag‘ayi, qora qarag‘ay, virgin archasi, g‘arb tuyasi, sharq biota (platikladus), pixta kabi nina bargli daraxtlarning qurigan, qiyshaygan, bir-biriga xalaqit bergan novdalari kesiladi, bularni haddan ziyod ko‘p butalsa qurib qolish ehtimoli bor.
“Yashil devor” sifatida ekilgan butaning ekilgandan shakl berish jarayoniga qadar o‘sish sxemasi
Daraxtlar butab yashartirishning maqbul muddati shira harakati boshlanishidan oldin fevral-mart (o‘simlik suyuqligi harakatga kelishidan oldin) yoki oktyabr-noyabr shira harakati to‘xtaganidan keyin (qishgi tinch holatga ketishidan oldin) oylari hisoblanadi. Yashartirilgan o‘simliklarni parvarishlash tadbirlariga o‘simlik atrofi tuproqlarini yumshatish, organik va mineral o‘g‘itlar bilan oziqlantirish va sug‘orish ishlari kiradi. Daraxt tanasini parvarishlashda undagi chirib boshlagan yarasimon dog‘larni yaxshilab tozalab, mis kuporosi yoki daraxt shoxlari kesilganda suriladigan maxsus eritma (sadoviy var) bilan ishlov beriladi hamda yog‘li bo‘yoq bilan plombalab qo‘yiladi.
Turlicha shakl berilgan “yashil devor”larning ko‘ndalang kesimi bo‘yicha sxemasi
Qurib boshlagan daraxtlarni tamg‘alash ishlari yoz oylarida, yaʼni qurishi yaqqol sezilgan davrda amalga oshiriladi. Qurigan daraxtlar kesilgandan keyin undan to‘nka alohida olib tashlanadi. Baʼzi hollarda daraxtdan qolgan to‘nkalar yoqib yuborish orqali amalga oshiriladi. Har ikkala holatdan so‘ng to'nkaning o‘rni tuproq bilan to‘ldirilib tekislanadi.