Ko‘chatlarni ekish
Tuproqni haydalma qatlamiga kerakli chuqurlikda ishlov berilishi daraxtlarning o‘sib rivojlanishiga qulay sharoit yaratadi. Tuproqqa chuqur ishlov berish o‘simlikning ildiz tizimining rivojlanishini yaxshilaydi. Ayrim adabiyotlarda daraxt turlari organik moddani madaniy va qishloq xo‘jaligi ekinlaridan ko‘ra kam talab etadi. Demak ularni oziq elementlari kam bo‘lgan tuproqlarga eksa ham bo‘laveradi, degan noto‘g‘ri fikrlar uchraydi. Shuni taʼkidlash kerakki, daraxtlar rivojlanishining har xil bosqichida oziq elementlarni turlicha talab etadi. Ayniqsa, o‘sish davri kuchaygan paytda (10 yoshdan keyin) mineral moddalarni juda ko‘p talab qiladi. Chunki bu davrda barglar, novdalar kuchli darajada shakllanayotgan bo‘ladi. Bu davrda ozuqa moddalarning yetishmasligi ularning kasallanishiga olib keladi, yaʼni o‘sishi sekinlashib tepa qismi quriy boshlaydi. Bu holat daraxtga oziq elementlarning yetishmasligidan darak beradi. Ko‘chatlar ekishda va ularni parvarishlashda bu holatga albatta eʼtibor qaratish kerak. Baʼzan, ko‘chatlar ekilgandan keyin dastlabki yillar o‘sishi tezlashib, keyinchalik sekinlashib boradi. Misol uchun, oddiy eman oziq elementlari kam, qumli tuproqlarga ekilgan bo‘lsa, yoshligida jadallik bilan o‘sadi, keyinchalik tuproqdan yetarlicha oziq elementlarini ololmasdan o‘sishi sekinlashadi. Tuproqning unumdorligi daraxtlarning o‘sib rivojlanishida muhim ahamiyatga ega. Masalan, 100 yoshli qrim qarag‘ayi oziq elementlarga boy tuproqlarda (birinchi bonitet) bo‘yi 35 m gacha yetadi. Unumdor tuproqlarda daraxtlarning yaxshi rivojlanishini ularning shox-shabbalarining ertaroq shakllanishi va boshqalariga nisbatan qalinroq bo‘lishi bilan ham izohlash mumkin.
Daraxtlarning normal rivojlanishi uchun yana bir muhim omil – bu tuproqning fizikaviy sharoitlaridir. Tuproq qancha yumshoq bo‘lsa, daraxt ildiz tizimining o‘sishi, shoxlanishi uchun qulay sharoit yaratiladi. Masalan, qoraqarag‘ayning ildizi odatda gorizontal shaklda tarqaladi, lekin ayrim yumshoq tuproqlarda ildiz vertikal o‘sib hatto o‘qildizni ham shakllantirishi mumkin.
Daraxtlarning suv bilan taʼminlanishida ham tuproqning fizikaviy xususiyatlari muhim ahamiyatga ega. Maʼlumki, qumli tuproqlar o‘zida namlikni kam ushlab qoladi, loyli og‘ir qumoq tuproqlar esa namlikni ko‘p saqlab turish evaziga daraxt ildiz tizimi rivojlanishiga yaxshi taʼsir etadi.
Daraxtlarning oziq elementlariga bo‘lgan talabi ularning turlariga qarab turlicha bo‘lishi mumkin. Pensilvan shumtoli, mayda bargli qayrag‘och, mayda bargli jo‘ka, qoraqarag‘ay (el) daraxtlari oziq elementlariga birmuncha talabchan daraxtlar hisoblanadi. Oddiy eman daraxti har xil tuproq sharoitlarida o‘sishi bilan boshqalardan ajralib turadi. Uni tog‘larning quruq qiyaliklarida, sho‘rxok tuproqlarda, bo‘z tuproqlarda, daryo yoqalaridagi chirindiga boy tuproqlarda, qumli tuproqlarda uchratish mumkin. Oddiy emanning ildiz tizimi yaxshi rivojlangani uchun ildizlari 5-6 m chuqurlikkacha yetishi mumkin.
Suvsizlikka chidamli daraxt turlari (chakanda, dala zarang, aylant, oq terak, mayda bargli qayrag‘och, pensilvan shumtoli yapon tuxumagi va boshkalar)ni odatda qurg‘oqchil tuproqlarga ekish tavsiya etiladi.
Oq qayin sernam tuproqlarni yaxshi ko‘radi, soxta kashtan mayda bargli jo‘ka, oddiy shumurt (cheremuxa) unumdor tuproqlarda yaxshi o‘sadi, faqat vaqtida sug‘orib turilishi talab etiladi.