Ko‘kalamzorlashtirish uchun yer maydonlarni tanlash
Ko‘kalamzorlashtirish uchun avval o‘sha joyning relyefi, tabiiy-iqlim va tuproq sharoitlari o‘rganiladi. So‘ngra navbat bilan quyidagi ishlar bajariladi: maydon qurilish qoldiqlaridan tozalanadi, qurigan daraxt shox-shabbalari, to‘nkalari olib tashlanadi, maydon tekislanadi. Ko‘kalamzorlashtiradigan maydonda daraxtzorlar bo‘lsa tartibga keltiriladi, yaʼni kasallangan daraxtlar va butalar kesiladi. Agar kasallangan daraxtlar tanalarida kovaklar bo‘lsa ular plombalanadi, zarur bo‘lsa shakl beriladi. Yig‘ilgan organik qoldiqlar bo‘lsa chiqarib tashlanadi. Kasal daraxtlarni kesishda ularning ildiz tizimi ham kovlab olinadi. To‘nkalarni yoki axlatlarni maydonga ko‘mish mumkin emas, chunki keyinchalik bu yerlarda chuqurchalar paydo bo‘lishi mumkin.
Ekiladigan maydonni tekislash jarayonida og‘ir loyli tuproq va mayda qurilish chiqindilarini tekislash ishlarida qo‘llash mumkin. Bunda ular tabiiy tuproq bilan 50/50 nisbatda aralashtiriladi. Chuqurlarni tekislashda daraxtlar uchun zararli bo‘lgan fabrika va zavodlarning zaharli chiqindilarini qo‘llash mumkin emas. Zarur bo‘lsa chuqurlarni yengil, o‘rta, og‘ir qumoqli tuproqlardan olib kelib to‘ldirish talab etiladi. Chunki bunday tuproqlar ancha madaniylashgan hisoblanib, o‘zida zarur oziq elementlarini saqlashi bilan birga suv, havo rejimini ham yaxshi ushlab turadi.
Rejalashtirilgan barcha ishlar tugagandan keyin tuproq chopiq qilinadi. Loyihadagi ishlarni amalga oshirish uchun uchastkaning ishchi chizmasiga mos ravishda po‘lat lentali o‘lchov asbobidan foydalaniladi.