Matbuot anjumani: O‘rmon bizga borliqning tuhfasidir!
Ma'lumki, o‘rmonlar – respublikada ekologik vaziyatni yaxshilash va uning salbiy oqibatlarini oldini olishda, tabiatni asrab-avaylashda muhim komponent hisoblanadi. Shuningdek, joylarda o‘rmon xo‘jaliklari mavjud o‘rmonlarni qo‘riqlash, himoya qilish, iqlim sharoitdan kelib chiqqan holda tog‘, cho‘l, vodiy hududlarida shamol, tuproq eroziyasiga qarshi himoya o‘rmonzorlarini barpo qilish va unga oid tadbirlarni amalga oshirish kabi vazifalarni bajaradi. Eng muhim vazifamiz- daraxtzor va butazorlarning barcha resurslarini saqlab qolgan holda kelajak avlodga shundayligicha yetkazishdir.
Yer yuzining barcha xududlarida usuvchi turli tipdagi o‘rmonlar sayyoramizning “Gigant kislorod fabrikasi” sifatida yer atmosferasiga doimiy ravishda kislorod ajratadi, inson va barcha tirik organizmlarni yashashi uchun qulay sharoitni yuzaga keltiradi.
2017 yilning 11 mayiga qadar Respublika o‘rmon xo‘jaligi tizimi O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi tarkibida O‘rmon xo‘jaligi bosh boshqarmasi sifatida faoliyat yuritib keldi.
Respublikamizda 1990 yilgacha umumiy o‘rmon fondi yer maydoni 2,5 mln gektar, o‘rmonzorlar maydoni 1,2 mln gektarni, shuningdek o‘rmon xo‘jaligini yurituvchi sub'ektlari soni 46 tani tashkil etgan.
Hozirda o‘rmon fondining umumiy yer maydoni 11,8 million gektarni, shundan o‘rmon bilan qoplangan yer maydonlari esa 3,4 million gektarni, ya'ni 7,7 foizni tashkil qiladi.
Oxirgi yillarda o‘rmon xo‘jaligi sohasiga alohida e'tibor qaratildi. Muhtaram Prezidentimiz ta'biri bilan aytganda “Vaqti kelib o‘rmon xo‘jaligi – yirik sohaga aylanishi zarur”.
O‘rmonzor va butazorlar maydonlarini kengaytirish, ularni muhofaza qilishga oid, shuningdek barcha parametrlarni rivojlantirish borasida keng miqyosda islohotlar olib borildi. Hozirda davlat o‘rmon fondining umumiy maydoni 12 mln gektarni tashkil etadi. Jumladan, daraxt va butalar urug‘larini jamg‘arish o‘tgan davr mobaynida har yili o‘rtacha 100-140 tonna jamg‘arilgan bo‘lsa, 2017 yilda 290 tonna, 2023 yilda o‘rtacha 1,0 ming tonna jamg‘arildi.
2017 yilda 40 turdagi 51 mln. dona nihol va ko‘chatlar yetishtirilgan bo‘lsa, 2023 yilda 70 turdan ortiq 120 mln. dona nihol va ko‘chatlar yetishtirildi. Ignabarglilar 10 tur, tez o‘suvchi va yaproqbarglilar 26 tur, mevalilar 15 tur, yong‘oqmevalilar 4 tur, cho‘l o‘simliklari 7 tur, har xil turdagi manzarali butalar 13 turni tashkil etadi. Jumladan, tut daraxti ko‘chatlarini yetishtirish 2017 yilda 2,5 mln. dona yetishtirilgan bo‘lsa, hozirgi kunga (2023y.) kelib 32 mln. donaga yetkazildi.
Ta'kidlash joizki, o‘rmon xo‘jaliklari tomonidan har yili 42-44 ming gektar maydonda o‘rmon barpo qilish ishlari bajarilgan. Ushbu ko‘rsatgich 2017 yilda jami 46,9 ming gektar maydonda amalga oshirilgan bo‘lsa, 2022 yil 233 ming gektar maydonda (o‘sish 5 barobar) o‘rmon barpo qilish va qayta tiklash ishlari amalga oshirildi.
Shu jumladan, Orol dengizining suvi qurigan tubida 2018 yilda 18,9 ming gektar maydonda qurg‘oqchilikka chidamli cho‘l o‘simliklaridan himoya o‘rmonzorlari barpo etilgan. Oxirgi yillarda (2018-2023 yy.) amalga oshirilgan keng ko‘lamli ishlar natijasida ushbu hududlarda jami 1,7 mln. gektar maydonda yangidan saksovul, qoraburoq, cherkez, qandim kabi cho‘l o‘simliklaridan “yashil qoplamalar” barpo etilib, ijobiy natijalarga erishildi.
Dorivor va oziq-ovqatbop o‘simliklar turlari 2017 yilda 45 turdagi madaniylashtirilgan plantantsiyalardan 4,0 ming tonna xomashyo yetishtirilgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib turlari 65 turi 9000 tonnaga xomashyo yetishtirildi.