Nizom
Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 19 iyuldagi 530-son qaroriga 1-ilova
O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi to‘g‘risida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasining (keyingi o‘rinlarda Qo‘mita deb ataladi) maqomi, asosiy vazifalari va funktsiyalari, huquqlari va javobgarligi, shuningdek faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.
2. Qo‘mita o‘rmonlarni barpo etish, ko‘paytirish, qayta tiklash, muhofaza qilish va qo‘riqlash, ulardan oqilona foydalanish, shuningdek o‘rmon-ov, ov xo‘jaligini yuritish, qo‘riqxonalar, milliy tabiat bog‘lar va tizimdagi boshqa muhofaza etiladigan tabiiy hududlar ishlarini tashkil etish va yuritishda yagona davlat siyosatini amalga oshiruvchi davlat boshqaruvi organi hisoblanadi.
3. Qo‘mita O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga bo‘ysunadi va hisobot beradi.
4. Qoraqalpog‘iston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi qo‘mitasi, viloyatlar o‘rmon xo‘jaligi boshqarmalari (keyingi o‘rinlarda hududiy boshqarmalar deb ataladi), O‘rmon xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot instituti, Davlat qo‘riqxonalari, milliy tabiat bog‘lari va ovchilik xo‘jaliklari boshqarmasi, «O‘rmonloyiha» davlat unitar korxonasi, «Shifobaxsh» dorivor o‘simliklarni yetishtirish va qayta ishlash markazi hamda O‘rmon va dorivor o‘simliklar urug‘chiligi tahlil markazi, shuningdek qo‘mita tizimiga kiruvchi boshqa tashkilotlar (keyingi o‘rinlarda Qo‘mita tizimiga kiruvchi tashkilotlar deb ataladi) O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasining yagona tizimini tashkil etadi.
5. Qo‘mita o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, ushbu Nizomga, shuningdek boshqa qonun hujjatlariga amal qiladi.
6. Qo‘mita o‘z faoliyatini davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, nodavlat notijorat tashkilotlar, xorijiy va xalqaro hamda boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikda amalga oshiradi.
7. Qo‘mitaning o‘z vakolatlari doirasida qabul qilgan va normativ-huquqiy tusga ega bo‘lgan qarorlari davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar, xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar va fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiydir.
8. Qo‘mita yuridik shaxs hisoblanadi, O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasviri va o‘z nomi tushirilgan muhr va blankalarga, mustaqil balansiga, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining G‘aznachiligida hisob raqamlariga, bank, shu jumladan chet el valyutasidagi hisob raqamlariga ega bo‘ladi.
9. Qo‘mitaning joylashgan yeri (pochta manzili): Toshkent viloyati, Qibray tumani, Universitet ko‘chasi, 2-uy, 100140.
2-bob. Qo‘mitaning vazifalari va funktsiyalari
10. Quyidagilar Qo‘mitaning asosiy vazifalari hisoblanadi:
o‘rmon boyliklarini har tomonlama kengaytirish va ulardan oqilona foydalanishga qaratilgan o‘rmon xo‘jaligi sohasida yagona davlat siyosatini yuritish;
o‘rmon to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish va ularga rioya etilishini amaliy nazorat qilish;
o‘rmon fondi va muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni samarali boshqarishni tashkil etish, o‘rmon barpo etish, ularni qayta tiklash, qo‘riqlash, muhofaza qilish, o‘rmonlardan oqilona va tejamli foydalanish;
respublikamizda o‘rmonlarni tiklash va ihota o‘rmonlarini ko‘paytirish chora-tadbirlarini ishlab chiqish va amalga oshirish, tog‘ yonbag‘irlari, jarliklar va tashlandiq yerlarda eroziyaga qarshi daraxtzorlar barpo etish ishlari bajarilishini tashkil qilish;
o‘rmon fondini, fauna va florasini o‘rganish hamda ularning qat’iy hisobini yuritish, o‘rmon xo‘jaligini yuritish amaliyotiga fan yutuqlari va ilg‘or tajribani joriy etish;
o‘rmonlarni yong‘inlardan, zararkunanda va kasalliklardan, noqonuniy daraxt kesishdan va boshqa o‘rmon to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining buzilishlaridan muhofaza qilish;
manzarali o‘simliklar ko‘chatlari va urug‘larini sertifikatlash va standartlashtirishning yagona tizimini ishlab chiqish hamda joriy qilishni tashkil etish;
o‘rmon xo‘jaliklarida bir-biriga bog‘liq bo‘lgan xo‘jalik faoliyatini kengaytirish va rivojlantirish, ko‘chat yetishtirish, dorivor o‘simliklarni to‘plash, asalarichilik, baliqchilik, chorvachilik mahsulotlarini yetishtirish hamda ularni chuqur qayta ishlash, xalq iste’moli tovarlari ishlab chiqarishni tashkil etish;
tarmoqqa xalqaro moliya institutlari grantlarini jalb etish va ekologik turizmni keng ko‘lamda rivojlantirish;
o‘rmon xo‘jaligi sohasida o‘rta maxsus va oliy ma’lumotli mutaxassislar tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni tashkil etish.
11. Qo‘mita o‘ziga yuklangan asosiy vazifalarga muvofiq quyidagi funktsiyalarni amalga oshiradi:
a) o‘rmon boyliklarini har tomonlama kengaytirish va ulardan oqilona foydalanishga qaratilgan o‘rmon xo‘jaligi sohasida yagona davlat siyosatini yuritish sohasida:
o‘rmon barpo etish orqali ularning maydonlarini kengaytirish, qayta tiklash, muhofaza qilish, ulardan foydalanish faoliyatini rivojlantirish va samaradorligini oshirish sohasida davlat boshqaruvini amalga oshirish;
Qo‘mita tizimiga kiruvchi xo‘jaliklar va boshqa muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning kelgusida rejalashtiriladigan ishlarini prognozlashtirish, manfaatdor vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda sohani rivojlantirishning davlat va mahalliy dasturlarini hamda bosh reja (sxema)larini ishlab chiqish;
qonun hujjatlarida belgilangan tartibda Qo‘mita markaziy apparatining boshqarma va bo‘limlari, hududiy boshqarmalar hamda Qo‘mita tizimiga kiruvchi respublika tashkilotlarining nizomlarini tasdiqlash;
Qo‘mita tizimiga kiruvchi tashkilotlarda hisob va hisobot yuritilishini hamda mol-mulk saqlanishini, hisobga olinishini va hisobdan chiqarilishini ta’minlash, yetkazilgan moddiy zararni undirish choralarini ko‘rish;
Qo‘mita tizimiga kiruvchi tashkilotlarning buxgalteriya hisobotlarini, balanslarini ko‘rib chiqish, umumlashtirish, yig‘ma balanslar tuzish va ularni tegishli organlarga taqdim etish;
qo‘mita o‘ziga bo‘ysunuvchi tuzilmalari orqali o‘rmon muhofazasi nazoratining chegara mintaqalari daxlsizligini ta’minlash maqsadida harbiylashtirilgan tuzilmalar bilan o‘zaro hamkorlik qilish va qo‘shma tadbirlarni amalga oshirish;
o‘ziga bo‘ysunuvchi xo‘jaliklarning chegaradosh hududlari xavfsizligini ta’minlash choralarini ko‘rish, hududni ishonchli qo‘riqlash va himoya qilish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;
Oldingi tahrirga qarang.
chegara rejim-qo‘riqlash tadbirlarini o‘tkazish, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati Davlat chegaralarini himoya qiluvchi qo‘mitasi taklifi bo‘yicha profilaktika va chegara oldi hududlaridagi o‘rmon daraxtlari va changalzorlarni tozalash ishlarini amalga oshirish va nazorat qilish;
(11-bandning «a» kichik bandi to‘qqizinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 29 maydagi 396-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 01.06.2018 y., 09/18/396/1287-son)
Oldingi tahrirga qarang.
o‘rmon fondi hududida harbiylashtirilgan tuzilmalar bo‘linmalari bilan o‘zaro hamkorlikda jinoyatchilik namoyon bo‘lishi belgilari va faktlari to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati chegara qo‘shinlari, ichki ishlar organlarini xabardor qilish, rejimga bog‘liq noxush holatlarni bartaraf etish bo‘yicha samarali tezkor-qidiruv faoliyati o‘tkazilishiga ko‘maklashish;
(11-bandning «a» kichik bandi o‘ninchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 29 maydagi 396-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 01.06.2018 y., 09/18/396/1287-son)
fuqarolarni qabul qilishni tashkil etish, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ko‘rib chiqilishini ta’minlash;
qo‘mita tizimi faoliyatiga oid gazeta va jurnallar chiqarilishini, tegishli ruxsatnomalar, blankalar, sohaga tegishli kitob, byulleten va qo‘llanmalar chop etilishini hamda veb-sayt yuritilishini tashkil etish;
b) o‘rmon to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish va ularga rioya etilishini amaliy nazorat qilish sohasida:
o‘rmonlarni, o‘simlik va hayvonot dunyosini muhofaza qilish, undan oqilona foydalanish, o‘rmon xo‘jaliklari va boshqa muhofaza etiladigan tabiiy hududlar faoliyatini tartibga solish va ulardan foydalanish sohasida normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish va Vazirlar Mahkamasiga kiritish;
o‘rmonlar toifalarini belgilash, ularni bir toifadan boshqasiga o‘tkazish haqidagi takliflarni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritish;
o‘rmon fondida daraxt va butalarni parvarishlash yoki maqsadli foydalanish uchun kesish hajmlarini belgilash va tasdiqlash;
Qo‘mita tizimiga kiruvchi o‘rmon fondi yerlarida o‘rnatilgan rejimga rioya qilinishi, o‘simlik va hayvonot dunyosini muhofaza qilish va ulardan foydalanish sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlar hamda ov qilish qoidalari ijrosi yuzasidan idoraviy nazoratni amalga oshirish;
o‘rmon fondi yaylovlarida chorva mollarini o‘tlatish, ularni yaylovlarda joylashtirish va o‘rmon fondi yerlaridan foydalanishning boshqa turlari uchun to‘lanadigan haq miqdorini belgilash haqida takliflar ishlab chiqish va belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritish;
v) o‘rmon fondi va muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni samarali boshqarishni tashkil etish, o‘rmon barpo etish, ularni qayta tiklash, qo‘riqlash, muhofaza qilish, o‘rmonlardan oqilona va tejamli foydalanish sohasida:
Qo‘mita tizimiga kiruvchi xo‘jaliklar va muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni yuritishda joriy va istiqbolga mo‘ljallangan tadbirlar tizimini qamrab olgan loyiha qidiruv tadbirlarini ishlab chiqish va ularning amalga oshirilishini nazorat qilish;
Oldingi tahrirga qarang.
(11-bandning «v» kichik bandi uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 13 noyabrdagi 907-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 14.11.2017 y., 09/17/907/0245-son)
g) respublikamizda o‘rmonlarni tiklash va ihota o‘rmonlarini ko‘paytirish chora-tadbirlarini ishlab chiqish va amalga oshirish, tog‘ yonbag‘irlari, jarliklar va tashlandiq yerlarda eroziyaga qarshi daraxtzorlar barpo etish ishlarini tashkil qilish sohasida:
o‘rmon fondi hududidagi cho‘l, tog‘ va tog‘ oldi yaylovlarining holatini yaxshilash, boyitish, mahsuldorligini oshirish, qum ko‘chishini oldini olish va ularni mustahkamlash, hududlarda cho‘llanishga qarshi daraxt va butalar ekish tadbirlarini amalga oshirish;
suvni asrovchi o‘rmonlarni, daraxtzor yerlarni, aholi yashash joylari atrofidagi ko‘kalamzorlashgan hududlarni hamda iqlimni tartibga solish, sanitariya-gigiyena, sog‘lomlashtirish va boshqa himoya funktsiyalarini bajaruvchi boshqa daraxtzorlarni saqlash va ularning holatini yaxshilash tadbirlarini ishlab chiqish va uni amalga oshirish;
qishloq xo‘jaligi korxonalari va boshqa yerdan foydalanuvchilar hududida, shuningdek tog‘ yonbag‘irlarida (terrasa), jarliklarda, qiyaliklarda, yaroqsiz holdagi qazilmalar bo‘lgan joylarda, tashlandiq yerlarda shartnoma asosida ihota daraxtzorlari barpo etish hamda markazlashgan manbalar hisobidan yangi qurilayotgan, rekonstruktsiya qilinayotgan yo‘llar, bino va inshootlar atroflarini ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha loyihalarni ishlab chiqish va mazkur ishlarni amalga oshirishni tashkil etish;
d) o‘rmon fondini, fauna va florasini o‘rganish hamda ularning qat’iy hisobini yuritish, o‘rmon xo‘jaligini yuritish amaliyotiga fan yutuqlari va ilg‘or tajribani joriy etish sohasida:
o‘rmon fondida manzarali, mevali va yong‘oq mevali o‘simliklar ko‘chatchiligini rivojlantirish, ko‘chatlar o‘stirishning ilmiy asoslarini hamda istiqbolli texnologiyalari ishlab chiqilishi va joriy etilishini tashkil qilish;
o‘rmon fondi hududida o‘simlik va hayvonot dunyosi ob'yektlarining qat’iy hisobini hamda davlat o‘rmon kadastrini yuritish;
tizim xo‘jaliklarida o‘simlik va hayvonot dunyosini qayta tiklash, ko‘paytirish va ulardan foydalanish maqsadida plantatsiya va pitomniklar tashkil etish;
mintaqalarning tuproq-iqlim sharoitlarini hisobga olgan holda o‘rmon fondida manzarali, dorivor, texnik va ozuqabop o‘simliklarni rayonlashtirish bo‘yicha ilmiy tavsiyalar ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish;
manzarali o‘simliklarni o‘stirish maqsadida turli xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarga ilmiy-metodik va ishlab chiqarish yordamini ko‘rsatish;
o‘rmon fondi hududida texnik, dorivor va ozuqabop o‘simliklar dehqonchiligini va ularni yig‘ish, tayyorlash borasidagi ilmiy va amaliy ishlarni muvofiqlashtirish, ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan birgalikda yovvoyi holda o‘suvchi dorivor va ozuqabop o‘simliklarning tarqalish hududini va mavjud resurslarini o‘rganish, ularni yig‘ish va tayyorlashning maqbul miqdorini tavsiya etish;
o‘rmon xo‘jaliklarida ishlab chiqarishni kompleks mexanizatsiyalash va avtomatlashtirish tadbirlarini amalga oshirish, sohaga yuqori samarali resurs tejamkor texnologiyalarni joriy etish;
o‘rmon fondi yerlarida chet el jismoniy va yuridik shaxslari uchun ov qilishni tashkillashtirish, mazkur sohaga oid chora-tadbirlar ishlab chiqish va amalga oshirish; ye) o‘rmonlarni yong‘inlardan, zararkunanda va kasalliklardan, noqonuniy daraxt kesishdan va boshqa o‘rmon to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining buzilishlaridan muhofaza qilish sohasida:
o‘rmonlarni yong‘indan, daraxtlarni o‘zboshimchalik bilan kesishdan va o‘rmonga zarar yetkazadigan boshqa xatti-harakatlardan muhofaza qilishni hamda o‘rmonlar patologiyasini o‘rganish natijalariga ko‘ra o‘rmon zararkunandalari, kasalliklarini hisobga olish, ularga qarshi kurashishni tashkil etish;
j) manzarali o‘simliklar ko‘chatlari va urug‘larini sertifikatlash va standartlashtirishning yagona tizimini ishlab chiqish hamda joriy qilishni tashkil etish sohasida:
manzarali o‘simliklar ko‘chatlarini sertifikatlash va standartlashtirishning yagona tizimini tashkil etish, chetdan olib kelinadigan ko‘chatlarga sertifikatlar berish mexanizmi ishlab chiqilishi va joriy etilishini ta’minlash;
z) o‘rmon xo‘jaliklarida bir-biriga bog‘liq bo‘lgan xo‘jalik faoliyatini kengaytirish va rivojlantirish, ko‘chat yetishtirish, dorivor o‘simliklar to‘plash, asalarichilik, baliqchilik, chorvachilik mahsulotlarini yetishtirish hamda ularni chuqur qayta ishlash, xalq iste’moli tovarlari ishlab chiqarishni tashkil etish sohasida:
selektsion o‘rmon urug‘chiligi bazalarini tashkil etish, dorivor, ozuqabop va texnik o‘simliklar urug‘larini tayyorlash, shuningdek o‘z ehtiyojlari va boshqa iste’molchilarning talablarini qondirish uchun yuqori navli ko‘chat va urug‘lar yetishtirilishini ta’minlash;
yog‘och-taxta tayyorlashni, shuningdek xo‘jaliklarda yog‘ochga ishlov berish, minitsexlar tashkil etish, yog‘och chiqindilaridan xalq iste’mol tovarlari ishlab chiqarishni, o‘rmonlarda qo‘shimcha ravishda foydalaniladigan mahsulotlar tayyorlashni tashkil etish;
o‘rmondan qo‘shimcha foydalanishdan olinadigan mahsulotlarni qayta ishlash uchun kichik ishlab chiqarish sexlarini tashkil etish, ushbu sohani rivojlantirish maqsadida qonun hujjatlarida belgilangan hollarda va tartibda tijorat tashkilotlari tashkil etish;
o‘rmon fondi yerlarida qishloq xo‘jaligi va dorivor ekinlar, mevali va yong‘oq mevali daraxtlarning hosildorligi oshirilishini, mahsulotlar yetishtirish bo‘yicha tuzilgan shartnomalarning bajarilishini nazorat qilish;
i) tarmoqqa xalqaro moliya institutlari grantlarini jalb etish va ekologik turizmni keng ko‘lamda rivojlantirish sohasida:
o‘rmon fondi hududida ekoturizmni rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi (ekoturizm yo‘nalish (marshrut)larini, ekoturistik xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha narxlar)ni ishlab chiqish va uning ijrosini ta’minlash;
o‘rmon xo‘jaligi sohasida iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish, eksport-import ishlarini tashkil etishga ko‘maklashish, sohaga xalqaro va boshqa moliya institutlarining grant mablag‘lari hamda investitsiyalarini jalb qilish, fan yutuqlari va ilg‘or tajribalarni o‘rmon xo‘jaligini yuritish amaliyotiga joriy etish;
k) o‘rmon xo‘jaligi sohasida o‘rta maxsus va oliy ma’lumotli mutaxassislar tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni tashkil etish sohasida:
o‘rmon xo‘jaligi sohasida kadrlarni tayyorlashga ko‘maklashish, zaxirasini yaratish, rahbar xodimlar va muayyan malaka talab etiladigan mutaxassislarni qayta tayyorlash hamda ularning ishlab chiqarish amaliyotiga bog‘liq holda malakasini oshirishni tashkil etish.
Qo‘mita qonun hujjatlariga muvofiq boshqa funktsiyalarni ham bajarishi mumkin.
3-bob. Qo‘mitaning huquqlari va javobgarligi
12. Qo‘mita o‘ziga yuklangan vazifa va funktsiyalarni amalga oshirish uchun quyidagi huquqlarga ega:
vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralar va boshqa tashkilotlardan o‘rmon xo‘jaligini yuritish, o‘rmonlarni muhofaza va himoya qilish hamda o‘rmon resurslaridan foydalanish sohasiga oid masalalar bo‘yicha ma’lumotlarni belgilangan tartibda so‘rab olish;
tegishli vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralar bilan kelishgan holda soha mutaxassislarini ovchilik, muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni tashkil etish va faoliyat ko‘rsatishi yuzasidan o‘rmon xo‘jaliklari bilan bog‘liq bo‘lgan alohida masalalarni ishlab chiqishga va ekspertizalar o‘tkazishga shartnoma asosida jalb etish;
davlat o‘rmon fondi yerlarida o‘rmonlarning davlat monitoringini, davlat o‘rmon kadastrini, o‘rmonlarning davlat hisobini yuritishni hamda o‘simlik va hayvonot dunyosi ob'yektlarining qat’iy hisobini belgilangan tartibda olib borilishini tashkil etish;
O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobini yuritishda ishtirok etish;
jismoniy va yuridik shaxslarga davlat o‘rmon fondi yerlarida o‘simlik dunyosi ob'yektlaridan maxsus foydalanish uchun ruxsatnoma berish;
jismoniy shaxslarga tabiatni muhofaza qilish organlari tomonidan beriladigan yovvoyi hayvonlarni tutish ruxsatnomasi doirasida hayvonot dunyosi ob'yektlaridan foydalanishga ruxsatnoma (yo‘llanma, hayvonlarni tutish varaqasi) berish;
Oldingi tahrirga qarang.
davlat o‘rmon fondidan jismoniy va yuridik shaxslarga pichan o‘rish, chorva mollarini o‘tlatish (boqish)ga uchastkalar ajratishga ruxsatnomalar berish;
(12-bandning sakkizinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 29 oktyabrdagi 884-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 30.10.2018 y., 09/18/884/2128-son)
Oldingi tahrirga qarang.
davlat o‘rmon fondidan jismoniy va yuridik shaxslarga asalari uyalari va qutilarini joylashtirishga uchastkalar ajratish;
(12-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 29 oktyabrdagi 884-sonli qaroriga asosan to‘qqizinchi xatboshi bilan to‘ldirilgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 30.10.2018 y., 09/18/884/2128-son)
davlat o‘rmon fondi yerlarida o‘simlik va hayvonot dunyosi ob'yektlarini muhofaza qilish, qayta tiklash maqsadlarida biotexnik tadbirlar amalga oshirilishini ta’minlash;
davlat o‘rmon fondi yerlarida o‘rmonni muhofaza qilish va undan foydalanish sohasida idoraviy nazoratni amalga oshirish;
o‘rmon fondi hududlarida sodir etilgan ma’muriy huquqbuzarliklar uchun ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnoma yoki dalolatnomalar tuzish, huquqbuzarlarga nisbatan jarimalar (davlat qo‘riqxonalari, majmua (landshaft) buyurtma qo‘riqxonalari, tabiat bog‘lari va davlat biosfera rezervatlarida) qo‘llash;
o‘rmon, o‘simlik va hayvonot dunyosi ob'yektlarini muhofaza qilish va undan foydalanish sohasida huquqbuzarlardan tabiatga yetkazilgan zarar summalarini undirish va huquqbuzarlarga nisbatan sudda yoki huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan ishning ko‘rib chiqilishida qatnashish;
jismoniy va yuridik shaxslarga o‘rmon xo‘jaligini yuritishga doir qonun hujjatlari buzilishini, o‘rmonlarni muhofaza qilish va himoya qilish, o‘rmon resurslaridan foydalanishdagi nuqsonlarni bartaraf etish to‘g‘risida yozma ko‘rsatmalar berish;
oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalariga sohaga oid kadrlar zaxirasini tayyorlash uchun buyurtma va yo‘llanmalar berish;
belgilangan tartibda markaziy apparat va uning tizimiga kiruvchi tashkilotlarning daromadlar va xarajatlar smetasi, shtat jadvallarini ishlab chiqish va tasdiqlash;
o‘rmon xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasini shakllantirish va undan foydalanishni tashkil etish;
qo‘mita xodimlarini mehnatiga haq to‘lash, rag‘batlantirish, mukofotlash va boshqa rag‘batlantirishlarni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshirish;
Qo‘mita tizimi faoliyatiga oid noshirlik faoliyatini amalga oshirish.
Qo‘mita qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
13. Qo‘mita o‘z vakolatlari doirasida davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, boshqa tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar uchun majburiy bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilishga haqli.
Qo‘mita, zarur hollarda, boshqa vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralar bilan birgalikda qo‘shma qarorlar va boshqa turdagi hujjatlarni chiqarishga haqli.
14. Qo‘mita va uning mansabdor shaxslari o‘zlariga yuklangan vazifalar va funktsiyalarning samarali bajarilishi uchun javob beradilar.
4-bob. Qo‘mita faoliyatini tashkil etish
Oldingi tahrirga qarang.
15. Qo‘mitaga O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi ma’qullaganidan keyin kiritilgan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri taqdimnomasiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadigan va lavozimidan ozod etiladigan rais rahbarlik qiladi.
(15-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 16 apreldagi 234-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 17.04.2020 y., 09/20/234/0453-son)
Qo‘mita raisining O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan birinchi o‘rinbosari va o‘rinbosarlari bo‘ladi.
Qo‘mita raisi maqomi bo‘yicha vazirga, raisning birinchi o‘rinbosari vazirning birinchi o‘rinbosariga, rais o‘rinbosarlari esa vazir o‘rinbosarlariga tenglashtiriladi.
16. Qo‘mita raisi:
Qo‘mita faoliyatiga umumiy rahbarlikni amalga oshiradi hamda Qo‘mitaga yuklangan vazifalar va funktsiyalarning bajarilishi uchun shaxsan javob beradi;
davlat organlarida va boshqa tashkilotlarda Qo‘mita nomidan vakillik qiladi yoxud Qo‘mita nomidan ishonchnoma va (yoki) vakolatlar beradi;
belgilangan umumiy shtatlar soni doirasida Qo‘mitaning markaziy apparati va hududiy boshqarmalarining shtat jadvalini, shuningdek Qo‘mitaning markaziy apparati, uning hududiy boshqarmalari va Qo‘mita tizimiga kiruvchi tashkilotlarning xarajatlar smetasini tasdiqlaydi;
Qo‘mitaga ajratilgan moliyaviy va moddiy mablag‘larni belgilangan tartibda tasarruf etadi;
belgilangan tartibda markaziy apparat, Qo‘mita tizimiga kiruvchi respublika tashkilotlari va hududiy boshqarmalar tuzilmasi va nizomlarini, shuningdek tizimga kiruvchi tashkilotlar ustavlarini tasdiqlaydi;
belgilangan tartibda Qo‘mita markaziy apparati xodimlarini, hududiy boshqarmalar, Qo‘mita tizimiga kiruvchi tashkilotlar rahbarlarini lavozimga tayinlaydi va lavozimdan ozod etadi;
Qo‘mita vakolatiga kiruvchi masalalar bo‘yicha qarorlar qabul qiladi, rais o‘rinbosarlarining, Qo‘mitaning, Qo‘mita hududiy boshqarmalari va Qo‘mita tizimiga kiruvchi tashkilotlarning boshqa mansabdor shaxslarining vakolatlari, majburiyatlari va javobgarlik darajasini belgilaydi;
zarur bo‘lganda markaziy apparatning, hududiy boshqarmalar va o‘rmon xo‘jaliklarining tuzilmasiga xodimlarning cheklangan umumiy shtatlar soniga muvofiq o‘zgartirishlar kiritadi;
Qo‘mita, hududiy boshqarmalar va Qo‘mita tizimiga kiruvchi tashkilotlar xodimlari bajarishi majburiy bo‘lgan buyruqlar chiqaradi va ko‘rsatmalar beradi;
qo‘mita tizimida faoliyat yuritayotgan xodimlarni rag‘batlantirish va intizomiy javobgarlikka tortish masalalarini hal etadi, alohida o‘rnak ko‘rsatgan xodimlarni faxriy unvonlar berishga va O‘zbekiston Respublikasining davlat mukofotlari bilan taqdirlashga tavsiya etadi.
Rais qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarga ham ega bo‘ladi.
17. Qo‘mita raisining o‘rinbosarlari:
Qo‘mita nazoratidagi bo‘linmalarga bevosita rahbarlik qiladilar va Qo‘mitaga yuklangan vazifalar va funktsiyalarning bajarilishi uchun shaxsan javob beradilar;
Qo‘mita raisi tomonidan o‘zlariga yuklangan boshqa funktsiyalarni amalga oshiradilar.
18. Quyidagilarni lavozimga tayinlash va lavozimdan ozod etish:
Qoraqalpog‘iston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi qo‘mitasi raisini — Qo‘mita raisi bilan kelishgan holda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi tomonidan;
Viloyatlar boshqarmalari boshliqlari va davlat o‘rmon xo‘jaliklari direktorlarini — tegishli viloyatlar hokimlari bilan kelishgan holda Qo‘mita raisi tomonidan amalga oshiriladi.
Hududiy boshqarmalar Qo‘mitaga, shuningdek tegishli ravishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklariga hisobot beradi.
19. Qo‘mitada uning asosiy faoliyat yo‘nalishlarini muvofiqlashtiradigan, Qo‘mita raisi (hay’at raisi), uning o‘rinbosarlari, shuningdek Qo‘mita markaziy apparati bo‘linmalari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi qo‘mitasi raisi, viloyatlar o‘rmon xo‘jaliklari boshqarmalari, tizimga kiruvchi tashkilotlarning rahbarlaridan iborat tarkibda hay’at tashkil etiladi.
Hay’at a’zolarining soni va shaxsiy tarkibi Qo‘mita raisining taqdimiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
20. Hay’at tomonidan quyidagilar bilan bog‘liq bo‘lgan masalalar ko‘rib chiqiladi:
Qo‘mitaning mazkur Nizomda nazarda tutilgan faoliyatining asosiy yo‘nalishlarini tayyorlash va amalga oshirish;
kadrlarni Qo‘mita nomenklaturasiga kiruvchi lavozimlarga tanlash, joy-joyiga qo‘yish, qayta tayyorlash va malakasini oshirish;
Qo‘mitaning hududiy boshqarmalari va Qo‘mita tizimiga kiruvchi tashkilotlar rahbarlarining har chorak yakunlari bo‘yicha hisobotlarini eshitish;
Qo‘mita rahbarlari va xodimlarining qonun hujjatlarida belgilangan vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha ijro intizomini mustahkamlash, ularning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi ta’minlanishi uchun shaxsiy mas’uliyatini oshirish.
Hay’at Qo‘mita vakolatiga kiruvchi boshqa masalalarni ham ko‘rib chiqishi mumkin.
21. Hay’at majlislariga boshqa vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari, Qo‘mita vakolatlariga kiruvchi masalalarga aloqador boshqa tashkilotlar rahbarlari taklif qilinishi mumkin.
Majlisda Hay’at tarkibining yarmidan ko‘pi hozir bo‘lganda Hay’at majlisi vakolatli hisoblanadi. Ko‘rib chiqilayotgan masalalar bo‘yicha qarorlar oddiy ko‘pchilik ovoz bilan qabul qilinadi.
22. Hay’at tomonidan qabul qilingan qarorlar Qo‘mita qarorlari va raisning buyruqlari bilan amalga oshiriladi. Qo‘mita raisi va hay’at a’zolari o‘rtasida kelishmovchiliklar mavjud bo‘lgan taqdirda rais mustaqil ravishda qaror qabul qiladi, bunda yuzaga kelgan kelishmovchiliklar haqida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli kompleksi rahbariga xabar qilinadi. Hay’at a’zolari ham o‘z fikrlarini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli kompleksi rahbariga ma’lum qilishlari mumkin.
Hay’at faoliyati tartibi hay’at tomonidan tasdiqlanadigan reglament bilan belgilanadi.
Hay’at majlislari, qoida tariqasida, har chorakda kamida bir marta o‘tkaziladi.
23. Qo‘mita huzurida ilmiy-texnik Kengash tuziladi. Ilmiy-texnik Kengash to‘g‘risida nizom va uning shaxsiy tarkibi qo‘mita Hay’ati tomonidan tasdiqlanadi.
5-bob. Qo‘mita tizimini moliyalashtirish va xodimlarini moddiy rag‘batlantirish
24. Qo‘mita tizimi quyidagi manbalar hisobidan moliyalashtiriladi:
Qo‘mitaning markaziy apparati — O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti, O‘rmon xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa mablag‘lar;
hududiy boshqarmalar — O‘rmon xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa mablag‘lar;
davlat qo‘riqxonalari, milliy tabiiy bog‘lar va ovchilik xo‘jaliklari boshqarmasi hamda davlat o‘rmon xo‘jaliklari — O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti mablag‘lari, byudjetdan tashqari mablag‘lar va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa mablag‘lar;
O‘rmon xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot instituti — O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti mablag‘lari, grantlar va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa mablag‘lar;
«O‘rmonloyiha» davlat unitar korxonasi, «Shifobaxsh» dorivor o‘simliklarni yetishtirish va qayta ishlash markazi — byudjetdan tashqari mablag‘lar va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa mablag‘lar;
O‘rmon va dorivor o‘simliklar urug‘chiligi tahlil markazi — O‘zbekiston Respublikasining respublika byudjeti mablag‘lari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa mablag‘lar;
Ugom-Chotqol davlat milliy tabiat bog‘i — Toshkent viloyati mahalliy byudjeti mablag‘lari, byudjetdan tashqari mablag‘lar va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa mablag‘lar hisobidan moliyalashtiriladi.
25. Qo‘mita xodimlari O‘rmon xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasi hisobidan, Ugom-Chotqol davlat milliy tabiat bog‘i xodimlari Toshkent viloyati mahalliy byudjeti mablag‘lari hisobidan qonun hujjatlarida belgilangan namunadagi kiyim-bosh bilan ta’minlanadilar.
26. O‘rmon inspektorlari, yegerlar, davlat qo‘riqxonalari, milliy tabiat bog‘i, davlat biosfera qo‘riqxonasi, biosfera rezervatlari inspektorlari xizmatni o‘tash davrida qonun hujjatlarida belgilangan tartibda xizmat quroli, uning o‘q-dorilari va maxsus vositalar, raqamli jeton, durbin, avto-moto yoki ot-ulov, qonunchilik hujjatlari to‘plami, bayonnoma blankalari va uni ro‘yxatga olish kitobi va xizmatga zarur boshqa inventarlar bilan ta’minlanadilar.
27. Qo‘mita qonun hujjatlarida belgilangan tartibda soha xodimlarining hayotini sug‘urtalash, ularni moddiy va ma’naviy rag‘batlantirish hamda ijtimoiy muhofaza qilish tadbirlarini amalga oshiradi.
28. Xodimlarning ish haqi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan lavozim maoshi, mukofotlar, qo‘shimcha haqlar va ustamalar, rag‘batlantirish to‘lovlari, shuningdek qo‘shimcha moddiy rag‘batlantirish to‘lovlaridan iborat bo‘ladi.
6-bob. Yakunlovchi qoida
29. Qo‘mitani qayta tashkil etish va tugatish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.