O‘rmon xo‘jaligi agentligi va tizim tashkilotlari xodimlarining etika va korruptsiyaga qarshi kurashish sohasida o‘qishini tashkil qilish bo‘yicha yo‘riqnoma
1-bob. Umumiy qoidalar.
1. Ushbu Yo‘riqnoma O‘zbekiston Respublikasi o‘rmon xo‘jaligi davlat agentligi, uning tizim tashkilotlari va tarkibiy bo‘linmalari (keyingi o‘rinlarda agentlik va tizim tashkilotlari) xodimlarining etika va korrupsiyaga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha o‘qishini tashkil qilish bo‘yicha tartibini belgilab beradi.
2. Ushbu Yo‘riqnoma korrupsiyaviy harakatlarning oldini olish va ularni sodir etilishiga xizmat qiladigan sabablarni bartaraf etish, xodimlarning huquqiy ongini oshirish va ularni O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi va Agentlikning boshqa ichki normativ hujjatlariga qat'iy rioya qilish ruhida tarbiyalashga qaratilgan.
3. Agentlik va tizim tashkilotlari xodimlarini etika va korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida o‘qitish (keyingi o‘rinlarda – o‘qitish) dasturlari va materiallari O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi va ushbu Yo‘riqnomaga muvofiq ishlab chiqiladi.
4. Agentlik va tizim tashkilotlari xodimlarini o‘qitish quyidagi tamoyillarga asoslanadi:
xolislik va ilmiylik – etika va korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi o‘quv materiallarni tayyorlash uchun mas'ul shaxslar ularning O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi talablari, xalqaro standartlar hamda etika va korrupsiyaga qarshi kurashish nazariyasi hamda amaliyotiga doir ilmiy tadqiqotlar natijalariga muvofiqligini ta'minlaydi;
amaliy jihatdan qulaylik – Agentlik va tizim tashkilotlari xodimlarini o‘qitish shakllari, usullari va materiallari amaliy ahamiyatga ega bo‘lishi, real vaziyatlarga asoslanishi, xodimlar tomonidan olingan bilimlarni tushunish darajasi va ularni aniq amaliy vazifalarni hal etishda qo‘llash imkoniyatini nazorat qilinishini o‘z ichiga olishi lozim;
ketma-ketlilik va tizimlilik – etika va korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi o‘quv materiallari, shuningdek Agentlik va tizim tashkilotlari xodimlarini o‘qitish tartibi izchil va tuzilmaviy-mantiqiy tizimni ifodalaydi. O‘qitish umumiy tushunchalar va voqeliklardan juz'iylariga, oddiydan murakkabga, boshlang‘ichdan mukammalga va h.k o‘tish asosida amalga oshiriladi;
hammaboplik – Agentlik va tizim tashkilotlari xodimlarining joriy bilimlari va ko‘nikmalarini hisobga olish, ular uchun tushunarli bo‘lgan o‘quv materiallarini shakllantirish;
differentsiallangan yondashuv – Agentlik va tizim tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida o‘qitish aniq funktsiyalar va tartib-taomillardagi korrupsiyaviy xavf-xatar natijalarini hisobga oladi. Korrupsiyaviy xavf-xatarlarga eng ko‘p moyil bo‘lgan lavozimlarni egallab turgan xodimlar korrupsiyaga qarshi qo‘shimcha ravishda maxsus o‘qitiladi;
o‘qitish usullari va shakllarini doimiy ravishda takomillashtirish – Agentlik va tizim tashkilotlari o‘quv materiallarini ishlab chiqish, o‘qitish, shuningdek Agentlik va tizim tashkilotlari xodimlari tomonidan bilimlar o‘zlashtirilganini tekshirish vaqtida texnik va ilmiy taraqqiyotning innovatsion yutuqlaridan foydalanishga harakat qiladi.
2-bob. O‘qitishning ustuvor vazifalari.
5. O‘qitish shakllari va usullarini aniqlashda, shuningdek etika va korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi o‘quv materiallarini shakllantirishda Agentlik va tizim tashkilotlari xodimlarini etika va korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida o‘qitish uchun mas'ul shaxslar quyidagi ustuvor vazifalarga tayanishi lozim:
korrupsiya mohiyati, uning jamiyat hayotining turli sohalari, Agentlik va tizim tashkilotlarining funktsiya va tartib-taomillarida paydo bo‘lish shakllari va o‘ziga xos jihatlari, sabablari, ijtimoiy jihatdan xavfli va zararli oqibatlari to‘g‘risida umumiy tasavvurni shakllantirish;
O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi, Agentlik va tizim tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi kurash siyosati bilan belgilangan etika va korrupsiyaga qarshi xulq-atvorning axloqiy qadriyatlari va Agentlik va tizim tashkilotlarining boshqa ichki hujjatlariga qat'iy va so‘zsiz rioya qilishga asoslangan xulq-atvor modelini shakllantirish;
Agentlik va tizim tashkilotlari xodimlarini agentlikda amal qiluvchi korrupsiyaga qarshi kurash tamoyillari, talablari va tartib-taomillari bilan tanishtirish; korrupsiyaviy xavf-xatarlarni kelib chiqishiga xizmat qiluvchi shart-sharoitlarni aniqlash va ularning oldini olish qobiliyatini shakllantirish, korrupsiyaviy xulq-atvor, Agentlik va tizim tashkilotlari xodimlarida xulq-atvor qoidalari buzilishiga nisbatan toqatsizlikni namoyon etish.
3-bob. O‘qitishni tashkil etish tartibi.
6. Agentlikning Kadrlar bo‘limi agentlik va tizim tashkilotlarining xodimlarini o‘qitish rejalarini tayyorlash, tegishli o‘quv materiallarini ishlab chiqish, o‘qitish, shuningdek agentlikda bunday o‘qitishni monitoring va nazorat qilish uchun mas'uldir.
7. Agentlikning Korrupsiyaga qarshi komplayens-nazorat xizmati agentlik xodimlarini o‘qitish rejalarini tayyorlashda ishtirok etadi, korrupsiyaga qarshi kurash sohasidagi o‘quv materiallarni ishlab chiqadi, o‘qitish o‘tkazilishini muvofiqlashtiradi.
8. Agentlikning Kadrlar bo‘limi o‘qitish intizomi va unga doir axborotlar yig‘ilishini nazorat qiladi.
9. Agentlik Komplayens-nazorat xizmati va Kadrlar bo‘limi tegishli tajribaga ega xalqaro yoki mahalliy tashkilotlar bilan tuzilgan shartnomalar (Agentlikda belgilangan tartibda) asosida o‘quv materiallarini tayyorlash hamda o‘qitishni amalga oshirish uchun uchinchi shaxslarni jalb qilishi mumkin.
10. O‘qitish quyidagi o‘quv dasturlarini ko‘zda tutishi lozim: barcha xodimlar uchun korrupsiyaga qarshi umumiy o‘qitish;
Agentlik xodimlarining xulq-atvor qoidalari bo‘yicha umumiy o‘qitish; korrupsiyaviy xavf-xatarga eng ko‘p moyil bo‘lgan lavozimlar uchun korrupsiyaga qarshi maxsus o‘qitish;
Agentlikda korrupsiyaga qarshi kurashish tizimining amal qilishi va rivojlanishi uchun mas'ul bo‘lgan xodimlar uchun korrupsiyaga qarshi maxsus o‘qitish.
11. Umumiy korrupsiyaga qarshi o‘qitish va agentlik tizimi xodimlarining xulq-atvor qoidalari bo‘yicha umumiy o‘qitish Agentlikning barcha xodimlari uchun majburiy hisoblanadi.
12. Agentlikning barcha xodimlari uchun korrupsiyaga qarshi umumiy o‘qitish amaliy yo‘naltirilgan bo‘lishi va quyidagi yangi bilimlarga ega bo‘lish yoki mavjud bilimlarni takrorlash imkoniyatini yaratishi lozim:
O‘zbekiston Respublikasining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi qonunchiligi, Agentlikning korrupsiyaga qarshi kurashish masalalari, jumladan o‘rnatilgan taqiqlar, cheklovlar, huquq va majburiyatlar, xizmat xulq-atvoriga qo‘yilgan talablar, Agentlik xodimlarining korrupsiyaviy harakatlari aniqlanganda harakatlar ketma-ketligiga doir ichki hujjatlarni bilish;
korrupsiyaga qarshi kurashish, manfaatlar to‘qnashuvi va korrupsiyaga qarshi boshqa talablar sohasidagi huquqni qo‘llash amaliyotiga doir bilimlar;
olingan bilimlarni qo‘llash ko‘nikmalari, jumladan Agentlikning turli faoliyat sohalaridagi korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash qobiliyati, Agentlikda o‘rnatilgan korrupsiyaga qarshi kurash choralarini amaliyotda qo‘llay bilish.
13. Agentlik xodimlarining xulq-atvor qoidalari bo‘yicha umumiy o‘qitish Agentlikning barcha xodimlari uchun amaliy yo‘naltirilgan bo‘lishi va Agentlikda qabul qilingan etika tamoyillari va qoidalariga doir yangi bilimlarga ega bo‘lish yoki bor bilimlar takrorlanishini ta'minlashi lozim.
14. Agentlik xodimlari umumiy korrupsiyaga qarshi o‘qitish va xodimlaring xulq-atvor qoidalari natijalari bo‘yicha o‘rganilgan material qanchalik o‘zlashtirilgani va tushunilganligi hamda olingan bilim va ko‘nikmalarni amaliyotda qo‘llash imkoniyatini tekshirishga qaratilgan test sinovlari topshirishi lozim.
15. Agentlik xodimlari savollarning kamida 70 foiziga to‘g‘ri javob bergan taqdirda korrupsiyaga qarshi umumiy o‘qitish va Tashkilot xodimlarining xulq-atvor qoidalarini muvaffaqiyatli o‘zlashtirgan hisoblanadi. Agar xodim savollarning 70 foizidan kamiga to‘g‘ri javob bergan bo‘lsa, u takroriy test sinovlarini test topshirgan kundan boshlab 5 ish kuni ichida topshirishi mumkin.
16. Korrupsiyaviy xavf-xatarga eng ko‘p moyil bo‘lgan lavozimlar uchun maxsus korrupsiyaga qarshi o‘qitish korrupsiyaga qarshi umumiy o‘qitishdan mustaqil (qo‘shimcha) ravishda o‘tkaziladi.
17. Korrupsiyaviy xavf-xatarga eng ko‘p moyil bo‘lgan lavozimlar ro‘yxati Agentlik va tizim tashkilotlarida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash uslubiyotiga muvofiq shakllantiriladi.
18. Korrupsiyaviy xavf-xatarga eng ko‘p moyil bo‘lgan lavozimlar uchun korrupsiyaga qarshi maxsus o‘qitish quyidagilar to‘g‘risidagi ma'lumotni o‘z ichiga olishi lozim:
korrupsiyaviy xavf-xatarga eng ko‘p moyil bo‘lgan aniq funktsiya va tartib-taomillardagi korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash va minimallashtirish usullari;
korrupsiyaviy xavf-xatarga eng ko‘p moyil bo‘lgan aniq funktsiya va tartib-taomillardagi korrupsiyaning namoyon bo‘lish shakllari va turlari;
uchinchi shaxslar bilan o‘zaro aloqa qilishda korrupsiyaviy xavf-xatarga eng ko‘p moyil bo‘lgan aniq funktsiya va tartib-taomillarga xos bo‘lgan korrupsiyaga qarshi talablar;
korrupsiyaviy xavf-xatarga eng ko‘p moyil bo‘lgan aniq funktsiyalarni amalga oshirishda qo‘llaniladigan qo‘shimcha talab va tartib-taomillarni o‘z ichiga oluvchi ichki hujjatlar.
19. Agentlikda korrupsiyaga qarshi kurashish tizimining amal qilishi va rivojlanishi uchun mas'ul xodimlarni korrupsiyaga qarshi maxsus o‘qitish yiliga kamida bir marta, malaka oshirish shaklida (seminar, trening va boshqa) korrupsiyaga qarshi kurash sohasidagi ekspertlarni jalb qilish, shuningdek bunday o‘qishlarga ixtisoslashgan vakolatli uchinchi shaxslar (tashkilotlar) tomonidan tashkil etiladigan treninglarda ishtirok etish orqali o‘tkaziladi.
20. Agentlikda korrupsiyaga qarshi kurashish tizimining amal qilishi va rivojlanishi uchun mas'ul xodimlarni korrupsiyaga qarshi maxsus o‘qitish O‘zbekiston Respublikasining korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha qonunchiligidagi o‘zgarishlar, korrupsiyaga qarshi tizimlarni shakllantirish va davlat organlarida korrupsiyaning oldini olish tadbirlarini amalga oshirish borasidagi ilg‘or xalqaro metodikalarni o‘rganishni o‘z ichiga olishi lozim.
21. Ushbu Yo‘riqnomaning 19-bandida ko‘rsatib o‘tilgan malaka oshirish va treninglardan o‘tish muddati yiliga kamida 10 (o‘n) soatni o‘z ichiga olishi lozim.
4-bob. O‘qitish muddatlari va davriyligi.
22. O‘qitish O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi va Agentlikning ichki hujjatlarida ko‘zda tutilgan majburiy malaka oshirish doirasida o‘qitish, uchinchi shaxslar bilan qo‘shma konferentsiyalar, yig‘ilishlar, simpoziumlar o‘tkazilishidan qat'iy nazar amalga oshiriladi.
23. Agentlik xodimlari etika va korrupsiyaga qarshi kurash sohasida yiliga kamida bir marta o‘qitilishi lozim.
24. Agentlik xodimlari quyidagi hollarda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha yiliga bir martadan ko‘p o‘qitilishi lozim:
xodim korrupsiyaviy xavf-xatarga eng ko‘p moyil bo‘lgan lavozimni egallab turgan bo‘lsa;
lavozimga tayinlanganda va rotatsiya qilinganda, agar shaxsning yangi lavozimi korrupsiyaviy xavf-xatarga eng ko‘p moyil bo‘lgan lavozimlar ro‘yxatiga kirsa;
Agentlikda korrupsiyaviy harakatlar bilan bog‘liq holatlar aniqlanganda yoki amalga oshirilayotgan funktsiya/tartib-taomilning korrupsiyaviy xavf-xatar darajasi ortganda;
Agentlik direktorining qaroriga muvofiq.
25. Agentlikka ishga qabul qilingan yoki yangi lavozimga o‘tkazilgan xodimlar ishga kirgan yoki yangi lavozimga o‘tgan vaqtdan boshlab 30 kun ichida korrupsiyaga qarshi va Agentlik xodimlarini xulq-atvor qoidalari bo‘yicha umumiy o‘qitilishi shart.
O‘quv sanasini belgilashda etika va korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida o‘qitishning tasdiqlangan yillik jadvali, guruhda bo‘sh o‘rinlar borligi (kunduzgi o‘quv shakli uchun) va mazkur bobning 22-23-bandlarida ko‘zda tutilgan o‘qitish muddatlari va davriyligiga amal qilish zarurati hisobga olinadi.
Keyingi korrupsiyaga qarshi umumiy o‘qitish va Agentlik xodimlarini xulq-atvor qoidalari bo‘yicha umumiy o‘qitish barcha xodimlar uchun Kadrlar bo‘limi tomonidan yiliga bir martadan kam bo‘lmagan davriylikda belgilanadi.
26. Xodim korrupsiyaviy xavf-xatarga eng ko‘p moyil bo‘lgan lavozimni egallab turgani bilan bog‘liq holatlarda yoki xodim shunday lavozimga tayinlanganda maxsus korrupsiyaga qarshi o‘qitish etika va korrupsiyaga qarshi kurash sohasida o‘qitishning yillik jadvalida belgilangan muddatlarda amalga oshiriladi.
27. Agentlikning Kadrlar bo‘limi har yili o‘qitish jadvalini keyingi yil uchun tuzadi va 31 dekabrgacha uni Agentlik direktoriga tasdiqlash uchun taqdim etadi.
O‘qitish jadvalini tuzishda xodimlar tomonidan oldingi o‘qitish muddatlari hisobga olinadi.
O‘qitish jadvalida albatta o‘qitish kursi nomi, sanasi, shuningdek o‘qitish tayinlangan lavozimlar ko‘rsatiladi.
Tasdiqlangan jadvalga muvofiq Kadrlar bo‘limining mas'ul xodimlari o‘qitish boshlanishidan 10 ish kun oldin xodimlarni xabardor qiladi. Belgilangan muddatda o‘qish imkoniyati bo‘lmasa (kunduzgi o‘quv shakli uchun, masalan yuqori mavsumiy yuklama, kasallik varaqasi, rejalashtirilgan ta'til singari asosli sabablar), xodim o‘qish boshlanishidan 5 (besh) ish kunidan kechiktirmay o‘qishni boshqa sanaga ko‘chirish maqsadida Kadrlar bo‘limini ogohlantirib qo‘yishi lozim.
5-bob. O‘qitish intizomini nazorat qilish va hujjatlarni saqlash.
28. Kadrlar bo‘limi Agentlik xodimlarining etika va korrupsiyaga qarshi kurash sohasida o‘qitilishiga doir ma'lumotlarni yig‘ib boradi va ularni har chorakda Agentlikning Komplayens-nazorat xizmatiga taqdim etadi.
Agentlikning Komplayens-nazorat xizmati olingan ma'lumotlarni tahlil qiladi (jumladan, o‘quv intizomi, xodimlar uchun qiyinchilik tug‘dirayotgan mavzular va test savollari) va tahlil natijalarini korrupsiyaga qarshi tizimning amal qilishi va rivojlanishi masalalari bo‘yicha doimiy hisobotlarga kiritilishini, shuningdek o‘quv materiallariga tuzatishlar kiritilishini (zarurat tug‘ilganda) ta'minlaydi.
29. Xodim unga tayinlangan o‘quv yoki uning natijalari bo‘yicha test sinovlarini belgilangan muddatlarda o‘tmasa, Kadrlar bo‘limi boshlig‘i bunday xodimning rahbarini unga nisbatan tegishli qaror qabul qilish maqsadida ogohlantiradi.
30. O‘qitish jadvali, yo‘qlama varaqalari, test natijalari, xodim o‘qiganligini tasdiqlovchi boshqa hujjatlar Agentlikning Kadrlar bo‘limida saqlanadi.
6-bob. Yakuniy qoidalar.
31. Ushbu Yo‘riqnoma O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi va Agentlikning ichki hujjatlariga o‘zgarishlar kiritilganda, korrupsiyaga qarshi o‘qitishni tashkil etish sohasidagi ilg‘or xalqaro amaliyot o‘zgargan taqdirda qayta ko‘rib chiqiladi. Agentlikning Komplayens-nazorat xizmati mazkur Yo‘riqnomaga o‘zgartirish kiritish uchun mas'ul hisoblanadi.
32. Agentlik xodimi egallab turgan lavozimi, ish staji, mavqei va boshqa omillardan qat'iy nazar mazkur Yo‘riqnomaning tamoyillari va talablariga rioya qilish uchun shaxsan javobgar hisoblanadi.