Qidirish

O‘rmon xo‘jaligi agentligi va tizim tashkilotlarida kontragentlarni tekshirishga oid yo‘riqnoma

1-bob. Umumiy qoidalar.

1. Ushbu Yo‘riqnoma O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi agentligi va uning tizim tashkilotlari (keyingi o‘rinlarda – Agentlik va tizim tashkilotlari) tomonidan xarid qilish tartib-taomillari, shu jumladan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma tuzishda ishtirokchilarni majburiy tekshirishning (keyingi o‘rinlarda Xarid jarayonlari ishtirokchilarini tekshirish) asosiy talablari, tartibi va usullarini belgilaydi.

2. Xarid jarayonlari ishtirokchilarini tekshirishning maqsadlari quyidagilardan iborat:

Agentlik va tizim tashkilotlari xodimlarining manfaatlar to‘qnashuvi va shaxsiy manfaatdorligi bilan bog‘liq bo‘lgan korrupsiyaviy xatarlarni kamaytirish; nohalol ijrochi bilan shartnoma tuzish xatarini kamaytirish; xarid jarayoni ishtirokchisining shartnomada belgilangan tovarlarni yetkazib berish yoki xizmat ko‘rsatish, ishlarni bajarish imkoniyatini baholash; Kontragent bilan shartnoma tuzish to‘g‘risidagi qarorni tegishli darajada ehtiyotkorlik bilan qabul qilish.

3. Xarid jarayonlari ishtirokchilarini tekshirish xaridning barcha ishtirokchilari, shu jumladan, ular o‘rtasidagi aloqa mavjudligi ehtimoli nuqtai nazaridan ham amalga oshiriladi.

4. Tekshiruv ushbu Yo‘riqnomaning 6 va 7-bandida ko‘rsatilganlardan tashqari barcha yangi kontragentlarga nisbatan, shuningdek amaldagi kontragentlarga nisbatan kamida bir yilda bir marta amalga oshiriladi.

5. Ushbu Yo‘riqnomaning 7 va 8-bandida ko‘rsatilgan holatlardan tashqari, kontragent tekshiruvi natijalari bo‘yicha xulosani olmasdan turib shartnomani imzolash va (yoki) to‘lovlarni amalga oshirishga yo‘l qo‘yilmaydi.

6. Elektron do‘kon va boshlang‘ich narxni pasaytirish uchun auktsion shaklida o‘tkaziladigan xaridlar bo‘yicha kontragentlar tekshirilmaydi.

7. Shuningdek, tekshiruv quyidagi kontragentlarga nisbatan amalga oshirilmasligi mumkin: Agentlik markaziy apparati bilan yoki tarkibiy va hududiy bo‘linmalar o‘zaro shartnomaviy munosabatga kirishayotgan bo‘lsa; Kommunal va boshqa shu kabi xizmatlarni (shu jumladan, elektr, gaz, issiqlik, muhandislik-texnika, suv ta'minoti, suv chiqarish, oqava suvlarni tozalash, qattiq maishiy chiqindilarni utilizatsiya qilish (ko‘mish) tarmoqlariga ulanish), shuningdek davlat tomonidan tartibga solinadigan tovarlar (ishlarning, xizmatlarning) narxlar (tariflar) bo‘yicha yetkazib beruvchi hisoblangan kontragentlar; O‘zbekiston Respublikasining tabiiy monopoliyalari hisoblangan kontragentlar.

8. Ushbu Yo‘riqnomada quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llanilgan:

ijrochi – Agentlikda tuzilgan xarid komissiyasi a'zolari;

kontragent – Agentlikning xarid jarayonlari doirasida shartnomaviy munosabatlarga kirishishni rejalashtirayotgan har qanday yuridik yoki jismoniy shaxs;

kontragent/kontragentning benefitsiar egasi (yakuniy benefitsiar) - kontragentning xususiy egasi bo‘lgan yoki ushbu Kontragent uchun majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar berish, qabul qilinayotgan qarorlarga ta'sir ko‘rsatish yoki boshqacha tarzda uning xarakatlarini bevosita yoki bilvosita nazorat qilish huquqi yoki imkoniyatiga ega bo‘lgan jismoniy shaxs;

korrupsiyaviy xarakatlar – xodim tomonidan bevosita yoki bilvosita shaxsan yoki uchinchi shaxslar orqali pora beruvchi manfaatlari yo‘lida harakat yoki harakatsizlik uchun moddiy manfaatdor bo‘lishi, shu jumladan pul, qimmatbaho qog‘oz, boshqa ko‘rinishdagi mulk va mulkiy huquqlar, mulkiy harakterdagi xizmatlar olish, talab qilish, undirish, taklif qilish yoki berish, pora berish va/yoki olish yoki bunda vositachilik qilishda, rasmiyatchiliklarni soddalashtirish uchun to‘lovlar undirish (pora olish) va boshqa noqonuniy maqsadlarda o‘z xizmat vazifalaridan noqonuniy foydalanish;

manfaatlar to‘qnashuvi – Agentlik va tizim tashkilotlari xodimining shaxsiy manfaati (bevosita yoki bilvosita) u tomonidan xizmat vazifalarini tegishli tarzda bajarishiga ta'sir ko‘rsatayotgan yoki ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan va xodimning shaxsiy manfaati bilan Agentlik manfaatlari o‘rtasida ziddiyat yuzaga kelayotgan yoki kelishi mumkin bo‘lgan vaziyat;

maxfiy axborot – bu olinishi, ishlanishi, uzatilishi yoki foydalanilishi O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi yoki axborot egasining ichki hujjatlariga muvofiq cheklanadigan har qanday shakldagi axborot;

tashabbuskor – Agentlikning tarkibiy bo‘linmasi;

xodimning shaxsiy manfaatdorligi – Agentlik xodimi, uning yaqin qarindoshi yoki xodim bilan bog‘langan shaxslar tomonidan xodimning mansab yoki xizmat vazifalarini tegishli tarzda bajarishiga ta'sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan (shaxsiy, ijtimoiy, moliyaviy, siyosiy va boshqa tijorat yoki notijorat manfaatlari) pul mablag‘lari, moddiy va nomoddiy qadriyatlar, boshqa mulk, foyda, imtiyoz va afzalliklar ko‘rinishidagi shaxsiy foyda olish.

yaqin qarindoshlar – qarindosh yoki quda tomondan qarindosh bo‘lgan shaxslar, ya'ni ota-ona, tug‘ishgan va o‘gay aka-uka va opa-singillar, er-xotin, farzand, shu jumladan farzandlikka olinganlar, bobo, buvi, nevaralar, shuningdek, er-xotinning ota-onasi, tug‘ishgan va o‘gay aka-uka va opa-singillari.


2-bob. Tekshiruvni boshlash tartibi, tekshiruv uchun talab qilib olinadigan hujjatlar va axborot manbalari.

9. Xarid jarayoni doirasida uning ishtirokchilarini tekshirish xarid komissiyasi tomonidan ishtirokchilar bergan takliflar solingan konvertlarni baholash uchun ochilganidan keyin, biroq xarid qilish tartib-taomillari yakunlari bo‘yicha g‘olib bo‘lgan taklifning aktsepti to‘g‘risida qaror qabul qilinguniga qadar amalga oshiriladi.

10. Xarid jarayoni doirasida qonunchilik va Agentlikning ichki hujjatlarida o‘rnatilgan muddatlarga rioya qilinishi ustidan tekshiruvni amalga oshirish uchun ma'sul – tegishli Xarid komissiya raisi yoki shartnoma tashabbuskori hisoblanadi (agar xarid to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma bo‘yicha amalga oshirilayotgan bo‘lsa). Bunda ijrochi Xarid komissiyasi raisi tomonidan tayinlanadi.

11. Kontragentlar tekshiruvi ijrochi tomonidan hujjatlar tashabbuskoridan ushbu Yo‘riqnomaning 15-bandida ko‘rsatilgan hujjatlar olingan sanadan 5 kundan ortiq bo‘lmagan muddatda amalga oshiriladi.

12. Tekshiruvni belgilangan muddatlarda o‘tkazish imkoni bo‘lmagan taqdirda uning davomiyligi Xarid komissiyasi raisi bilan kelishilgan holda 3 kundan ortiq bo‘lmagan muddatga yozma shaklda uzaytirilishi mumkin.

13. Kontragentlarning tekshiruvini shoshilinch tartibda o‘tkazish zaruriyati mavjud bo‘lgan hollarda, tashabbuskor shoshilinch tartibi asoslangan, tekshiruvni o‘tkazishning zarur muddatlari ko‘rsatilgan xizmat xati bilan Xarid komissiyasiga murojaat qiladi. Shoshilinch tekshiruv o‘tkazish to‘g‘risidagi qaror qabul qilishga Xarid komissiyasi qarori asosida yo‘l qo‘yiladi.

14. Kontragentlarni tekshirish maqsadida hujjatlarni to‘plash va taqdim qilish uchun Xarid komissiyasi raisi yoki tashabbuskor (agar xarid to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma bo‘yicha amalga oshirilayotgan bo‘lsa) mas'ul bo‘ladi.

15. Kontragentni tekshirish uchun ijrochiga quyidagi hujjatlar taqdim etiladi: kontragentning o‘zi ushbu Yo‘riqnomaning 1-ilovasiga muvofiq shaklda to‘ldirgan yakuniy benefitsiarlari to‘g‘risidagi ma'lumotnoma; kontragentdan olingan hujjatlar nusxasi (ushbu Yo‘riqnomaning 2-ilovasi); kontragentning korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha ichki hujjatlari (mavjud bo‘lsa) nusxasi (siyosatlar, nizomlar, odob-ahloq qoidalari, korrupsiyaga qarshi dasturlar va boshqalar).

16. Ushbu Yo‘riqnomaning 15-bandida ko‘rsatilgan hujjatlarni olish O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq majburiy hisoblanadi, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha kontragentning ichki hujjatlari va yakuniy benefitsiarlar to‘g‘risidagi ma'lumotnoma bundan mustasno. Kontragent korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha ichki hujjatlar va yakuniy benefitsiarlar to‘g‘risidagi ma'lumotnomani taqdim etishni rad etgan taqdirda, tashabbuskor bu haqda Kontragent ustidan taqdim etilgan hujjatlar asosida tekshiruvni amalga oshiradigan ijrochiga xabar beradi.

17. Kontragentdan olingan barcha hujjatlar notarial tarzda yoki kontragentning vakolatli vakili tomonidan tegishli tarzda tasdiqlangan bo‘lishi lozim. Taqdim etiladigan hujjatlar amal qilayotgan bo‘lishi, davlat reyestrlari hujjatlari esa tekshiruv sanasiga qadar 30 (o‘ttiz) kundan ortiq bo‘lmagan muddatda olingan bo‘lishi kerak.

18. Kontragentni tekshirish uchun ma'lumotlar to‘plash ijrochi tomonidan kontragent, uning egalari va rahbarlari, faoliyati to‘g‘risida yaxlit va xolis fikrga ega bo‘lish, shuningdek, undan olingan hujjat va ma'lumotlarning ishonchliligi, shu jumladan, ularning ishonchsizligi bo‘yicha belgilar yo‘qligini (soxtalashtirish alomatlari mavjud emasligini) baholash uchun amalga oshiriladi. Kontragentlarni tekshirish doirasida ijrochi kontragent tomonidan taqdim etilgan axborot va hujjatlarni tahlil qiladi. Ushbu Yo‘riqnomaning 2-ilovasida ko‘rsatilgan hujjatlarni kontragentdan olish imkoni bo‘lmaganda yoki olingan hujjat yoki axborotlarning ishonchli emasligi (soxtalashtirilgani) belgilari mavjud bo‘lgan hollarda ijrochi kontragent tekshiruvi natijalari to‘g‘risidagi xulosada tegishli belgi qo‘yadi. Ijrochi Yo‘riqnomaning 3-ilovasida ko‘rsatilgan axborot manbalaridan foydalanishi mumkin. Ushbu ro‘yxat tavsiyaviy bo‘lib, zaruriyat tug‘ilganda ijrochi boshqa manbalardan foydalanishi mumkin. Shuningdek, Ijrochi tegishli tashkilotlarga rasmiy so‘rovnoma yuborish yo‘li bilan olingan hujjatlarni, Agentlikning ichki resurslari, shu jumladan, kontragentlar tekshiruvlari reyestri, xodimlarning manfaatlar to‘qnashuvi reyestri va boshqalarni tahlil qiladi.

19. Kontragentni tekshirish uchun ishlatilgan manbalar qonuniylik va xolislik talablariga javob berishi kerak.

20. Zaruriyat bo‘lganda ijrochi tekshiruv davomida kontragentlarni joyiga chiqib, o‘rganishi mumkin. Bu kabi tekshiruvlarni ijrochi o‘z bo‘linmasi rahbari bilan kelishilgan holda o‘tkazadi. Sayyor tekshiruv davomida tashkilot rahbari (vakolatli vakili) bilan uchrashuv bayonnomasi tuzilib, unda kontragentdan olingan, dastlab ijrochi tomonidan asl nusxalari bilan taqqoslangan hujjatlarning tasdiqlangan nusxalari sanab o‘tiladi. Olingan hujjatlar nusxalarining va (yoki) kontragentning vakolatli vakili tomonidan taqdim etilgan izohlar ro‘yxati tekshirilayotgan kontragentning vakolatli vakili va ijrochi tomonidan imzolangan alohida ro‘yxat ko‘rinishida rasmiylashtirilishi va uchrashuv bayonnomasiga ilova qilinishi kerak.


3-bob. Kontragentlarni tekshirish metodologiyasi.

21. Kontragentlarni tekshirish quyidagi asosiy yo‘nalishlar bo‘yicha amalga oshiriladi:

1) kontragentning huquq layoqati, moliyaviy barqarorligi, ishonchliligi va u bilan bo‘lgan o‘zaro munosabatlar tarixini tekshirish, shu jumladan:

a) shartnomani bajarish uchun zarur texnik, moliyaviy, moddiy, xodimlar va boshqa resurslarning mavjudligi;

b) shartnoma tuzish uchun qonuniy huquqqa egalik;

v) soliqlar va yig‘imlarni to‘lash bo‘yicha muddati o‘tgan qarzdorlikning mavjud emasligi;

g) kontragentlarga nisbatan joriy etilgan bankrotlik tartib-taomillarining mavjud emasligi;

d) insofsiz ijrochilarning yagona reyestrida qayd etilmaganligi;

2) kontragentning ish sohasidagi obro‘-e'tibori;

3) manfaatlar to‘qnashuvi mavjud emasligini tekshirish.

Ko‘rsatilgan yo‘nalishlar bo‘yicha tekshiruv o‘tkazish majburiy hisoblanadi. Tekshiruv yo‘nalishlari ro‘yxati har bir alohida holatda ijrochining xarid komissiyasi qarori bilan kelishilgan talabiga ko‘ra kengaytirilishi mumkin. Bunda, tekshirish yo‘nalishi davlat xaridlarini tartibga soluvchi qonunchilikka zid bo‘lishi va (yoki) raqobat tamoyillarini cheklashga olib kelishiga yo‘l qo‘yilmasligi lozim.

22. Ijrochi foydalanish mumkin bo‘lgan axborot manbalarining tahlilini amalga oshiradi va 24-26-bandlarda ko‘rsatilgan har bir yo‘nalishga nisbatan quyidagi kontragentning tekshiruv natijalari to‘g‘risida xulosada ko‘rsatilgan ma'lumotlarning bor-yo‘qligini belgilaydi.

23. Ushbu Yo‘riqnoma amalga kiritilgunga qadar shartnomaviy munosabatlarda bo‘lgan Agentlikning amaldagi kontragentni tekshirishda ijrochi bundan avvalgi shartnomaviy munosabatlarning davomiyligi, ushbu kontragent bilan o‘zaro harakat tajribasi va uning Agentlik bilan avval tuzilgan shartnomalar bo‘yicha majburiyatlarni bajarishdagi halolligini tekshiradi. Yangi kontragentni tekshirishda ijrochi kontragent tomonidan shu kabi shartnomalarning bajarilganligi to‘g‘risidagi axborot va boshqa buyurtmachilar (mijozlar) bergan tavsiyanomalarni tahlil qiladi hamda imkon darajasida ushbu kontragentning boshqa mijozlar oldidagi shartnomaviy majburiyatlarini bajarishdagi halolligini tekshiradi.

24. Kontragentning huquqiy layoqatini, moliyaviy barqarorligi, ishonchliligi va u bilan bo‘lgan munosabatlar tarixini tekshirish doirasida ijrochi quyidagi ma'lumotlarni aniqlaydi:

Tadbirkorlik sub'ektlarining Yagona reyestrida kontragentning borligi;

kontragentning yuridik va amaldagi manzili;

kontragent rahbari va ta'sischilarining F.I.Sh.;

kontragent asosiy faoliyat turining xarid predmetiga muvofiqligi;

kontragent faoliyatini tugatish, qayta tashkil etish, o‘ziga nisbatan joriy etilgan bankrotlik tartib-taomillarining mavjud emasligi;

kontragentda O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq ravishda litsenziyalanishi kerak bo‘lgan faoliyat turlarini amalga oshirish uchun zarur litsenziyalarning (ruxsatnomalar) mavjudligi;

Kontragentda ochiq axborot, taqdim etilgan hujjatlar va buxgalteriya hisobdorligiga muvofiq, asosiy mablag‘lar, xususiy kapital, xodimlar va boshqa texnik, moliyaviy, moddiy va Agentlik oldidagi majburiyatlarni bajarish uchun zarur bo‘lgan boshqa resurslarning mavjudligi;

Kontragent nomidan agentlik bilan shartnomaviy munosabatlarga kirishayotgan shaxsda tegishli vakolatning mavjudligi;

Kontragent maxsus axborot portalida insofsiz ijrochilarning yagona reyestriga kiritilmaganligi;

Kontragentning so‘nggi ikki yil ichida Agentlik oldidagi shartnomaviy majburiyatlarini o‘z vaqtida bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi to‘g‘risida ma'lumotlar mavjud emasligi;

Kontragentda soliqlar va yig‘imlarni to‘lash bo‘yicha muddati o‘tgan qarzdorlikning mavjud emasligi.

25. Kontragentning ish sohasidagi obro‘-e'tiborini tekshirish doirasida ijrochi quyidagi ma'lumotlarni aniqlaydi:

ochiq axborot manbalarida kontragent, uning mulkiy egalari, shu jumladan benefitsiar mulkiy egalari yoki rahbarlarning firibgarlik, soxtalashtirish va korrupsiya bilan bog‘liq jinoyatlar yoki boshqa noqonuniy faoliyatda ishtirok etganligi to‘g‘risidagi axborot mavjud emasligi;

kontragent rahbariga nisbatan huquqni muhofaza qiluvchi yoki boshqa davlat organlarida qoralovchi ma'lumotlar yoki materiallarning mavjud emasligi;

kontragent, uning mulkiy egalari yoki bosh direktor (boshqaruv organlari a'zolari) va boshqa rahbarlarning jinoiy tuzilmalar, ekstremistik va terroristik tashkilotlar bilan o‘zaro aloqasi mavjud emasligi;

kontragentning ishbilarmonlik ahloqiy me'yorlari va korrupsiyaga qarshi kurash masalalarini tartibga soluvchi tartib-taomil va siyosatlarning mavjudligi;

kontragentning mulk egalari yoki rahbarlariga (boshqaruv organlari a'zolari) nisbatan uning moliyaviy-xo‘jalik faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan jinoyat ishlari mavjud emasligi;

kontragent, uning mulk egalari yoki boshqa rahbarlari to‘g‘risida boshqa salbiy ma'lumotlar mavjud emasligi;

26. O‘zbekiston Respulikasi “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi Qonunning 14-moddasiga muvofiq, Davlat buyurtmachisining, davlat xaridlari elektron tizimi operatorining, ixtisoslashgan tashkilotning, ekspert tashkilotining mansabdor shaxslari va boshqa xodimlari, shuningdek xarid komissiyasining a'zolari hamda ekspertlar xarid qilish tartib-taomillarini amalga oshirishda o‘z ishtirokidagi davlat xaridlariga doir bitimning natijasi bo‘lgan har qanday shaxsiy foydani bevosita yoki bilvosita olish huquqiga ega emas. Shunga muvofiq, ijrochi ushbu Yo‘riqnomaning 1-ilovasiga muvofiq shaklda to‘ldirilgan kontragentning yakuniy benefitsiarlari to‘g‘risidagi ma'lumotnomada aks ettirilgan ma'lumotlarning tadbirkorlik sub'ektlari Yagona davlat reyestri ma'lumotlariga muvofiqligini tekshiradi. Ushbu tekshiruv kontragentning rahbarlari va ta'sischilariga nisbatan ham amalga oshiriladi. Shuningdek, ijrochi manfaatlar to‘qnashuvi mavjudligi yoki yo‘qligini quyidagi mezonlar bo‘yicha tekshiradi: kontragentning yagona yoki mulkiy egalaridan biri, shu jumladan, benefitsiar mulkiy egasi – bu Xarid jarayonining boshqa ishtirokchisi rahbari yoki uning yaqin qarindoshi emasligi; kontragentni tanlashda ishtirok etuvchi tashabbuskor yoki Agentlikning boshqa xodimlari yoki ularning yaqin qarindoshlari uning ustav kapitalidagi ommaviy aylanmada bo‘lmagan aktsiyalari yoki hissalariga, kontragentning Respublika fond birjasida yoki yana boshqa bir fond birjasida ommaviy aylanmada bo‘lgan 5% dan ortiq qimmatli qog‘ozlariga egalik qilmasligi; kontragentni tanlashda ishtirok etuvchi tashabbuskor yoki Agentlikning boshqa xodimlari yoxud ularning yaqin qarindoshlari kontragent boshqaruv kengashi tarkibiga kirmasligi yoki uning faoliyati natijalaridan shaxsiy manfaatdorlikka (shu jumladan ularning investitsiyalarini amalga oshirishda) ega bo‘lmasligi; kontragentni tanlashda ishtirok etuvchi tashabbuskor yoki Agentlikning boshqa xodimlari yoxud ularning yaqin qarindoshlari kontragentda rahbarlik lavozimi yoki qarorlar qabul qilish bilan bog‘liq lavozimlarda ishlamasligi; kontragent va Xarid komissiyasi a'zolari o‘rtasida affillanganlik aloqalarining mavjud emasligi; manfaatlar to‘qnashuviga olib keladigan boshqa sharoitlar.

Manfaatlar to‘qnashuvi mavjudligini tekshirishni ijrochi kontragentlar tomonidan taqdim etilgan ma'lumotlarni manfaatlar to‘qnashuvini deklaratsiyalash doirasida Agentlik xodimlari tomonidan aks ettirilgan va tegishli reyestrga kiritilgan ma'lumotlar bilan taqqoslash orqali amalga oshiradi.


4-bob. Tekshiruv natijalarini rasmiylashtirish.

27. O‘tkazilgan tekshiruv natijalari bo‘yicha ijrochi ushbu Yo‘riqnomaning 4-ilovasida keltirilgan shaklda hisobot tuzadi. Kontragent tekshiruvi natijalari to‘g‘risidagi hisobotga ijrochi o‘tkazilgan tahlil va tahlilni tasdiqlovchi boshqa hujjatlarni ilova qiladi.

28. Real yoki potentsial manfaatlar to‘qnashuvi alomatlari aniqlangan taqdirda ijrochi uni tartibga solish zaruriyati to‘g‘risida choralarni ko‘rish bo‘yicha Xarid komissiyasi raisi yoki tashabbuskorga taklif kiritadi. Agar manfaatlar to‘qnashuvi alomatlari Agentlik xodimlarida aniqlangan bo‘lsa, bu haqida Korrupsiyaga qarshi komplayens-nazorat xizmatini xabardor qiladi. Manfaatlar to‘qnashuvi mavjud yoki mavjud emasligi bo‘yicha o‘tkazilgan tahlil yakunlari va uni tartibga solish bo‘yicha choralar ham kontragent tekshiruvi natijalari to‘g‘risidagi hisobotda aks ettiriladi.

29. Xatar indikatorlari aniqlanganda ijrochi kontragent tekshiruvi natijalari to‘g‘risidagi hisobotda aniqlangan xatarlarni kamaytirishga yo‘naltirilgan kontragent bilan ishlash bo‘yicha tavsiyalarni taklif qiladi va aks ettiradi (masalan, shartnomaga avans to‘lovlarga taqiqni kiritish va boshqa).

30. Ijrochi kontragent tekshiruvi natijalari to‘g‘risidagi xulosani Xarid komissiyasi raisi yoki tashabbuskorga taqdim etadi. Xarid komissiyasi raisi yoki tashabbuskor olingan xulosani xarid ishtirokchisini tanlash to‘g‘risida qarorni qabul qilish doirasida hisobga oladi, bu haqda xarid komissiyasi yoki kontragent bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma tuzishdagi bayonnomada tegishli yozuv kiritiladi.

31. Kontragent va Agentlik xodimi o‘rtasida real manfaatlar to‘qnashuvi mavjud bo‘lgan taqdirda, u Xarid jarayonini davom ettirishdan oldin Agentlikda manfaatlar to‘qnashuvini boshqarish bo‘yicha ichki hujjatga asosan tartibga solinishi kerak. Manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solish imkoni bo‘lmagan taqdirda kontragent xarid jarayonida ishtirok etishdan chetlatilishi lozim.

32. Agar to‘g‘ridan-to‘g‘ri haridlar doirasida kontragentni tekshirish natijalariga ko‘ra, korrupsiyaviy xavf-xatarning mavjudligini yoki korrupsiyaga qarshi kurashish tizimining yo‘qligini ko‘rsatuvchi ma'lumotlar aniqlansa, u holda kontragent bilan shartnoma tuzish ehtimoli haqidagi qaror agentlik direktori tomonidan qabul qilinadi.

33. Kontragent tekshiruvi natijalari to‘g‘risidagi xulosa majburiy tartibda xarid qilish jarayonlari natijalari to‘g‘risidagi qaror qabul qilish, shartnoma bo‘yicha kelishish va to‘lovlarni amalga oshirish uchun talab etiluvchi hujjatlar paketiga qo‘shib qo‘yiladi.

34. Tekshiruv natijalari to‘g‘risida hisobot chiqqanidan boshlab uch ish kunidan kechiktirmay komplayens-nazorat xizmati bu haqidagi ma'lumotni ushbu yo‘riqnomaga 5-ilovaga muvofiq shaklda Kontragentlarni tekshirish reyestriga kiritadi.

35. Kontragentlarni tekshirish reyestri va kontragentlarni tekshirish natijalari, shuningdek, tekshiruv uchun ariza, kontragentni tekshirish natijalari to‘g‘risidagi hisobot, kontragentlar tomonidan taqdim etilgan hujjatlar hamda ijrochi tomonidan tegishli manbalardan olingan ma'lumotlar kontragent bilan shartnoma munosabatlari to‘xtatilgan kundan boshlab kamida 3 (uch) yil komplayens-nazorat xizmatida saqlanadi.

36. Kontragentlarni tekshirish reyestri va kontragentlarni tekshirish natijalari, shuningdek, tekshiruv uchun ariza, kontragentni tekshirish natijalari to‘g‘risidagi hisobot, kontragentlar tomonidan taqdim etilgan hujjatlar hamda ijrochi tomonidan tegishli manbalardan olingan ma'lumotlar konfidentsial bo‘lib, Agentlik xodimlariga hamda xizmat vazifalari va vakolatlari bunday ma'lumotlardan foydalanishni o‘z ichiga olmagan boshqa uchinchi shaxslarga oshkor qilinmaydi.


5-bob. Yakuniy qoidalar.

37. Kontragentlarni tekshirish jarayoni doimiy ravishda komplayens-nazorat xizmati tomonidan monitoring qilib boriladi.

38. Davlat xaridlari va korrupsiyaga qarshi qonunchilikning ushbu yo‘riqnomaga ta'sir qiladigan normalari o‘zgarganda, Yo‘riqnoma qayta ko‘rib chiqiladi.