O‘rmon xo‘jaligi agentligi va tizim tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimining holati to‘g‘risidagi hisobotni shakllantirish va taqdim etish bo‘yicha tartib
1-bob. Umumiy qoidalar.
1. Mazkur Tartib O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi agentligi va uning tizim tashkilotlari (keyingi o‘rinlarda – Agentlik va tizim tashkilotlari)da korrupsiyaga qarshi kurashish tizimining faoliyat yuritishi va korrupsiyaga qarshi tadbirlarni amalga oshirishi to‘g‘risidagi hisobdorlikni shakllantirish tartibini belgilaydi.
2. Agentlik va tizim tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimining faoliyat yuritishi va rivojlanishi masalalari bo‘yicha hisobotlarni (keyingi o‘rinlarda – Hisobotlar) shakllantirish va taqdim etish uchun mas'uliyat Agentlikning Korrupsiyaga qarshi komplayens-nazorat xizmati yoki mas'ul xodimlari zimmasida bo‘ladi.
3. Agentlikning tizim tashkilotlari hisobotlarini taqdim qilish uchun mas'uliyat hududiy va tarkibiy bo‘linmalardagi korrupsiyaga qarshi ichki nazorat uchun tayinlangan mas'ul xodim (keyingi o‘rinlarda – Mas'ul xodim) zimmasida bo‘ladi.
2-bob. Hisobot turlari va uni tuzish davriyligi.
4. Agentlik va tizim tashkilotlarida quyidagi hisobot turlari nazarda tutiladi:
a) Agentlik va tizim tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimining faoliyat ko‘rsatishi to‘g‘risidagi, shu jumladan, Agentlikning korrupsiyaga qarshi dasturi yoki yo‘l xaritasi tadbirlarini amalga oshirilishi bo‘yicha hisobot har chorakda Komplayens-nazorat xizmati tomonidan mazkur Tartibning 3-bobida belgilangan tartibda tuziladi;
b) Korrupsiyaga qarshi kurashishga oid davlat dasturida rejalashtirilgan tadbirlarni amalga oshirish to‘g‘risidagi hisobot har chorakda Komplayens-nazorat xizmati tomonidan mazkur Tartibning 4-bobida belgilangan tartibda tuziladi.
5. Hisobot muntazam ravishda ushbu Tartibda belgilangan qoidalar va muddatlarda, Agentlik va tizim tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimining holatidan, shuningdek, hisobot davrida korrupsiyaga qarshi tadbirlar o‘tkazilgan yoki yo‘qligidan qat'iy nazar, tuziladi.
Yilning IV choragi uchun yillik hisobot tayyorlanadi.
6.Har choraklik va yillik hisobotlar Agentlik direktoriga (Agentlik hay'atiga) topshiriladi.
Agentlikning markaziy apparatidagi Komplayens-nazorat xizmati har chorakda, keyingi chorak birinchi oyining 25-sanasidan kechiktirmay Agentlikning umumiy hisobotini O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga (keyingi o‘rinlarda – Agentlik) ko‘rib chiqishi uchun kiritib boradi.
7.Agentlikning yillik hisobotidagi umumiy axborot Internet tarmog‘idagi rasmiy veb-saytida e'lon qilinadi. Mazkur axborot Agentlikning Komplayens-nazorat xizmati tomonidan tayyorlanadi.
3-bob. Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimining faoliyat ko‘rsatishi to‘g‘risida hisobotni shakllantirish tartibi.
8. Agentlik va tizim tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimining faoliyat ko‘rsatishi to‘g‘risidagi hisobot korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini monitoring va nazorat qilish, shuningdek, Agentlikning korrupsiyaga qarshi dastur yoki yo‘l xaritasi tadbirlarini amalga oshirilishini monitoring qilish maqsadida tuziladi.
9.Hisobot har chorakda Komplayens-nazorat xizmati tomonidan hisobot davridan keyingi oyning 20-sanasidan kechiktirmay tuziladi va Agentlik direktoriga (Agentlik hay'atiga) ko‘rib chiqish uchun topshiriladi.
10.Hisobotni shakllantirish quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
a) hisobot davridan keyingi oyning 2-sanasidan kechiktirmay, Agentlikning markaziy appartidagi Komplayens-nazorat xizmati mas'ul xodimlarga ushbu oyning 10-sanasigacha tegishli rahbarlar tomonidan tasdiqlangan mazkur Tartibning 1-ilovasiga muvofiq shaklda hisobot taqdim etishi to‘g‘risida xabarnoma yuboradi;
b) Agentlikning markaziy apparati bo‘linmalarining hisoboti Agentlikning markaziy apparatidagi Komplayens-nazorat xizmati tomonidan tuziladi va Agentlikning korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishiga mas'ul bo‘lgan rahbar o‘rinbosari tomonidan tasdiqlanadi;
Korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyati to‘g‘risidagi hisobotning biron-bir bo‘limi bo‘yicha tadbirlar o‘tkazilmagan taqdirda, tadbirlar amalga oshirilmaganligi sababini ko‘rsatish lozim;
v) hisobotlarga kiritilgan axborot tegishli hujjatlar nusxalari va boshqa ma'lumotlarga asoslangan bo‘lishi kerak;
g) Agentlikning markaziy apparatidagi Komplayens-nazorat xizmati ushbu Tartibga 2-ilovada ko‘rsatilgan shaklda Agentlik tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha tizimning faoliyat ko‘rsatishi to‘g‘risidagi umumiy hisobotni tuzadi hamda qo‘shimcha ravishda unga ushbu Tartibga 1-ilovadagi shakl bo‘yicha Agentlik va tizim tashkilotlari bo‘yicha tuzilgan hisobotdagi ma'lumotlarni kiritadi.
Hisobotda asosiy axborotni o‘zida aks ettirgan qisqacha ma'lumotnoma va takliflar bo‘lishi kerak. Yillik hisobot o‘z ichiga o‘tgan yilning xuddi shunday ko‘rsatkichlariga ega bo‘lgan solishtirma tahlilni ham qamrab olishi kerak.
11. Agentlik va tizim tashkilotlari tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimining faoliyat ko‘rsatishi to‘g‘risidagi hisobotlar va Agentlik tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimining faoliyat ko‘rsatishi to‘g‘risidagi umumiy hisobotni tuzishda Komplayens-nazorat xizmati tegishli bo‘linma xodimlaridan zarur hujjatlar, tushuntirish va statistikani so‘rash va olish huquqiga ega. Komplayens-nazorat xizmati qisqa ma'lumotnoma biriktirilgan korrupsiyaga qarshi kurashish tizimining faoliyat ko‘rsatishi to‘g‘risidagi umumiy hisobotini hisobot davridan keyingi oyning 21-sanasigacha Agentlik direktoriga taqdim etadi.
4-bob. Korrupsiyaga qarshi kurashga oid davlat dasturlarida rejalashtirilgan tadbirlarni amalga oshirish to‘g‘risidagi hisobotni shakllantirish tartibi.
12.Korrupsiyaga qarshi kurashishga oid davlat dasturida rejalashtirilgan tadbirlarni amalga oshirish to‘g‘risidagi hisobot ushbu Tartibning 3-ilovasiga muvofiq shaklda tuziladi.
13. Korrupsiyaga qarshi kurashishga oid davlat dasturida rejalashtirilgan tadbirlarni amalga oshirish to‘g‘risidagi hisobot Komplayens-nazorat xizmati tomonidan Agentlikda korrupsiyaga qarshi kurashish tizimining faoliyat ko‘rsatishi to‘g‘risidagi umumiy hisobot bilan bir vaqtda tuziladi.
14.Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Davlat dasturida rejalashtirilgan tadbirlarning amalga oshirilgani to‘g‘risidagi hisobot rahbar tomonidan ko‘rib chiqilgandan keyin Agentlikka yuboriladi.
5-bob. Yakuniy qoidalar.
15.O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi va Agentlikning ichki idoraviy hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shichalar kiritilgan taqdirda ushbu Nizom qayta ko‘rib chiqilishi lozim.
16.Nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishga Agentlikning markaziy apparatidagi Komplayens-nazorat xizmati ma'sul hisoblanadi.
O‘rmon xo‘jaligi agentligi va tizim tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimining faoliyat ko‘rsatishi to‘g‘risida umumiy hisobot
I. Agentlikning korrupsiyaga qarshi chora-tadbirlar dasturi bajarilgani to‘g‘risida umumiy axborot
Agentlik tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish tadbirlarining amalga oshirilgani to‘g‘risidagi qisqa ma'lumot, shu jumladan markaziy apparat, hududiy va tarkibiy bo‘linmalar kesimida korrupsiyaga qarshi kurashish tadbirlarini amalga oshirgan bo‘linmalar sonini ko‘rsatish zarur; Hududiy va tarkibiy bo‘linmalar kesimida korrupsiyaga qarshi kurashish tadbirlarini amalga oshirmagan bo‘linmalar ko‘rsatiladi, shuningdek, hisobotga ilovada ularning nomi, amalga oshirilmagan tadbirlar va qisqacha-asosiy sabablarini alohida ko‘rsatish lozim.
II. Siyosat va tartib-taomillar
Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha sohalarni tartibga soluvchi va hisobot davrida markaziy apparat, hududiy va tarkibiy bo‘linmalar kesimida tatbiq etilgan korrupsiyaga qarshi kurashish sohasiga taalluqli bo‘lgan normativ-huquqiy va ichki hujjatlar (siyosatlar, reglamentlar, standartlar, tartiblar, yo‘riqnomalar va shu kabilar)ni ko‘rsatish lozim.
III. Xavf-xatarlarni baholash
Agentlik tomonidan xavf-xatarlarni baholash amalga oshirilganligi to‘g‘risidagi axborot, shu jumladan, korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholashni amalga oshirgan va o‘zlarining korrupsiyaviy xavf-xatarlar xaritasini yangilagan markaziy apparat, hududiy va tarkibiy bo‘linmalar kesimida ko‘rsatish kerak;
Korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholashni amalga oshirmagan hududiy va tarkibiy bo‘linmalar soni viloyatlar, tashkilotning hududiy va tarkibiy bo‘linmalari kesimida ko‘rsatiladi, shuningdek hisobotga ilovada ularning nomi va ko‘rsatkichlarni bajarilmaganligi sabablari qisqacha ko‘rsatiladi;
Baholash jarayonida yangi aniqlangan korrupsiyaviy xavf-xatarlar markaziy apparat, hududiy va tarkibiy bo‘linmalar kesimida ko‘rsatiladi. Shuningdek, hisobot davrida aniqlangan korrupsiyaviy xavf-xatarlarni boshqarish bo‘yicha taklif etilgan va amalga oshirilgan tadbirlar qayd etiladi;
Korrupsiyaviy xavf-xatarlarning toifalar bo‘yicha nisbati (yuqori, o‘rta, past) hududiy va tarkibiy bo‘linmalari kesimida ko‘rsatiladi;
Hududiy va tarkibiy bo‘linmalar kesimida Agentlik uchun yuqori bo‘lgan qoldiq korrupsiyaviy xavf-xatarlar, shuningdek, ko‘rsatilgan korrupsiyaviy xavf-xatarlarni kamaytirish uchun taklif etilayotgan tadbirlarni ko‘rsatish lozim (mavjud bo‘lgan taqdirda).
Bo‘lim faqat har yillik hisobot davrida to‘ldiriladi. Mazkur bo‘limda tashkilot tizimida korrupsiyaviy xavf-xatarni baholashni o‘tkazish tartibiga muvofiq amalga oshirilgan xavf-xatarlarni baholash natijalari bo‘yicha tahliliy axborot aks ettiriladi.
IV. Amalga oshiriladigan korrupsiyaga qarshi kurashish tartib-taomillar
Manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solish:
Manfaatlar to‘qnashuvi deklaratsiyalangan va tartibga solingan holatlar soni, shu jumladan, ishga qabul qilish, har yillik deklaratsiyalash jarayonida (mavjud bo‘lgan taqdirda), markaziy apparat, hududiy va tarkibiy bo‘linmalar kesimida ko‘rsatiladi;
Tashkilotda manfaatlar to‘qnashuvini markaziy apparat, hududiy va tarkibiy bo‘linmalar kesimida manfaatlar to‘qnashuvining yillik deklaratsiyasi tartib-taomillaridan o‘tgan xodimlarning umumiy xodimlar soniga foizlardagi nisbati, shuningdek, deklaratsiyalangan va tartibga solingan manfaatlar to‘qnashuvi holatlari qayd etiladi;
Tashkilot bo‘yicha rejalashtirilgan manfaatlar to‘qnashuvining har yillik deklatsiyalanadigan manfaatlar to‘qnashuviga nisbatan ko‘rsatkichlari bajarilmagan hududiy va tarkibiy bo‘linmalar kesimida tahliliy ma'lumotlarni keltirish kerak (masalan, manfaatlar to‘qnashuvini barcha rahbarlar deklaratsiyalashi lozim, amalda esa faqat 50% gina rahbar buni bajargan);
Hududiy va tarkibiy bo‘linmalar kesimida Agentlik tizimida aniqlangan manfaatlar to‘qnashuvi va qabul qilingan choralar bo‘yicha, shu jumladan, umumiy soni va toifalar kesimida (masalan, xarid protseduralaridagi, ish bo‘yicha bevosita bo‘ysunish natijasida va shu kabilarda) tahliliy ma'lumotlarni keltirish lozim.
Korrupsiyaga qarshi qoidalarni Agentlik sharnomalariga kiritish
Korrupsiyaga qarshi qoidalarni Agentlikning xo‘jalik shartnomalariga (shartnomalarning foizli nisbati) kiritish bo‘yicha, shu jumladan markaziy apparat, hududiy va tarkibiy bo‘linmalar kesimidagi kontragentlar tahririda tahliliy ma'lumotlarni keltirish, kontragentlarning korrupsiyaga qarshi qoidalarni shartnomalarga kiritishni rad etish sabablarini ko‘rsatish;
Markaziy apparat, hududiy va tarkibiy bo‘linmalar kesimida Agentlik tizimida kontragent tomonidan korrupsiyaga qarshi qoidalar buzilishi sababli shartnomalarni bekor qilish bo‘yicha tahliliy ma'lumotlarni ko‘rsatish.
Kontragentlarni tekshirish:
Hisobot davrida kontragentlar bo‘yicha o‘tkazilgan tekshiruvlar soni, ijobiy va salbiy xulosalarning foizlardagi nisbati markaziy apparat, hududiy va tarkibiy bo‘linmalar kesimida ko‘rsatiladi.
Ishga nomzodlarni tekshirish:
Markaziy apparat, hududiy va tarkibiy bo‘linmalar kesimida Agentlik tizimiga ishga kirish uchun nomzodlar ustidan o‘tkazilgan tekshiruvlar soni ko‘rsatiladi.
Manfaatlar to‘qnashuvini deklaratsiya qilish hisobot davrida bajarilgan bo‘lsagina axborot to‘ldiriladi.
Axborot faqat yillik hisobotda to‘ldiriladi.
V. Ta'lim va kommunikatsiya
Agentlikda korrupsiyaga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha o‘qitishning natijalarini markaziy apparat, hududiy va tarkibiy bo‘linmalar kesimida: o‘qitilgan xodimlarning foizdagi nisbati, ta'lim shakli (bevosita/onlayn) ko‘rsatiladi;
Markaziy apparat, hududiy va tarkibiy bo‘linmalari kesimida Agentlik tizimi bo‘yicha o‘qitish darajasi past bo‘lgan korrupsiyaga qarshi ko‘nikmalarga oid axborot ko‘rsatiladi (rejalashtirilgan ko‘rsatkichlarga taqqoslangan holda);
Agentlikda korrupsiyaga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha kommunikatsiya turlari va sonini hududiy va tarkibiy bo‘linmalari kesimida (masalan, tarqatmalar, korrupsiyaga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha so‘rovnomalar o‘tkazish) ko‘rsatiladi;
Bo‘limda shuningdek, Agentlik tizimida o‘tkazilgan keng ko‘lamli alohida tadbirlarni ajratib ko‘rsatish mumkin.
VI. Korrupsiyaviy xatti-xarakatlar va huquqbuzarliklar to‘risidagi xabarlar
Hisobot davrida xodimlarning korrupsiyaviy xatti-xarakatlari, manfaatlar to‘qnashuvi, korrupsiyaga qarshi boshqa qonunbuzarliklar bilan bog‘liq masalalar to‘g‘risidagi aloqa kanallari orqali kelib tushgan xabarlar markaziy apparat, hududiy va tarkibiy bo‘linmalar kesimida ko‘rsatiladi;
Mansab vazifalari va tartib-taomillar kesimida olingan tahliliy ma'lumotlar (masalan, xaridlar jarayonida, kadrlarni ishga qabul qilish bilan bog‘liq tartib-taomillarda) keltiriladi;
Olingan xabarlar bo‘yicha tahliliy ma'lumotlar qoidabuzarliklar kesimida keltiriladi (masalan, korrupsiyaviy xatti-xarakatlar, manfaatlar to‘qnashuvi, kelishuv tartib-taomillarini protseduralarini buzish va boshqalar); Olingan xabarlar bo‘yicha tahliliy ma'lumotlar aloqa kanallari kesimida keltiriladi (masalan, ishonch telefoni, bevosita xabar berish va boshqalar).
VII. Monitoring va nazorat[1]
Markaziy apparat, hududiy va tarkibiy bo‘linmalar kesimida hisobot davrida Agentlik tizimi tomonidan mavjud korrupsiyaga qarshi talablar, nazorat tadbirlari va tartib-taomillarning bajarilgani to‘g‘risidagi tahliliy ma'lumotlar keltiriladi, shu jumladan, tekshiruvlar o‘tkazilgan tizim tashkilotlari soni, shuningdek, tekshiruv o‘tkazilgan vazifalar va tartib-taomillarining davriyligi va xarakteri to‘g‘risidagi tahliliy ma'lumotlar (rejadagi, rejadan tashqari) ko‘rsatiladi;
Hududiy va tarkibiy bo‘linmalar kesimida tekshiruvlar o‘tkazilmagan bo‘linmalar soni alohida ko‘rsatiladi, ilovada ularning nomi hamda tekshiruvlar o‘tkazilmaganligining asosiy sabablari qisqacha qayd etiladi;
O‘tkazilgan tekshiruvlar natijalari to‘g‘risidagi umumiy axborot ko‘rsatiladi, shu jumladan, ijobiy va salbiy xulosalarning foizlardagi nisbati qayd etiladi. Qoidabuzarliklar mavjud bo‘lsa, mazkur hisobotning VIII-bo‘limiga havola beriladi.
VIII. Aniqlangan qoidabuzarliklar va ta'sir choralari
Agentlikda korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi talablarning buzilganligi to‘g‘risida markaziy apparat, hududiy va tarkibiy bo‘linmalar kesimida tahliliy ma'lumotlar ko‘rsatiladi, shu jumladan:
qoidabuzarliklarning umumiy soni;
qoidabuzarliklarning qoidabuzarliklar to‘g‘risidagi axborot manbalari bo‘yicha tuzilmasi (“ishonch telefoni”, bevosita xabar berish, monitoring va nazorat natijalari va boshqalar);
Agentlik ichki hujjatlarida nazarda tutilgan vazifalar va tartib-taomillar bo‘yicha (xaridlar, kadrlarga oid masalalar va b.) qoidabuzarliklar tuzilmasi;
Agentlikda qabul qilingan ta'sir choralari to‘g‘risida tahliliy ma'lumotlarni hududiy va tarkibiy bo‘linmalar kesimida ko‘rsatish, shu jumladan:
o‘tkazilgan umumiy tadbirlar soni va aniqlangan barcha qoidabuzarliklar bo‘yicha ta'sir choralari ko‘rilganligi yoki ko‘rilmaganligi; ta'sir choralarining turlari bo‘yicha tahliliy ma'lumotlar (aybdorlarni javobgarlikka tortish, shu jumladan, javobgarlik turlari kesimida; tashkilot tizimi jarayon va ichki hujjatlariga o‘zgartishlar kiritish va boshqalar), shu jumladan, zarur bo‘lgan holda qoidabuzarlikka yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha qanday tadbirlarni tatbiq etish taklif etilmoqda va hisobot davrida qanday tadbirlar tatbiq etilganligi ko‘rsatiladi.
Tashkilotda hisobot davrida Korrupsiyaga qarshi protseduralariga rioya qilinishini monitoring va nazorat qilish metodikasiga muvofiq o‘tkazilgan tadbirlar yakunlari bo‘ycha umumiy tahliliy axborot aks ettiriladi.
IX. Xulosalar
Agentlik tizimida hududiy va tarkibiy bo‘linmalar kesimida korrupsiyaga qarshi kurashish choralarini amalga oshirishning asosiy natijalari ko‘rsatiladi, korrupsiyaga qarshi kurashish tizimining holatiga umumiy baho beriladi. Zaruriyatga ko‘ra avvalgi davrlardagi ko‘rsatkichlar bilan taqqoslama tahlil o‘tkaziladi, qoniqarli natijalarga erishganlik yoki erishmaganlik sabablari qayd etiladi.
X. Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada rivojlantirish
bo‘yicha takliflar va tadbirlar rejasi
Keyingi hisobot davrida tashkilot tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimining alohida ko‘rsatkichlarni markaziy apparat, hududiy va tarkibiy bo‘linmalar kesimida yaxshilash imkonini beruvchi asosiy tadbirlar ko‘rsatiladi.