O‘rmon xo‘jaligi agentligida 2021-yilda korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishida bajarilgan ishlari yuzasidan hisobot
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 21 yanvardagi “O‘rmon xo‘jaligi sohasida ilm-fanni rivojlantirish va ilmiy-tadqiqot ishlarini rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4960-son qaroriga asosan O‘rmon xo‘jaligi agentligi markaziy apparatida 2 ta shtat birligidan iborat Korrupsiyaga qarshi komplayens-nazorat xizmati tashkil etilgan.
Xisobot davrida xizmat tomonidan O‘zbekiston Respublikasining “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonuni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasiga oid Farmon va Qarorlari ijrosini ta'minlash borasida, ushbu xujjatlar asosida O‘rmon xo‘jaligi agentligida tegishli buyruq va boshqa me'yoriy xujjatlar qabul qilingan.
Jumladan, O‘rmon xo‘jaligi agentligining Korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarini tashkil etish bo‘yicha Agentlik raisining tegishli buyrug‘lari bilan ushbu yo‘nalishdagi Siyosati, Dasturi, “Xizmat tekshiruvlarini o‘tkazish tartibi”, “Manfaatlar to‘qnashuvini boshqarish to‘g‘risida”gi hamda “Korrupsiyaga qarshi komplayens-nazorat xizmati to‘g‘risida”gi Nizomlari, “O‘rmon xo‘jaligi agentligi va tizim tashkilotlari xodimlarining etika va korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida o‘qishini tashkil qilish bo‘yicha Yo‘riqnoma”, “Kontragentlarni tekshirishga oid Yo‘riqnoma”, “O‘rmon xo‘jaligi agentligi va tizim tashkilotlariga aloqa kanallari orqali korrupsiyaviy hatti-harakatlar to‘g‘risida kelib tushgan xabarlar (murojaatlar)ni qabul qilish va ko‘rib chiqish Tartibi”, “O‘rmon xo‘jaligi agentligi va tizim tashkilotlariga ishga qabul qilinayotgan nomzodlarni o‘rganish bo‘yicha Tartib”, “Korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash Tartibi” tasdiqlanib, mazkur me'yoriy xujjatlar asosida chora tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Komplayens-nazorat xizmati tashabbusi bilan xisobot davrida Agentlik direktori va o‘rinbosari raisiligida agentlik markaziy apparati, hududiy boshqarmalar va tizim tashkilotlari rahbarlari ishtirokida “Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarni tashkil etish to‘g‘risida” videoselektor yig‘ilishlari o‘tkazildi. Agentlik komplayens-nazorat xizmatining O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kun munosabati bilan 2021 yil 7-dekabrь kuni “Yoshlar” radiosida chiqishi bo‘ldi.
Byudjet mablag‘lari sarflanishi jarayonining ochiqligini ta'minlash maqsadida O‘rmon xo‘jaligi davlat agentliksi tomonidan amalga oshirilgan davlat xaridlari haqidagi ma'lumotlar rasmiy veb-saytlarga joylashtirilib borildi.
O‘rmon xo‘jaligi agentligi markaziy apparatiga 2021 yil davomida jismoniy va yuridik shaxslardan jami 836 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, 2020 yilga nisbatan 56 foizga ko‘paygan. Ushbu murojaatlarning korrupsiyaga oid qismi, 36 tasi komplayens nazorat xizmati tomonidan ko‘rib chiqildi. Mazkur arizalarni ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha, mablag‘larni noqonuniy sarflanishi va x.k. xolatlarga oid to‘plangan materiallar xuquqiy baxo xamda tegishli chora ko‘rish uchun prokuratura idoralariga, tizim tashkilotlaridagi mavjud kamchiliklar va xatoliklar yuzasidan aniqlangan xolatlar bo‘yicha Ko‘mita raxbariyatiga ma'lumotlar taqdim etildi.
Shuningdek, O‘rmon xo‘jaligi agentligining tizimiga kiruvchi bir qancha xo‘jaliklarning rahbarlari hamda moddiy javobgar shaxslarining o‘z mansabini suiiste'mol qilishi, davlat mulkini talon-torj qilish va daraxtlarni noqonuniy kesish holatlari yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan jami 7 ta jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov xarakatlari olib borilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 22-oktyabrdagi “Normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-5263-sonli qarori ijrosi bo‘yicha O‘rmon xo‘jaligi agentligining amaldagi 5 ta normativ-huquqiy hujjatlari (“O‘rmon to‘g‘risida”gi Qonun, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 11.05.2017 yildagi PF-5041-son Farmoni, 10.04.2020 yildagi PQ-4670-son Qarori, VMning 05.06.2000 yildagi 215-son qarori, Agentlikning 07.07.2019 yildagi 3165-ro‘yxat raqamli hujjati) belgilangan tartibda korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazilib, tegishli takliflar Adliya vazirligiga taqdim etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 6 iyuldagi “Korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatda bo‘lish muhitini yaratish, davlat va jamiyat boshqaruvida korrupsiyaviy omillarni keskin kamaytirish va bunda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-6257-sonli Farmoni ijrosini ta'minlash borasida, Agentlikning 2021 yil 29 dekabrdagi 219-sonli buyrug‘i bilan “O‘rmon xo‘jaligi agentligi va tizim tashkilotlariga aloqa kanallari orqali korrupsiyaviy xatti-harakatlar to‘g‘risida jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan xabarlar (murojaatlar)ni qabul qilish va ko‘rib chiqish Tartibi joriy etildi. Unga ko‘ra, korrupsiyaga oid harakatlar haqida axborot berish uchun xabarlar Agentlikning markaziy apparatiga quyidagi aloqa kanallari orqali: Prezident virtual qabulxonasi (https://pm.gov.uz/) orqali; Agentlikning elektron pochtasi orqali – antikor@urmon.uz, ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy kanal va sahifalari (misol uchun Facebookdagi rasmiy sahifasi (https://www.facebook.com/Urmon-News-2424914581061376) orqali; xizmat telefon raqamlari (71-263-03-58, 71-207-88-77) orqali; telegram boti (@urmon_bot) orqali; Agentlikga og‘zaki (shaxsan) murojaat qilish orqali; huquqni mahofaza qiluvchi organlar orqali va mazkur Tartibda ko‘rsatilmagan boshqa aloqa kanallari orqali yuborilishi mumkin.
Shuningdek, byudjet jarayonining ochiqligini ta'minlash maqsadida O‘rmon xo‘jaligi agentligi tomonidan amalga oshirilgan davlat xaridlari haqidagi ma'lumotlar rasmiy veb-saytlarga joylashtirib borilmoqda. Shuningdek, Agentlik va tizim tashkilotlari xodimlarini huquqiy ongini va madaniyatini o‘stirish maqsadida joriy yilda korrupsiyaga qarshi kurashish, manfaatlar to‘qnashuvi va odob-axloq qoidalari bo‘yicha o‘quv-seminarlar o‘tkazish yo‘lga qo‘yildi. Shu kunga qadar deyarli barcha tizim tashkilotlari va xo‘jaliklarda, shuningdek, markaziy apparatda mazkur mavzuda o‘quv-seminarlar o‘tkazildi.