Qidirish

O‘rmon xo‘jaligi agentligida xizmat tekshiruvlarini o‘tkazish tartibi

I-bob. Umumiy qoidalar.

1.1. Ushbu qoidalar O‘rmon xo‘jaligi agentligida (keyingi o‘rinlarda Agentlik deb yuritiladi) xizmat tekshiruvlarini o‘tkazish tartibini belgilaydi.

1.2. Xizmat tekshiruvi agentlik xodimi tomonidan sodir etilgan huquqbuzarlikni aniqlash, oldini olish va uni to‘xtatish, uning aybdorlik darajasini, o‘rganilayotgan hodisaga oid sabablar va shart-sharoitlarni aniqlash maqsadida, qoidabuzarlik natijasida yetkazilgan zararning mohiyati va miqdori, xizmat tekshiruvini o‘tkazish uchun asos bo‘lgan holatlarni o‘rganish, shuningdek kelgusida bu kabi holatlarni oldini olish uchun profilaktik choralarni qo‘llash maqsadida o‘tkaziladi.

1.3. Xizmat tekshiruvi – bu taqdim etilgan xabar bilan bog‘liq ma'lumotlarni yig‘ish va hujjatlashtirish, agentlik va tizim tashkilotlari xodimlari yoki tegishli ma'lumotga ega bo‘lgan boshqa shaxslardan (ularning roziligi bilan) tushuntirishlar olish, hujjatlar, axborot tashuvchilar bilan tanishish, xizmat xonalarini, ob'ektlarni, yer uchastkalarni, transport vositalarini tekshirish, shuningdek ushbu ma'lumotlarni baholash, xulosa va takliflarni tayyorlashdan iborat.

1.4. Xizmat tekshiruvlari agentlikda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida paydo bo‘lgan eng muhim masalalar bo‘yicha, aniq shaxslarning ushbu holatlar yuzasidan aybi dastlab aniqlanmagan holatlar bo‘yicha, shuningdek, jinoyat-protsessual ish yurituvlari doirasida qo‘shimcha sud tekshiruvlarini o‘tkazish lozim bo‘lgan holatlarda o‘tkaziladi.

1.5. Xizmat tekshiruvi O‘rmon xo‘jaligi agentligi direktorining buyrug‘i asosida o‘tkaziladi.

1.6. Xizmat tekshiruvi jarayonida holatga doir quyidagicha ma'lumotlar yig‘ilib, hujjatlashtiriladi:

– korrupsiyaga oid biror bir qonun buzilishi sodir etilganmi yoki yo‘qmi, agar sodir etilgan bo‘lsa:

– huquqbuzarlik sodir etilganlik vaqti, joyi, usuli va boshqa holatlari;

– sodir etilgan qilmish natijasida yetkazilgan zararning hususiyati va miqdori, agar mavjud bo‘lsa;

-qilmishni sodir etgan xodimning javobgarligini yengillashtiradigan yoki og‘irlashtiradigan holatlar;

-xizmat tekshiruvi olib borilayotgan xodimning shaxsiy va ishbilarmonlik fazilatlari;

-qilmishni sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlar;

-huquqbuzarlik holatlari bilan bog‘liq boshqa ma'lumotlar.

1.7. O‘tkaziladigan barcha xizmat tekshiruvlari O‘rmon xo‘jaligi davlat agentligining «Xizmat tekshiruvlarini qayd qilish jurnali»da ro‘yxatga olinadi va ularni o‘tkazish 1-ilovaga muvofiq agentlikning “Korrupsiyaga qarshi komplayens-nazorat xizmati”ga yuklatiladi.


II-bob. Xizmat tekshiruvi o‘tkazilishini tashkil etish.

2.1. Xizmat tekshiruvini o‘tkazish uchun agentlik hamda tizim tashkilotlari xodimi tomonidan korrupsiyaga oid huquqbuzarlik sodir etilganligi to‘g‘risida agentlik direktori yoki uning o‘rinbosari, yoxud “Korrupsiyaga qarshi komplayens-nazorat xizmati” rahbari tomonidan olingan ma'lumotlar asos bo‘ladi.

2.2. Xizmat tekshiruvini o‘tkazish uchun Agentlikning Korrupsiyaga qarshi komplayens-nazorat xizmati rahbari tomonidan asoslantirib yozilgan xizmat xati asosida faqatgina Agentlik direktori yoki u ishda bo‘lmagan vaqtlarda Raisning chegara, tartib va kadrlar ishlari bo‘yicha o‘rinbosarining ruxsati asos bo‘ladi (Nizomning 1.4-bandi).

2.3. Xizmat tekshiruvini o‘tkazish to‘g‘risidagi buyruqda tekshiruv boshlanish sanasi, uni o‘tkazish muddati, tekshirish o‘tkazishga vakolatli shaxs yoki raisi boshchiligidagi komissiyaning tarkibi, shuningdek, xizmat tekshiruvini o‘tkazishga asos bo‘lgan faktlar ko‘rsatiladi.

2.4. Zarurat bo‘lganda, xizmat tekshiruvi jarayonida tekshirilayotgan faktlarni aniqlash uchun tegishli malaka darajasiga ega bo‘lgan mustaqil ekspertlar jalb qilinishi mumkin.

2.5. Xizmat tekshiruvi o‘tkazish muddati buyruq chiqarilgan kundan boshlab 20 (yigirma) kundan oshmasligi kerak. Mazkur muddat xizmat tekshiruvi dalolatnomasini tayyorlash vaqtini ham o‘z ichiga oladi.

2.6. Xizmat tekshiruvi faqat belgilangan ish kunlarida va ish vaqtida o‘tkaziladi.

2.7. Xizmat tekshiruvini o‘tkazish muddati, o‘ziga nisbatan xizmat tekshiruvi o‘takzilayetgan xodimning kasalligi va / yoki xodimning mehnat ta'tili davriga to‘g‘ri kelib qolsa 6 (olti) oydan ko‘p bo‘lmagan muddatgacha uzaytirilishi mumkin.

2.8. Vakolatli shaxs yoki komissiya raisi xizmat tekshiruvi o‘tkazish rejasini ishlab chiqadi, ish yo‘nalishlarini komissiya a'zolari o‘rtasida taqsimlaydi, aniqlanadigan masalalar bo‘yicha qonunchilik va boshqa normativ hujjatlarni o‘rganadi.

2.9. Xizmat tekshiruvini o‘tkazishda uning natijalaridan bevosita yoki bilvosita manfaatdor bo‘lgan xodimlar ishtirok etishlari mumkin emas.


III-bob. Xizmat tekshiruvini o‘tkazish.

3.1. Xizmat tekshiruvini o‘tkazishda vakolatli shaxs, komissiya a'zolarining majburiyatlari quyidagicha:

– agentlik xodimlarining huquqlarini himoya qilish, agentlikning ichki me'yoriy hujjatlariga, O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga qat'iy va so‘zsiz rioya qilish;

– vakolatli shaxs yoki komissiya tomonidan, faqat tekshirish natijasida olingan va hujjatlashtirilgan haqiqiy ma'lumotlar asosidagi ish natijalari bo‘yicha xulosalar chiqarish;

–aniqlangan barcha huquqbuzarlik faktlari to‘g‘risida Agentlik direktorini o‘z vaqtida xabardor qilish;

xizmat tekshiruvi jarayonida jinoyat alomatlari aniqlangan taqdirda, bu haqda darhol agentlik direktoriga xabar berish va uning ko‘rsatmasi bilan materiallarni belgilangan tartibda xuquq-tartibot idoralariga yuborish;

– har bir aniqlangan huquqbuzarlik faktini zarur hujjatlar bilan asoslantirilishini ta'minlash, tekshiruv jarayonida aniqlangan barcha holatlarni, xato-kamchiliklar, qonun buzilish holatlari, ularga imkon bergan shart-sharoitlarni xizmat tekshiruvi dalolatnomasida 2-ilovaga asosan rasmiylashtirish;

-aniqlangan xato-kamchiliklarni bartaraf qilish bo‘yicha takliflar va oldini olish bo‘yicha tavsiyalar berish, yetkazilgan zararni qoplash, shuningdek aybdorlarga nisbatan intizomiy va boshqa javobgarlik choralarini qo‘llash.

3.2. Xizmat tekshiruvi davomida olingan hujjatlarning asl nusxalari, shuningdek axborot tashuvchilarning saqlanishini va qaytarilishini ta'minlash.

3.3. Xizmat tekshiruvini o‘tkazishda vakolatli shaxs, komissiya a'zolarining huquqlari quyidagicha:

– huquqbuzarliklar sodir etilganligi haqidagi zarur materiallar va dalillarni olish maqsadida binolarga (binolar ichki xonalariga, yordamchi xonalarga) erkin kirish va shu maqsadda agentlik hamda tizim tashkilotlarining transport vositalaridan foydalanish;

– o‘tkazilayotgan xizmat tekshiruviga doir ma'lumotlarga ega bo‘lgan agentlikning xodimlarini tekshiruv jarayoniga taklif etib, suhbatlashish va ulardan yozma tushuntirishlar olish. Xodimlardan ushbu tushuntirish xatlari agentlik direktori nomiga, erkin holatda qo‘lda yozilgan yoki kompьyuterda pechatlangan holda, tushuntirish berayotgan shaxs tomonidan imzolangan, ismi-sharifi, yozilgan joyi, vaqti ko‘rsatilgan holda rasmiylashtiriladi. Agar ushbu holat yuzasidan tushuntirish xati xodim tomonidan ikki ish kuni davomida taqdim etilmasa, mehnat qonunchiligiga muvofiq bu to‘g‘risida dalolatnoma 3-ilova asosida tuziladi.

Xodimning tushuntirish berishdan bosh tortishi unga nisbatan intizomiy jazo qo‘llash uchun asos bo‘lmaydi.

-agentlikning tizim tashkilotlaridan, shuningdek boshqa tashkilotlardan xodimning aybini/aybsizligini, shuningdek uni ijobiy harakterlovchi qo‘shimcha hujjatlarni (nusxalari, asl nusxalari, videokameralardan olingan yozuvlar va boshqalar) talab qilish;

-maxsus bilim talab etiladigan masalalar yuzasidan belgilangan tartibda agentlik xodimlaridan, shuningdek mustaqil ekspertlardan maslahatlar olish;

-noturar joy binolarini, inshootlarni, (shu jumladan idoralar, auditoriyalar, kommunal xonalar va boshqalarni), uchastka hududlarini va agentlikning balansida bo‘lgan va / yoki turgan transport vositalarini ko‘zdan kechirish va bu to‘g‘risida belgilangan tartibda dalolatnoma 4-ilovaga asosan rasmiylashtirish;

-agentlikning noturar joy binolarida, shuningdek uchastka hududlari va transport vositalarida o‘tkazilgan ko‘zdan kechirish natijasida olingan audio hamda videoyozuv materiallaridan xizmat tekshiruvi jarayonida foydalanish va ularni ish materiallariga dalil sifatida qo‘shish;

-axborotlarni saqlash vositalaridagi ma'lumotlarni o‘rganib chiqish;

-agentlikning malakali xodimlari orasidan yoki mustaqil ekspertlardan iborat ekspertlardan foydalangan holda ekspertiza tayinlash;

-o‘z vakolatlari doirasida xizmat tekshiruvi jarayonida aniqlangan huquqbuzarliklarni sodir etilishiga imkon bergan sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish yuzasidan tavsiyalar ishlab chiqish;

-ushbu tavsiyalarni ko‘rib chiqish uchun agentlik direktoriga taqdim etish, agarda tegishli tadbirlarni amalga oshirishga ruxsat olinganda, ularning bajarilishini nazorat qilish;

-agarda o‘ziga nisbatan xizmat tekshiruvi o‘tkazilgan shaxs tekshiruv natijalaridan norozi bo‘lsa, xizmat tekshiruvi dalolatnomasiga uning alohida yozma fikrini ilova qilish;

3.4. Agentlik xodimlari xizmat tekshiruvini o‘tkazayotgan vakolatli shaxsga, komissiya a'zolariga o‘z vakolatlarini amalga oshirishda zarur bo‘lgan yordamni ko‘rsatishlari shart.

3.5. O‘zlariga nisbatan xizmat tekshiruvi o‘tkaziladigan shaxslarning huquqlari:

-xizmat tekshiruvi natijalari bo‘yicha yozma tushuntirishlar taqdim etish yoki taqdim etmaslik;

-xizmat tekshiruvi natijasida qabul qilingan qaror ustidan belgilangan tartibda shikoyat qilish;

-xizmat tekshiruvi materiallari bilan tanishib chiqish.


IV-bob. Xizmat tekshiruvi natijalarini rasmiylashtirish.

4.1. Xizmat tekshiruvi natijalari bo‘yicha dalolatnoma tuziladi va u vakolatli shaxs, komissiya raisi hamda barcha a'zolari tomonidan imzolanadi.

Dalolatnomada quyidagi ma'lumotlar ko‘rsatiladi:

-xizmat tekshiruvini o‘tkazish uchun asoslar va sabablar;

-o‘ziga nisbatan xizmat tekshiruvi o‘tkazilgan xodimning lavozimi, ism-sharifi;

-xizmat tekshiruvini o‘tkazgan shaxslarning lavozimlari, ism-shariflari;

-ushbu Tartibning 1.2, 1.3, 1.6-bandlarida keltirilgan savollarga asosli javoblar;

-huquqbuzarlikni sodir etgan shaxsga nisbatan intizomiy jazo qo‘llash, uni moddiy javobgarlikka tortish to‘g‘risidagi takliflar (tekshirish natijalariga qarab), huquqbuzarlikni sodir etilishiga sabab bo‘lgan shart-sharoitlarni bartaraf etishga qaratilgan choralar, xizmat tekshiruvini tugatishga yoki tekshiruv materiallarini huquqni muhofaza qiluvchi yoki nazorat organlariga yuborish haqidagi takliflar.

4.2. Xizmat tekshiruvi xulosasi yoki dalolatnomaning ayrim bandlari mazmuni bilan rozi bo‘lmagan taqdirda, komissiya a'zosi uni dalolatnomaga ilova qilingan o‘zining alohida yozma fikri bilan imzolaydi. Bunda, dalolatnomada, ilova qilingan alohida fikr mavjudligi to‘g‘risida ko‘rsatib o‘tiladi.

4.3. Xizmat tekshiruvi dalolatnomasi o‘ziga nisbatan xizmat tekshiruvi o‘tkazilgan xodimga tanishtirilib, imzosi qo‘yiladi. Shu bilan birga ushbu xodim dalolatnomaning nusxasini olish huquqiga ham ega.

4.4. Xizmat tekshiruvi dalolatnomasi tekshiruv materiallari bilan birga, o‘tkazilgan xizmat tekshiruvi natijasi yuzasidan yakuniy qaror qabul qilish uchun Agentlik direktoriga taqdim etiladi, dalolatnoma nusxasi esa Korrupsiyaga qarshi kurashish Agentligiga yuboriladi. Xizmat tekshiruvi materiallari sahifalar bo‘yicha raqamlanib, ro‘yxat tuziladi.

4.5. Agentlik direktori o‘tkazilgan xizmat tekshiruvi materiallari bilan tanishib chiqib, ularning to‘liqligi va ob'ektivligini baholab, quyidagi qarorlarni qabul qiladi:

-huquqbuzarlik sodir etgan xodimga nisbatan mehnat qonunchiligida nazarda tutilgan intizomiy jazolardan birini qo‘llash;

-agentlikga yoki tizim tashkilotlariga yetkazilgan moddiy zararni qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda undirish;

-xodimga nisbatan profilaktik yoki ogohlantirish xarakteridagi qarorni qabul qilish to‘g‘risida;

-agentlikning ichki me'yoriy hujjatlariga zarur qo‘shimchalar va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida;

-agentlikning yangi ichki normativ-huquqiy hujjatini ishlab chiqish to‘g‘risida;

-xizmat tekshiruvi materiallarini ushbu Tartibda nazarda tutilgan muddatlarda, aniq ko‘rsatmalar bilan qo‘shimcha tekshiruv o‘tkazish uchun qaytarish to‘g‘risida;

– xizmat tekshiruvi materiallarini o‘rnatilgan tartibda qaror qabul qilish uchun huquqni muhofaza qiluvchi yoki nazorat organlariga yuborish to‘g‘risida;

– xizmat tekshiruvi dalolatnomasi nusxasini xodimning shaxsiy ish jildiga qo‘shib qo‘yish to‘g‘risida;

– huquqbuzarlikni sodir etilishiga sabab bo‘lgan shart-sharoitlarnii bartaraf etish yuzasidan boshqa qarorlar.

4.6. Xizmat tekshiruvi natijalari bo‘yicha qaror, uning ijrosi uchun mas'ul shaxslar hamda ijro muddati ko‘rsatilgan holda Agentlik direktorining buyrug‘i bilan rasmiylashtirilib, 3 (uch) ish kunida tegishli xodimga e'lon qilinib, bu haqida tilxat olinadi. Agar ish beruvchi xodimga intizomiy jazo choralarini ko‘rishga qaror qilsa, ish beruvchining mazkur buyrug‘i tegishli xodimga 3 (uch) ish kunida uning imzosini olgan holda e'lon qilinadi. Agar xodim buyruq bilan tanishgandan so‘ng, uni imzolashdan bosh tortsa, bu to‘g‘risida 5-ilovaga asosan dalolatnoma tuziladi.

4.7. Qabul qilingan qarorlarni belgilangan muddatlarda ijro etilishi uni bajarish yuklatilgan shaxslar uchun majburiy hisoblanadi, aks holda bu holat mas'ul shaxslarning intizomiy javobgarligiga sabab bo‘ladi.


V-bob. Yakuniy qoidalar.

5.1. Xizmat tekshiruvi materiallarini saqlash joyi komissiya tomonidan belgilanadi va «Xizmat tekshiruvlarini ro‘yxatdan o‘tkazish jurnali»da ko‘rsatiladi. Materiallarni saqlash muddati tekshirish natijalarida qabul qilingan qarorlar bo‘yicha da'vo muddati (qoida tariqasida – 3 (uch) yil) bilan belgilanadi. Jinoyat ishini qo‘zg‘atish to‘g‘risida qaror qabul qilish uchun xizmat tekshiruvi materiallari huquqni muhofaza qilish idoralariga yuborilgan taqdirda, materiallarning saqlanish muddati komissiyaning qaroriga ko‘ra shaxsni jinoiy javobgarlikka tortish muddati bo‘yicha belgilanadi. Komissiya tomonidan belgilanadigan xizmat tekshiruvi materiallarini saqlash muddati materiallarning sarlavhali sahifasida, shuningdek «Xizmat tekshiruvlarni ro‘yxatdan o‘tkazish jurnali”da ko‘rsatiladi. Xizmat tekshiruvi dalolatnomasining nusxasi Agentlik direktorining qaroriga binoan xodimning shaxsiy yig‘ma jildiga qo‘shib qo‘yiladi.

5.2 Xizmat tekshiruvi natijalari bo‘yicha Agentlik direktori tomonidan qabul qilingan qaror ustidan xodim qonun hujjatlarida belgilangan tartibda shikoyat qilishi mumkin.

5.5 Ushbu Tartib Agentlik direktori tomonidan tasdiqlangan paytdan boshlab kuchga kiradi va sohaga oid yangi tartib amalga kiritilguniga qadar amal qiladi.