Qidirish

O‘rmon xo‘jaligi agentligi tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish dasturi

1-bo'lim Agentlik tizimida qonuniylikni ta'minlash, xodimlarda korrupsiyaga nisbatan munosabatni shakllantirish.


1.O‘rmon xo‘jaligi agentligi (keyingi o‘rinlarda Agentlik deb yuritiladi) tizimida korruptsiya va boshqa huquqbuzarliklarning oldini olish, ularning sodir etilishiga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni aniqlash, tahlil qilishva bartaraf etish qo‘mitaning asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi.

2.Agentlik tizimida qonuniylikni ta'minlash, xodimlarda korruptsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik, korruptsiyaga oid huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun javobgarlikning muqarrarligini ta'minlash hamda korruptsiyaga qarshi kurashish sohasidagi munosabatlarni tartibga solish Dasturning asosiy maqsadidir.

3.Quyidagilar agentlik tizimida korruptsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishidagi asosiy vazifalar hisoblanadi:

-korruptsiyaga qarshi kurashishda agentlik tizim tashkilotlarining faoliyatini muvofiqlashtirish va o‘zaro hamkorligini ta'minlash;

-korruptsiyani keltirib chiqaruvchi xavfni baholash va boshqarish;

-xodimlarining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirishga, tizimda korruptsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishga doir chora-tadbirlarning ishlab chiqilishi hamda amalga oshirilishini tashkil etish;

-korruptsiyaga oid huquqbuzarliklarni aniqlashga, ularni oldini olishga va chek qo‘yishga, oqibatlarini, shuningdek ushbu illatlarga imkon beruvchi sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etishga doir chora-tadbirlar samaradorligi oshirilishini ta'minlash;

-korruptsiyaning holati va tendentsiyalari to‘g‘risidagi axborotni yig‘ish hamda tahlil etish;

-korruptsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini takomillashtirish va ushbu sohadagi ishlarni yaxshilash yuzasidan takliflar tayyorlash;

-korruptsiyaga qarshi kurashish sohasida xalqaro hamkorlikni ta'minlash.


2-bo‘lim. Agentlik tizimining barcha sohalarida korruptsiyaning oldini olishga doir tashkiliy chora-tadbirlar

4.Agentlik va tizim tashkilotlarining mansabdor shaxslari va boshqa xodimlari tomonidan o‘z mansab yoki xizmat majburiyatlarini bajarilishida korruptsiyaga yo‘l qo‘ymaslik, korruptsiyaga qarshi kurashish samaradorligi mezonlarini va uning sifatini baholash tizimlarini joriy etish.

5.Agentlik va tizim tashkilotlari faoliyatida korruptsiya keltirib chiqarish xatarlari mavjud bo‘lgan sohalarni aniqlash maqsadida fuqarolar o‘rtasida qo‘mitaning sayti va ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida “Korruptsiyani birga yengamiz” mavzusida ijtimoiy so‘rovni o‘tkazish va so‘rov natijalarini tahlil qilib uning omillarini bartaraf etishga qaratilgan “yo‘l xaritalarini” ishlab chiqish.

6.Agentlik tizimida korruptsiyani keltirib chiqaruvchi xavfni aniqlash va boshqarish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish.

7.Bo‘sh ish (vakant) o‘rinlarini ichki tartib qoidalarga ko‘ra hamda “vacancy.argos.uz” portali orqali tanlov asosida to‘ldirish va lavozimga tayinlash shartlarini belgilash.

8.Xodimlarning tanlov yoki suhbat o‘tkazilish jarayonida jamoatchilik vakillari ishtirokini, shuningdek, videoyozuv tarzda o‘tkazilishini joriy qilish orqali shaffoflikni ta'minlash.

9.Agentlik va tizim tashkilotlarida ishlayotgan xodimlarni joy-joyiga qo‘yish bo‘yicha masalalarni qayta ko‘rib chiqish. Bunda uzoq vaqt davomida bitta lavozimda ishlab samarali faoliyat olib borayotgan xodimlarni aniqlash va ularni kamida bir pog‘ona yuqoriroq lavozimlarga o‘tkazish amaliyotini qo‘llash bo‘yicha takliflar tayyorlash.

10.Agentlik va tizim tashkilotlari xodimlarining ijtimoiy ahvolini o‘rganib borish tizimini joriy etish. Bunda kam ta'minlangan, nogironligi bo‘lgan va ko‘p bolali xodimlar ro‘yxatini shakllantirish va ularning holidan xabar olib turish hamda zaruriyatga ko‘ra, moddiy jihatdan ta'minlash choralarini ko‘rib borish bo‘yicha takliflar tayyorlash.

11.Agentlik va tizim tashkilotlarida tovar-moddiy boyliklarning adolatli taqsimlanishini ta'minlash mexanizmlarini ishlab chiqish. Bunda xodimlarning ish hajmi va ehtiyojidan kelib chiqib, xizmat avtomobillari va boshqa moddiy boyliklardan foydalanish tartibini belgilash.

12.Davlat xaridlari bo‘yicha har bir tovar pozitsiyasi kesimida xarid narxlarini viloyatlar va respublika bo‘yicha tahlil qilib borish, narxlarni eng maqbul bo‘lishiga erishish.

13.Davlat xaridlari bo‘yicha axborotning oshkoraligi va erkinligini oshirish maqsadida davlat xaridlari to‘g‘risidagi barcha axborotlarni to‘plash, unga ishlov berish va uni tahlil qilishni hamda barcha manfaatdor shaxslarga undan foydalanishni ta'minlaydigan yagona ma'lumotlar bazasini tashkil qilish.

14.Agentlik va tizim tashkilotlarida xodimlarga haq to‘lash va hisob-kitoblarning to‘g‘riligini monitoring qilish imkoniyatini yaratish, xodimlar uchun shikoyatlar berish imkoniyatini kengaytirish bo‘yicha takliflar tayyorlash.

15.Agentlik va tizim tashkilotlarining moliya-xo‘jalik faoliyati bilan bog‘liq ma'lumotlarni (davlat xaridlari bilan bog‘liq shartnomalar ro‘yxatini) qo‘mita hamda tizim tashkilotlaridagi veb-saytlarida e'lon qilib borish.

16.Davlat xaridlarida “komplayens-nazorat” tizimini takomillashtirish.

17.Agentlik va tizim tashkilotlari faoliyatida, korruptsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish to‘g‘risida takliflar tayyorlash.

18.Agentlik va tizim tashkilotlari tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlarni tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni xatlovdan o‘tkazish va tahlil qilish. Bunda murakkab bo‘lgan davlat xizmatlarini soddalashtirish, korruptsiyaviy bo‘shliqlari mavjud bo‘lgan normalarni bartaraf etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish.


3-bo‘lim. Agentlik tizimida korruptsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish va xodimlarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish

19.Agentlik tizimida korruptsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishga qaratilgan, xodimlarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish bo‘yicha axborot-tahliliy materiallarni tayyorlash va tarqatish.

20.Agentlik tizimi xodimlariga korruptsiyaning jamiyat va mamlakat ravnaqi uchun o‘ta salbiy illat ekanligini targ‘ib qilishga qaratilgan o‘quv materiallari tayyorlash va tarqatish.

21.Korruptsiyaga qarshi kurashish mavzusi doirasida ijtimoiy videoroliklar tayyorlash hamda korruptsiya, halollik, to‘g‘rilik, qonunga hurmat, adolat tantanasi mavzularida targ‘ibot materiallari, didaktik materiallar, mulьtiplikatsion filьmlar tayyorlash.

22.Agentlik tizimida “Korruptsiyaga qarshi kurashish oyligi” tadbirlarini tashkil qilish.


4-bo‘lim. Korruptsiyaga oid huquqbuzarliklarni o‘z vaqtida aniqlash, ularga chek qo‘yish hamda imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish, korruptsiyaga oid huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun javobgarlikning muqarrarligini ta'minlash.

23.Agentlikning veb-saytida xodimlar ustidan shikoyat qilish imkonini beruvchi maxsus sahifa ochish, kelib tushgan shikoyatlarni muntazam tahlil qilish va natijalari bo‘yicha asoslantirilgan takliflar tayyorlash mexanizmini yo‘lga qo‘yish.

24.Agentlik va tizim tashkilotlari ma'muriy binolarida jismoniy va yuridik shaxslar yoki ularning vakillarini qabul qilishda video va audioga yozib olish tizimini joriy etish orqali shikoyatlar kelib tushishini oldini olish bo‘yicha takliflar tayyorlash.

25.Agentlik va tizim tashkilotlarida korruptsiyaga qarshi kurashish sohasida korruptsiyaning holatini, uning jihatlarini, ko‘lamini, o‘sish sur'atlarini hamda tendentsiyalarini, shuningdek korruptsiyaga qarshi kurashish sohasida olib borilayotgan chora-tadbirlarning samaradorligini agentlik markaziy apparati, hududiy va tasarrufiy tashkilotlar kesimida o‘rganish yuzasidan tadqiqotlar o‘tkazish.

26.Agentlik va uning tizimida mansabi yuqoriroq bo‘lgan xodimning shaxsiy ishlarini (ko‘chadagi ishlarni bitirtirishi, farzandini ta'lim muassasasidan olib keltirishi va h.k.) amalga oshirishi uchun o‘zidan pastroq lavozimda bo‘lgan xodimga ko‘rsatma berganligi yuzasidan monitoring o‘tkazish rejasini ishlab chiqish va natijasi bo‘yicha tegishli mansabdor shaxslarni javobgarlikka tortish.

27.Agentlikga murojaat qiluvchilar tomonidan ko‘rsatilgan xizmat sifatini baholash tizimini joriy etish.

28.Hududiy va tasarrufiy tashkilotlar xodimlari bilan yilida kamida bir marta agentlik tomonidan profilaktik suhbat o‘tkazish tartibini joriy etish.

29.Agentlik va uning tizimida xizmatlarning maxfiyligini saqlagan holda real vaqt rejimidagi masofaviy markazlashtirilgan audio va videokuzatuv tizimini joriy etish.

30.Agentlik va tizim tashkilotlari mansabdor shaxslari tomonidan sodir etilgan korruptsiyaga oid xatti-harakatlar haqida xabar bergan shaxslarni mukofotlash tartibini joriy etish.

31.Vakolatli xodimlar tomonidan boshqa tashkilotlarda o‘rganish o‘tkazishda odob-axloq qoidalarini yanada takomillashtirish yuzasidan takliflar tayyorlash. Bunda o‘rganish o‘tkazilayotgan tashkilot xodimlari bilan birga umumiy ovqatlanish joylariga borishni taqiqlashni nazarda tutish.

32.Xizmat safarlari bilan bog‘liq xarajatlarni belgilangan tartibda qoplashning qat'iy mexanizmini belgilash. Bunda hududiy va tasarrufiy tashkilotlarga kompleks tekshirish uchun yuborilgan hodimlarga xizmat safari harajatlari uchun ajratiladigan mablag‘larni ko‘paytirish hamda yo‘l harajatlari, mehmonxona va ovqatlanishga ishlatilgan mablag‘larni faqatgina hodimning plastik kartochkasidan to‘langanligini tasdiqlovchi cheklar taqdim etilganda ushbu harajatlarni qoplab berish tizimini joriy etish bo‘yicha takliflar kiritish.


5-bo‘lim. Dasturning qabul qilinishidan kutilayotgan natijalar.

33.O‘rmon xo‘jaligi agentligi tizimida korruptsiyaga qarshi kurashish dasturini amalga oshirishdan quyidagi natijalar kutilmoqda:

-agentlik tizim tashkilotlarida korruptsiya, manfaatlar to‘qnashuvi va boshqa huquqbuzarliklarning oldi olinishi;

-agentlik tizimidagi tashkilotlar faoliyatining ochiqligiga erishilishi va zimmasiga yuklatilgan vazifalar ijrosiga nisbatan xodimlar mas'uliyatini yanada ortishi;

-agentlik va tizim tashkilotlari mansabdor shaxslari va boshqa xodimlari faoliyati samaradorligi yangi mezonlar asosida baholanishi;

-agentlik va tizim tashkilotlari xodimlarining kasbiy hamda xizmatdan tashqari faoliyatidagi odob-axloqining yuksalib borishi;

-agentlik va tizim tashkilotlari faoliyatida korruptsiyaning oldini olishga doir tadbirlarning samaradorligini ta'minlash.