Qidirish

O‘rmon xo‘jaligi agentligi tizimida manfaatlar to‘qnashuvini boshqarish to‘g‘risida nizom

1-bob. Umumiy qoidalar

1. Ushbu nizom O‘rmon xo‘jaligi agentligining markaziy apparati, Qoraqalpog‘iston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi agentligi va viloyatlar o‘rmon xo‘jaligi boshqarmalari hamda tizimdagi tashkilotlar (bundan buyon matnda agentlik va tizim tashkilotlari deb yuritiladi) faoliyatida manfaatlar to‘qnashuvini aniqlash, oldini olish va tartibga solish tartibini belgilaydi.

2. Ushbu nizom talablari o‘rmon xo‘jaligi agentligi markaziy apparati va agentlik tizimidagi barcha tashkilotlar xodimlariga ularning egallab turgan lavozimi va xizmat vakolatlaridan qat'i nazar qo‘llaniladi.

3. Ushbu nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:

xodim – agentlik va tizim tashkilotlarida mehnat shartnomasi (kelishuvi) asosida ishga qabul qilingan jismoniy shaxs;

yaqin qarindoshlar – qarindosh yoki quda tomondan qarindosh bo‘lgan shaxslar, ya'ni ota-ona, tug‘ishgan va o‘gay aka-uka, opa-singillar, er-xotin, farzand, shu jumladan farzandlikka olinganlar, bobo, buvi, nevaralar, shuningdek er-xotinning ota-onasi, tug‘ishgan va o‘gay aka-uka, opa-singillari;

urug‘-aymoqchilik – xodimning umumiy ajdodga ega bo‘lgan muayyan qarindoshga mansubligi asosida uchinchi shaxslarga nisbatan sub'ektiv, iltifotli va noxolis munosabatda bo‘lish shakldagi shaxsiy manfaatini namoyon etilishi;

aloqador shaxslar – xodim bilan tijorat tashkilotlarining ustav kapitalida ishtirok etadigan shaxslar, aktsiyalari Respublika fond birjasida ommaviy muomalada bo‘lgan aktsiyadorlik jamiyatlarining besh foizidan kam bo‘lgan miqdordagi aktsiyaga ekanligi holatlari bundan mustasno;

mahalliychilik – shaxsni faqatgina qarindoshligi (qarindoshni hamma bilishi/mashhurligi va uning jamoatchilik tomonidan keng e'tirof etilganligi) va bunday shaxsning hokimiyat vakolatiga ega bo‘lgan organlardagi qarindoshlarining xizmat mavqei sababli lavozimga qo‘yiladigan malaka talablarini hisobga olmasdan ishga yollash, rotatsiya, lavozimga tayinlash;

nepotizm (tanish-bilishchilik) – o‘zining yaqin qarindoshlari yoki do‘stlariga g‘ayriqonuniy imtiyozlar berish maqsadida hokimiyatdan foydalanish va (yoki) ta'sir o‘tkazish, shuningdek, yaqin qarindoshlari va (yoki) do‘stlariga asossiz mukofotlar hisoblash, Agentlik va tizim tashkilotlari manfaatlari zarariga yaqin qarindoshlari va do‘stlarini ishga qabul qilish va lavozimga tayinlashlar;

favoritizm – Agentlik va tizim tashkiloti xodimi bir shaxs yoki bir guruh shaxslar manfaatlarini boshqa shaxs va (yoki) shaxslar guruhi manfaatlaridan ustun ko‘yish, shu bilan birga, Agentlik va tizim tashkilotlarida kadrlarni tanlash va joy-joyiga ko‘yish, lavozimi bo‘yicha ko‘tarish, mukofotlarni hisoblash va davlat mukofotlariga tavsiya qilish, mehnat ta'tillari berish yoki sanatoriyalar va xorij safarlariga yuborish, murojaatlarni ko‘rib chiqish navbatini, shuningdek, ish vaqti va navbatchilik grafiklarini belgilash shular jumlasidandir.

xomiylik – yon bosish, qulay mehnat sharoitlarini yaratib berish shaklida Agentlik va tizim tashkiloti xodimini yuqoriroq lavozimdagi xodim tomonidan himoya qilinishi;

manfaatlar to‘qnashuvi – shaxsiy (bevosita yoki bilvosita) manfaatdorlik xodimning mansab yoki xizmat majburiyatlarini lozim darajada bajarishiga ta'sir ko‘rsatayotgan yoxud ta'sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan hamda shaxsiy manfaatdorlik bilan Agentlik va tizim tashkilotlarining huquqlari va qonuniy manfaatlari o‘rtasida qarama-qarshilik yuzaga kelayotgan yoki yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan vaziyat;

xodimning shaxsiy manfaatdorligi – xodim tomonidan o‘z xizmat vazifalarini bajarish chog‘ida uning yaqin qarindoshi yoki xodimga aloqador bo‘lgan shaxslar tomonidan xodimning mansab yoki xizmat majburiyatlarini lozim darajada bajarishiga ta'sir qilishi mumkin bo‘lgan pul mablag‘lari, moddiy yoki nomoddiy qimmatliklar, boshqa mol-mulk, boylik va imtiyozlar ko‘rinishida shaxsiy naf olish imkoniyati (shaxsiy, ijtimoiy, moliyaviy, siyosiy va boshqa tijorat yoki notijorat manfaatlari);

potentsial manfaatlar to‘qnashuvi – xodimning, uning yaqin qarindoshlarining va (yoki) Agentlik va tizim tashkilotlari bilan bog‘liq bo‘lgan shaxsning shaxsiy manfaatlari (shu jumladan shaxsiy, ijtimoiy, mulkiy, moliyaviy, siyosiy va boshqa tijorat yoki notijorat manfaatlar) muayyan vaziyatlar yuzaga kelganda, ular Agentlik va tizim tashkilotlari manfaatlariga qarama-qarshi bo‘lishi va xodim tomonidan xizmat majburiyatlarini bajarishiga ta'sir qilishi mumkin bo‘lgan vaziyat;

haqiqiy manfaatlar to‘qnashuvi – xodimning, uning yaqin qarindoshlarining va (yoki) Agentlik va tizim tashkilotlari bilan bog‘liq bo‘lgan shaxsning shaxsiy manfaatlari (shu jumladan shaxsiy, ijtimoiy, mulkiy, moliyaviy, siyosiy va boshqa tijorat yoki notijorat manfaatlar) Agentlik va tizim tashkilotlari manfaatlariga bevosita yoki bilvosita qarama-qarshi bo‘lgan vaziyat;

manfaatlar to‘qnashuvini oshkor qilish – xodim tomonidan potentsialli yoki haqiqiy manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida e'lon qilish tartib-taomili;

manfaatlar to‘qnashuvini hal qilish – Agentlik va tizim tashkilotlari tomonidan xodimlarning xizmat majburiyatlari lozim darajada bajarilmasligi holati va (yoki) manfaatlar to‘qnashuvi yuzaga kelganda ularning manfaatlari (shu jumladan shaxsiy, ijtimoiy, mulkiy, moliyaviy, siyosiy va boshqa tijorat yoki notijorat manfaatlar) Agentlik va tizim tashkilotlarining manfaatlaridan ustun kelishi xavfini kamaytirish yoki bartaraf etish;

4. Agentlik va tizim tashkilotlari hamda ularning xodimlari manfaatlar to‘qnashuvini boshqarish masalalarida quyidagi asosiy printsiplarga rioya qilishlari shart:

-fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarining ustuvorligi;

-xodimlarning o‘z xizmat vazifalarini bajarishda davlat manfaatlarini shaxsiy manfaatidan ustun qo‘yishi;

-xodimlar tomonidan oshkoralik, vijdonlilik va xolislik asosida qarorlar qabul qilinishi;

-xodimlar tomonidan potentsial yoki haqiqiy manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi axborotni oshkor qilishning majburiyligi;

-manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha profilaktik choralarning ustuvorligi;

-manfaatlar to‘qnashuvi holatlarini ko‘rib chiqish va manfaatlar to‘qnashuvini hal qilishda jamoaviylikka amal qilinishi;

– manfaatlar to‘qnashuvi alomatlari bilan tavsiflangan vaziyatlarni ko‘rib chiqish, baholash va hal qilishga xolis yondashuv;

-ushbu Nizomda belgilangan tartibda xodimlar tomonidan taqdim etilgan manfaatlar to‘qnashuvi mavjudligi to‘g‘risidagi ma'lumotlarning maxfiyligini ta'minlash;

-agar xodim biror-bir qaror qabul qilishdan avval yoki o‘ziga yuklatilgan funktsiyalarni bajarishdan oldin manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida tegishli tartibda xabar bergan hamda Agentlik va tizim tashkilotlari manfaatlari foydasiga o‘z shaxsiy manfaatlaridan voz kechishga tayyor bo‘lsa, uni haqiqiy yoki potentsial manfaatlar to‘qnashuvi mavjudligi sababli ishdan bo‘shatilishiga yo‘l qo‘yilmaslik.


2-bob. Mas'ul tarkibiy bo‘linmalar xodimlarining majburiyatlari va vakolatlari

5. Xodimlar o‘zlarining xizmat majburiyatlarini bajarishida va (yoki) Agentlik va tizim tashkilotlarining manfaatlarini ifodalashda ushbu Nizomda belgilangan tamoyillarga amal qilishlari, shuningdek, manfaatlar to‘qnashuviga olib keladigan vaziyatlardan o‘zlarini saqlashlari shart.

6. Xizmat vazifalarini bajarishda manfaatlar to‘qnashuvini oldini olish uchun Agentlik va tizim tashkilotlari xodimlari:

-ushbu Nizomning talablariga rioya qilishi;

-faqat Agentlik va tizim tashkilotlari manfaatlarini ko‘zlashi hamda o‘z xizmat mavqeidan faqat Agentlik va tizim tashkilotlari manfaatlarida qonuniy foydalanishi;

-Agentlik va tizim tashkilotlarining manfaatlariga zid keladigan yoki zid kelishi mumkin bo‘lgan shaxsiy manfaatlar to‘g‘risida Agentlik va tizim tashkilotlarini xabardor qilishi;

-tanish-bilishchilik, favoritizm, mahalliychilik, homiylik va urug‘-aymoqchilikning namoyon bo‘lishiga qat'iy chek qo‘yishi;

-potentsial yoki haqiqiy manfaatlar to‘qnashuvi haqidagi ma'lumotlarni o‘z vaqtida va to‘liq oshkor qilishi;

-o‘zining yaqin qarindoshlari va aloqador shaxslari to‘g‘risidagi ma'lumotlarning to‘liq ro‘yxatini, o‘zining va ularning nodavlat notijorat tashkilotlaridagi ishtiroki haqidagi ma'lumotlarni halol, to‘liq va vijdonan oshkor qilishi shart.

7. Manfaatlar to‘qnashuvini oldini olish maqsadida xodim quyidagi hollarda manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida xabar berishi kerak, agar:

-xodimning bevosita bo‘ysunuvida yaqin qarindoshlari va (yoki) aloqador shaxslar bo‘lsa;

-xodim yaqin qarindoshlari va (yoki) aloqador shaxslarga nisbatan xodimlarga (jumladan, ish haqini hisoblash va to‘lash, mukofotlar, ustamalarga takdim etish va ularning miqdorini belgilashga) oid qarorlar qabul qilishda ishtirok etsa;

-xodim va (yoki) uning yaqin qarindoshlari tijorat tashkilotlarida ulushlarga yoki aktsiyalarga ega bo‘lsa (Respublika fond birjasida ommaviy muomalada bo‘lgan aktsiyadorlik jamiyatlarining besh foizidan kam bo‘lgan miqdordagi aktsiyaga ega ekanligi holatlari bundan mustasno);

-xodim va (yoki) uning yaqin qarindoshlari nodavlat notijorat tashkilotining boshqaruvida ma'lum bir lavozimni egallab turgan bo‘lsa;

-xodim o‘zining yaqin qarindoshlari va (yoki) u bilan aloqador shaxslar ishlaydigan Agentlik va tizim tashkilotlari nazorati ostidagi davlat organlari va tashkilotlarining faoliyatini nazorat qilishning alohida funktsiyalarini bajarsa;

-xodim boshqa yana biror tashkilotda o‘rindoshlik asosida ishlasa;

-xodim Agentlik va tizim tashkilotlari tomonidan o‘zining shaxsiy manfaatdorligi bo‘lgan tovarlar, ishlar yoki xizmatlarni xarid qilish haqida qaror qabul qilishda ishtirok etsa.

8. Ushbu Nizomning 6-bandida keltirilgan holatlardan tashqari boshqa holatlarda ham manfaatlar to‘qnashuvi vujudga kelgan taqdirda manfaatlar to‘qnashuvining mavjudligini aniqlash uchun har bir vaziyat alohida ko‘rib chiqiladi.

9. Ushbu Nizomda nazarda tutilmagan yangi manfaatlar to‘qnashuvi holatlari aniqlangan takdirda, mazkur Nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilishi lozim.

10 Manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish uchun Agentlik va tizim tashkilotlari ushbu Nizomga muvofiq choralar ko‘rishlari kerak.


3-bob. Manfaatlar to‘qnashuvi haqidagi ma'lumotlarni oshkor qilish va ko‘rib chiqish tartibi

11. Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi ma'lumotlarni oshkor qilish xodimlar tomonidan quyidagi tartibda amalga oshiriladi:

-Agentlik va tizim tashkilotlarida vakant ish joylariga nomzodlarni lavozimga tayinlash va rotatsiya qilishda manfaatlar to‘qnashuvini dastlabki tarzda oshkor qilish;

-manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi ma'lumotlarni xodimlar tomonidan ish faoliyati davomida oshkor qilinishi (har yillik deklaratsiya);

-potentsial yoki haqiqiy manfaatlar to‘qnashuvi fakti bo‘yicha ma'lumotlarni oshkora qilish.

12. Agentlik va tizim tashkilotlarining bo‘sh ish joylariga nomzodlar, xodimlarni lavozimga tayinlash va rotatsiya qilishda manfaatlar to‘qnashuvini dastlabki tarzda oshkor qilish Kadrlar bo‘limiga quyidagi hujjatlarni taqdim etish yo‘li bilan amalga oshiriladi:

-ma'lumotnoma-ob'ektivka va mazkur Nizomning 1-ilovasiga muvofiq shakldagi (xodim tomonidan ichki hujjatlarda nazarda tutilgan hujjatlarni avval taqdim etganligidan qat'i nazar) ma'lumotlar (yaqin qarindoshlar, aloqador shaxslar, ustav kapitalida xodim yoki uning yaqin qarindoshlarining ulushi bo‘lgan yuridik shaxslar, nodavlat notijorat tashkilotlarida xodimning va (yoki) uning rahbarlik lavozimlarini egallab turgan yaqin qarindoshlarining ishtiroki);

-ishga qabul qilinayotganida manfaatlar to‘qnashuvining mavjudligi yoki yo‘qligi haqida ariza.

13. Manfaatlar to‘qnashuvini dastlabki tarzda oshkor qilish quyidagi tartibda amalga oshiriladi:

-xodim tomonidan takdim etilgan hujjatlarni agentlikning Kadrlar bo‘limining mas'ul xodimi ularda manfaatlar to‘qnashuvi mavjudligi yoki yo‘qligi bo‘yicha tekshiradi. Manfaatlar to‘qnashuvi aniqlanganida Kadrlar bo‘limining mas'ul xodimi ushbu xodimning bevosita rahbariga mazkur manfaatlar to‘qnashuvi va uni hal qilish uchun chora ko‘rish zarurligi haqida yozma shaklda xabar qiladi;

-xodimning bevosita rahbari ushbu ma'lumotni olgan paytdan boshlab manfaatlar to‘qnashuvini hal qilish choralarini ko‘radi va bu haqda yozma shaklda xizmat xati ko‘rinishida Kadrlar bo‘limiga xabar qiladi;

-Kadrlar bo‘limining mas'ul xodimi xodimning bevosita rahbaridan ko‘rilgan choralar bilan xizmat xatini olgan paytdan boshlab 5 ish kuni ichida manfaatlar to‘qnashuvini hal qilish bo‘yicha ko‘rilgan choralarning yetarliligi va maqbulligini ko‘rib chiqish uchun aniqlangan manfaatlar to‘qnashuvi haqidagi ma'lumotlarni Agentlik odob-axloq komissiyasining navbatdagi majlisi kun tartibiga kiritadi. Manfaatlar to‘qnashuvini hal qilish bo‘yicha choralar ko‘rish yuzasidan qaror Agentlikning Odob-axloq komissiyasi tomonidan qabul qilinadi.

14. Xodim manfaatlar to‘qnashuvi mavjudligi/yo‘qligi haqidagi ma'lumotni rotatsiya/lavozimga tayinlanish vaqtida va har yili bir marotaba ariza topshirish yo‘li bilan oshkor qilishi lozim.

Manfaatlar to‘qnashuvi haqidagi ma'lumotlarni har yili oshkor qilish quyidagi tartibda amalga oshiriladi:

-Xodim hisobot davrida yuz bergan voqealar va o‘zgarishlarni hisobga olgan holda manfaatlar to‘qnashuvining mavjudligi yoki mavjud emasligi haqida agentlikning Kadrlar bo‘limiga bir yilda bir marta xabar berishi shart;

-Agentlikning kadrlar bo‘limi tomonidan har yili 15 yanvargacha Agentlik va tizim tashkilotlarining xodimlariga, ularda manfaatlar to‘qnashuvi mavjudligi/yo‘qligi haqida xabar berish zarurligi to‘g‘risida topshiriq beriladi;

-Agentlik va tizim tashkilotlarining xodimlari har yili 15 fevralgacha manfaatlar to‘qnashuvi mavjudligi/yo‘qligi haqidagi ma'lumotni kadrlar bo‘limiga takdim qilishlari lozim;

-Agentlik, hududiy boshqarmalar va tizim tashkilotlarining kadrlar bo‘limlari 10 martgacha manfaatlar to‘qnashuvi mavjudligini ko‘rsatgan xodimlarni aniqlash uchun manfaatlar to‘qnashuvining mavjudligi yoki yo‘qligi haqida olingan ma'lumotlarni tahlil qiladi;

-bunday xodimlar mavjud bo‘lganda, ular haqidagi ma'lumotlar bevosita ularning rahbarlariga yetkaziladi hamda agentlikning Odob-axloq komissiyasiga yoki Korruptsiyaga qarshi komplayens nazorat xizmatiga (agarda, Odod-axloq komissiyasi a'zolarida manfaalar to‘qnashuvi mavjud bo‘lgan taqdirda) yuboriladi;

-odob-axloq komissiyasi xodimning bevosita rahbari va (zarurat bo‘lganda) xodim ishtirokida 20 martgacha manfaatlar to‘qnashuvi holatini ko‘rib chiqadi va manfaatlar to‘qnashuvi bilan tavsiflanadigan vaziyatlarni hal qilish bo‘yicha chora-tadbirlarni ishlab chiqadi yoki manfaatlar to‘qnashuvi mavjud emasligi haqida qaror chiqaradi;

-manfaatlar to‘qnashuvi mavjudligi/yo‘qligi va ularni hal qilish bo‘yicha mo‘ljallanayotgan choralar haqidagi yakuniy qaror Odob-axloq komissiyasi bayonnomasiga kiritiladi va tegishli xodimga yetkaziladi. Manfaatlar to‘qnashuvini hal qilish bo‘yicha tasdiqlangan chora-tadbirlarni amalga oshirish ustidan nazorat qilish bo‘yicha javobgarlik xodimning bevosita rahbari zimmasida bo‘ladi;

-agentlikning kadrlar bo‘limi 25 martgacha tizim tashkilotlarining kadrlar bo‘limlari tomonidan manfaatlar to‘qnashuvi holatlari reyestriga kiritiladigan manfaatlar to‘qnashuvi holatlari haqidagi elektron ma'lumotlarni jamlaydi va saqlaydi;

-agentlik va tizim tashkilotlarining kadrlar bo‘limlari manfaatlar to‘qnashuvi holatlari reyestrini to‘ldiradi, agentlikning kadrlar bo‘limi tomonidan ularni jamlash ishlari amalga oshiriladi;

-har yili I chorakda agentlikning korruptsiyaga qarshi komplayens nazorat xizmati agentlikning kadrlar bo‘limi tomonidan taqdim etilgan ma'lumotlar asosida manfaatlar to‘qnashuvini deklaratsiya qilish, aniqlash va hal qilish bo‘yicha statistika tahlilini agentlik raisi va uning tegishli o‘rinbosariga ko‘rib chiqish uchun korruptsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha hisobotga kiritadi.

15. Mavjud yoki potentsial manfaatlar to‘qnashuvining kelib chiqishi fakti bo‘yicha ma'lumotlarni oshkor qilish quyidagi tartibda amalga oshiriladi:

-Agentlik va tizim tashkilotlarining har qanday xodimida manfaatlar to‘qnashuvi kelib chiqqanda, u bu haqda bevosita rahbariga haqiqiy yoki potentsial manfaatlar to‘qnashuvi sifatida tavsiflanadigan holatni batafsil bayon etib yozma shaklda xabar berishi lozim;

-ko‘rsatilgan ma'lumot xodimlar tomonidan manfaatlar to‘qnashuvi kelib chiqqan yoki xodimga manfaatlar to‘qnashuvi ma'lum bo‘lgan paytdan boshlab 1 (bir) ish kuni ichida yozma shaklda takdim etilishi kerak;

-xodimning bevosita rahbari xodimdan yozma xabarni olgan paytdan boshlab 3 (uch) ish kuni ichida manfaatlar to‘qnashuvi haqidagi ma'lumotni ko‘rib chiqishi va manfaatlar to‘qnashuvi mavjud bo‘lganida xodimning manfaatlar to‘qnashuvi kelib chiqish ehtimoli haqidagi xabarnomasida tegishli ma'lumotni to‘ldirib, uni hal qilish bo‘yicha chora-tadbirlarni ishlab chiqishi va qabul qilish lozim;

-xabarnoma xodim tomonidan bir ish kuni ichida Kadrlar bo‘limiga ro‘yxatdan o‘tkazish va hisobga olish uchun taqdim etiladi;

-kadrlar bo‘limi xabarnomani olib, bir ish kuni ichida manfaatlar to‘qnashuvini hal qilish bo‘yicha ko‘rilgan choralarning yetarliligi va maqbulligi haqida qaror chiqarish uchun Odob-axloq komissiyasining eng yaqin vaqtdagi majlisi kun tartibiga kiritishi lozim. Odob-axloq komissiyasining qarori majlis bayonnomasiga kiritiladi va xodimga u tuzilgan paytdan boshlab uch ish kuni ichida ma'lum qilinadi. Agentlik Odob-axloq komissiyasining a'zosi, agar unda komissiya majlisida manfaatlar to‘qnashuvi ko‘rib chiqilayotgan xodimga nisbatan manfaatlar to‘qnashuvi mavjud bo‘lganda qaror qabul qilishda ishtirok etmaydi;

-agar manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq bo‘lgan aniq vaziyat Odob-axloq komissiyasining a'zolariga aloqador bo‘lsa, bunday ma'lumotlar olingan kundan boshlab bir ish kuni ichida agentlik Korruptsiyaga qarshi kompleans-nazorat xizmatiga taqdim etilishi lozim;

-xodimlar tomonidan oshkor etilgan mavjud yoki potentsial manfaatlar to‘qnashuvi hamda ularni hal etish bo‘yicha ko‘rilgan choralar haqidagi ma'lumot agentlik Odob-axloq komissiyasining majlis bayonnomasi tuzilganidan so‘ng uch ish kuni ichida resstrda aks ettiriladi.


4-bob. Manfaatlar to‘qnashuvini hal qilish choralari

16. Agentlik va tizim tashkilotlari manfaatlarining buzilishini oldini olish uchun mavjud manfaatlar to‘qnashuvini hal qilish choralari imkon qadar tezroq amalga oshirilishi lozim.

17. Agentlikda manfaatlar to‘qnashuvlarini boshqarishda quyidagi chora-tadbirlar belgilanishi kerak:

-bevosita bo‘ysunadigan xodimni yaqin qarindoshi bo‘lmagan boshqa shaxs bo‘ysinuviga o‘tkazish;

-manfaatlar to‘qnashuvi predmeti bo‘lgan masalalarni muhokama qilishda va ular bo‘yicha qaror chiqarish jarayonida qatnashishdan xodimning o‘z ixtiyoriga ko‘ra chetlashish/o‘zini o‘zi rad etish yoki uni majburan (doimiy yoki vaqtincha) chetlashtirilishi;

-manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik uchun xodimning lavozim majburiyatlari doirasini qayta ko‘rish;

-xodim tomonidan uning shaxsiy manfaatdorligi bo‘lgan va manfaatlar to‘qnashuvi predmeti bo‘lgan Agentlik va tizim tashkilotlarining ma'lumotlari va hujjatlaridan foydalanilishini cheklash;

-yuqoriroq lavozimni egallab turgan yaqin qarindosh va (yoki) aloqador shaxsga nisbatan lavozimni ko‘tarish, faoliyatini baholash, mukofot pullarini to‘lash va ish haqqiga ustamalarni hisoblash, o‘qishga va treninglarga hamda har qanday masalalar bo‘yicha xorijga yuborish, mehnat ta'tiliga chiqishga rozilik berish va ish haqqini nazorat qilish haqida jamoaviy tarzda qaror qabul qilinishini ta'minlash;

-xodimni manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq bo‘lmagan mehnatga oid funktsiyalarni bajarishini nazarda tutadigan lavozimga o‘tkazish va boshqa holatlar.

18. Istisno holatlarda, ushbu Nizomning 14-bandida sanab o‘tilgan choralar manfaatlar to‘qnashuvini to‘liq tartibga solmagan taqdirda, quyidagicha tartibga solish choralari ko‘rilishi mumkin:

-xodimni Agentlik va tizim tashkilotlarining manfaatlariga to‘qnash keladigan shaxsiy manfaatdorligidan voz kechishi;

-xodimni Agentlik va tizim tashkilotlarining manfaatlariga to‘qnash keladigan shaxsiy manfaatdorligidan voz kechmaganda uni ishdan bo‘shatish (mehnat shartnomasini bekor qilish)ga tavsiya berish.

19. Har bir vaziyatda, manfaatlar to‘qnashuvi perdmetini belgilab beradigan faktdan kelib chiqib, xodim bilan Agentlik va tizim tashkilotlarining kelishuviga ko‘ra uni hal qilishning boshqa choralari ko‘llanilishi mumkin. Ko‘riladigan barcha choralar qonunchilik talablariga muvofiq bo‘lishi va mazkur Nizomda belgilangan tamoyillarni amalga oshirishni ta'minlashi lozim.


5-bob. Axborotning konfedentsialligi

20. Manfaatlar to‘qnashuvini hal qilishda qatnashadigan xodimlar olingan ma'lumotlarning sir saqlanishini ta'minlashi va ushbu ma'lumotlardan faqat ko‘rib chiqish, hisobga olish va hal etish choralarini ko‘rish hamda ushbu jarayonni nazorat qilish uchun mas'ul bo‘lgan shaxslar tomonidan foydalanilishini ta'minlashi lozim.

21. Fuqarolar va yuridik shaxslar tomonidan xodimlarida manfaatlar to‘qnashuvi fakti yoki gumoni haqidagi xabar bilan Agentlik va tizim tashkilotlariga murojaat qilinganida uni ko‘rib chiqish Agentlik va tizim tashkilotlarining kadrlar bo‘limi tomonidan amalga oshiriladi.


6-bob. Reyestrni yuritish va saqlashga qo‘yiladigan talablar

22. Agentlik va tizim tashkilotlarining kadrlar bo‘limlari manfaatlar to‘qnashuvi holatlarining hisobini mazkur Nizomning 2-ilovasiga muvofiq Reyestrga kiritish yo‘li bilan yuritishlari shart. Ular Reyestr o‘z vaqtida va to‘liq yuritilmaganligi uchun javobgar hisoblanadilar.

23. Agentlik va tizim tashkilotlarining kadrlar bo‘limlari manfaatlar to‘qnashuvi holatlari haqidagi ma'lumotlarni reyestrni har chorakda (yoki zaruratga ko‘ra) yig‘ish va umumlashtirish yo‘li bilan to‘plashi lozim.

24. Ma'lumot reyestrga quyidagi hollarda kiritilishi kerak:

-Agentlik va tizim tashkilotlariga ishga qabul qilishda –Odob-axloq komissiyasi bayonnomasi tuzilgan paytdan boshlab uch ish kunidan kechiktirmasdan, agar nomzod manfaatlar to‘qnashuvining mavjudligi/ yo‘qligi haqida arizada manfaatlar to‘qnashuvining mavjudligini ko‘rsatgan bo‘lsa va Odob-axloq komissiyasi manfaatlar to‘qnashuvi kelib chiqishi mumkinligi faktini tasdiqlasa;

-lavozimga tayinlash/rotatsiya vaqtida manfaatlar to‘qnashuvini oshkor qilishda – Agentlik va tizim tashkilotining rahbari tomonidan buyruq imzolangan paytdan boshlab uch ish kunidan kechiktirmasdan;

-manfaatlar to‘qnashuvi kelib chiqishiga ko‘ra – agentlik Odob-axloq komissiyasining bayonnomasi tuzilgan paytdan boshlab uch ish kunidan kechiktirmasdan, agar Odob-axloq komissiyasi manfaatlar to‘qnashuvi kelib chiqishi mumkinligi faktini tasdiqlasa;

-xodimlar tomonidan manfaatlar to‘qnashuvi haqidagi ma'lumotlar har yili deklaratsiya qilinganda – mazkur Nizomning 12-bandiga muvofiq;

-manfaatlar to‘qnashuvining mavjudligi haqida aloqa kanallaridan olingan ma'lumot tasdiqlangan hollarda, ichki xizmat tekshiruvlari o‘tkazilganda hamda agentlikning korruptsiyaga qarshi kurashish siyosati va talablariga rioya qilinishi monitoring qilinganda agentlikning korruptsiyaga qarshi komplayens-nazorat xizmati tomonidan Reyestrga ma'lumot kiritish haqida ko‘rsatma bo‘lganida;

-xodimlarning manfaatlar to‘qnashuviga tegishli bo‘lgan ariza va xabarnomalari hamda boshqa ma'lumotlar agentlik va tizim tashkilotlarining kadrlar bo‘limida saqlanishi shart.


7-bob. Javobgarlik

25. Barcha xodimlar egallab turgan lavozimidan qat'i nazar, ushbu Nizomning talablariga rioya qilish, shuningdek, o‘z manfaatlarining to‘qnashuvi to‘g‘risida Agentlik va tizim tashkilotlariga o‘z vaqtida va to‘liq ma'lumot berish bo‘yicha shaxsan javobgar hisoblanadi.

26. Manfaatlar to‘qnashuvi holatlari kelib chiqqan xodimlar tegishli ma'lumotni tahlil qilish va boshqa tekshirishlarni o‘tkazishda Agentlik va tizim tashkilotlarining mas'ul shaxslariga ko‘maklashishlari lozim.

27. Xodimning manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi ma'lumotlarni yashirishi va (yoki) qasddan o‘z vaqtida yoki to‘liq oshkor etmasligi, Agentlik va tizim tashkilotlari manfaatlarining buzilishiga olib kelganligi yoki olib kelmaganligidan qat'i nazar, qabul qilingan axloqiy normalar, mehnat intizomi hamda agentlik va tizim tashkilotlarining ichki talablari buzilishi sifatida qaraladi.

28. Manfaatlar to‘qnashuvi haqidagi ma'lumotlarni umumlashtirish, ko‘rib chiqish hamda manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solish bo‘yicha ma'sul xodimlar, shu jumladan ushbu ma'lumotlardan foydalanish vakolatiga ega xodimlar tomonidan axborotning konfedentsialligini har qanday ko‘rinishda buzilishi shu xodimni intizomiy javobgarlikka toritish uchun asos bo‘ladi.

29. Xodimda u ongli ravishda mazkur Nizomda belgilangan tartibda mas'ul mansabdor shaxslarga xabar bermagan, xizmat majburiyatlarini lozim darajada bajarmasligiga olib kelgan va (yoki) agentlik va tizim tashkilotlari manfaatlarining buzilishiga olib kelgan manfaatlar to‘qnashuvi aniqlanganda, bunday xodim O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida va agentlik va tizim tashkilotlarining ichki hujjatlarida belgilangan asoslarda va tartibda intizomiy javobgarlikka tortilishi mumkin.

30.Agentlikning kadrlar bo‘limi, korruptsiyaga qarshi komplayens-nazorat xizmati xodimlari, Odob-axloq komissiyasi a'zolari hamda manfaatlar to‘qnashuvini boshqarish jarayonida ishtirok etuvchi boshqa mas'ul xodimlar mazkur Nizom hamda agentlikning boshqa ichki normativ hujjatlariga ko‘ra, o‘zlariga yuklatilgan vazifalarni belgilangan tartibda, xolisona bajarish uchun mas'ul hisoblanadilar.