Qidirish

O‘rmon xo‘jaligi haqida

Respublika O‘rmon xo‘jaligi Bosh boshqarmasiga qarashli yerlar maydoni 2007 yil 1 yanvar holatiga 8,7 mln gektarni yoki respublika umumiy maydonining 18,1 % ini tashkil qiladi. Shundan o‘rmon bilan qoplangan maydon, 2,7 mln gektarni va respublikaning umumiy yer maydoniga nisbatan 5,3 % ni tashkil qiladi.

Respublikada O‘rmon xo‘jaligi tizimida 7 ta viloyat markaziy o‘rmon xo‘jaliklari va ularning tarkibida 54 ta o‘rmon xo‘jaligi, 8 ta mustaqil o‘rmon xo‘jaligi, 8 ta maxsus o‘rmon xo‘jaligi, 6 ta qo‘riqxonalar, 5 ta ov xo‘jaligi, 1 ta milliy tabiiy bog‘ va 21 ishlab chiqarish uchastkalari mavjud.

Oxirgi yillarda o‘rmon xo‘jaligining rivojlanishiga katta ahamiyat berilmoqda. Natijada o‘rmon fondi yer maydonlari 5,1 mln gektarni tashkil etib, 2006 yilga 8,7 mln gektarga yetkazildi, shu bilan birga bu yerlarda bir necha yangi o‘rmon xo‘jaliklari tashkil qilindi.

Vazirlar Mahkamasining 1993 yil 2 yanvardagi 13-sonli qarori bilan boshqa tizimlarga qarashli bo‘lgan o‘rmon bilan qoplangan maydonlarning 400 ming gektari xozirgi kunga qadar Bosh boshqarmaning qaramog‘iga o‘tkazildi.

2007 yilda Surxondaryo viloyatida fermer xo‘jaliklariga aylantirilgan shirkat xo‘jaliklariga qarashli bo‘lgan 27,1 ming gektar maydondagi noyob igna bargli archazorlar o‘rmon xo‘jaligi tarkibiga o‘tkazildi.

Qashqadaryo viloyatida xam o‘rmon bilan qoplangan maydonlarni o‘rmon fondi yerlariga o‘tqazish bo‘yicha bir muncha ishlar amalga oshirilmoqda.

Respublikada o‘rmonlarning muhimligi va ularni miqdori kamligini inobatga olib, harakatda bo‘lgan me’yoriy xujjatlarga asosan yoppasiga kesish ishlari to‘xtatilgan va faqat o‘rmonlarni sanitariya holatlarini yaxshilash maqsadida kesish ishlariga ruxsat berilgan.

Har yili har turdagi kesish ishlaridan 30-35 ming m3 yog‘och olinib, mahalliy qurilish ishlarida va o‘rmon xo‘jaliklarida tashkil qilingan sexlarda xalq iste’moli mollari ishlab chiqarishda ishlatilmoqda.

Bundan tashqari o‘rmon xo‘jaligi tizimida har yili 65 tonnadan ortiq yong‘oq, 15 tonnadan ortiq bodom, 30 tonna pista, 2500 tonna meva-sabzavot mahsulotlari va 300 tonnaga yaqinroq dorivor va ozuqabop o‘simliklar tayyorlanadi. Oxirgi yillarda ushbu dorivor va ozuqabop o‘simliklarini va qisman qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qadoqlash va savdo shahobchalariga yetkazish ishlari amalga oshirilgan.

Har yili respublika o‘rmon fondi yerlarida 42 ming gektar maydonida yangi o‘rmonzorlar barpo etilmoqda. Shundan 80 % Orol dengizining qurigan tubida va Orol bo‘yi mintaqalarida cho‘l o‘simliklaridan o‘rmonzorlar barpo etilmoqda. Tog‘li hududlarida 3 turdagi archa, yong‘oq, bodom, pista va boshqa turdagi daraxtlar vodiy hududlarda terak, chinor qayrag‘och, mevali daraxtlar va boshqa tez o‘suvchi daraxtlar ekilmoqda.

Keyingi yillarda urug‘dan sepib madaniy o‘rmonzorlar barpo etish yaxshi samara bermayotganligi sababli ko‘chatdan ekish usuli keng ko‘lamda qo‘llanilmoqda. Bu o‘z navbatida o‘rmon bilan qoplangan maydonga o‘tkazishni ta’minlashda yaxshi natija bermoqda.

O‘rmon xo‘jaligi Bosh boshqarmasi tomonidan respublika aholisining va xalq xo‘jaligi ishlab chiqarishining yog‘och xom ashyosiga bo‘lgan ehtiyojini qondirish maqsadida terak va boshqa tez o‘suvchi daraxtlarni sanoat plantatsiyasini ko‘paytirishga katta ahamiyat berilmoqda. Hukumat tomonidan qabul qilingan 1994 yil 8 fevraldagi 62 sonli maxsus qarori bo‘yicha o‘rmon xo‘jaliklarida har yili 400 gektardan jami 4,0 ming gektar sanoatbop plantatsiyalar barpo etish belgilanib, hozirgi kungacha o‘rmon fondi yerlarida 5,3 ming gektar maydonda terakzorlar va boshqa tez o‘suvchi sanoatbop daraxtlardan plantatsiyalar barpo etilgan. Dastlabki paytdagi ekilgan ko‘chatlar bugungi kunga kelib sanoatbop yog‘och sifatida kesib olinib, o‘rniga yangi sanoatbop plantatsiyalar barpo qilinmoqda. O‘rtacha har bir gektardan 200 m3, jami 5-6 ming m3 yog‘och olinmoqda. Ushbu xom ashyo xar bir xo‘jalikda tashkil qilingan sexlarda halq iste’mol mollari ishlab chiqarilmoqda. Hozirgi kunlarda mahsulotlarni turini kupaytirib, ularning sifatiga katta ahamiyat berish natijasida respublika ichki bozorida o‘rmon xo‘jaligi mahsulotlari o‘z o‘rnini topdi.

Hozirgi kunda o‘rmon fondi yerlarida 800 ming gektardan ortiq sun’iy o‘rmonzorlar mavjud. Shundan 1,4 ming gektarda igna bargli, 4,4 ming gektarda qattiq bargli, 6,4 ming gektar maydonda yumshoq bargli, 24,8 ming gektarda yong‘oq va yong‘oq mevali hamda boshqa turdagi o‘rmonzorlardan iborat.

Ekologik jihatdan yechimi lozim bo‘lgan muammolardan biri Orol muammosini yechish maqsadida Orol dengizi tubida ko‘tariladigan qum va zararli tuz zarrachalarining havoga ko‘tarilishining oldini olish maqsadida dastlabki yillarda yiliga 3-4 ming gektardan ekilgan bo‘lsa, 2000 yildan boshlab yili 15-20 ming gektardan ximoya o‘rmonzorlari barpo etib, hozirgi kunda ushbu maydon hajmi 300 ming gektardan ortdi.

Tuproq va iqlim sharoit og‘ir bo‘lgan hududlarda ilmiy asoslangan, moslashgan va sinovlardan o‘tkazilgan daraxt va buta ko‘chatlari ekilmoqda. Masalan Qo‘qon o‘rmon xo‘jaligi Shoberdi o‘rmon bo‘limining toshloq yerlari o‘zlashtirilib, shu hududda olimlarning maslahati bilan pista, bodom va yong‘oq ko‘chatlari ekilmoqda. Orol dengizining qurigan tubida yengil xolatdagi kuchma kumliklarni yo‘lini tuxtatish maqsadida mexanik to‘siqlar qurish va ularning ximoyasida yangi urmonzorlar barpo etish xamda olimlar tomonidan o‘rmonlarni tabiiy rivojlanishiga nixoyatda kam mablag‘ talab etiladigan texnologiyalarini ishlab chiqarishka keng tadbiq etish ishlari katta xajmda bajarilib kelmoqda.

Respublika o‘rmon xo‘jaligi tizimiga xorijiy davlatlar sarmoyalarini jalb etilmoqda. Jumladan “Orolni qutqarish halqaro fondi” agentligi, Frantsiyaning “Kofutis” nodavlat tashkiloti, Germaniyaning texnik-hamkorlik markazi, Amerikaning “Section 416- (b)” dasturi doirasidagi ko‘magi va Turkiya O‘rmon xo‘jaligi va atrof-muhit vazirligining texnik yordamlari bilan katta ishlar qilinmoqda. Shu bilan birga 2006 yildan boshlab respublika o‘rmon xo‘jaligini yanada rivojlantirish bo‘yicha BMT FAO bilan hamkorlikda “Respublika o‘rmon xo‘jaligini rivojlantirish Milliy dasturi” doirasida ishlar amalga oshirilmoqda. Respublika o‘rmon xo‘jaligi mutaxassislari chet el rivojlangan davaltlarida xalqaro uchrashuvlarda va o‘quv kurslarida ishtirok etib, tajriba almashib qaytdilar. Jumladan, AQSh, Chexiya, Italiya, Rossiya, Slovakiya, Xitoy, Filippin, Turkiya, Eron, Avstriya va boshqa davlatlarga borib kelishmoqda.

Shaharlar va aholi yashash maskanlarini obodonlashtirish va ko‘kalamzorlatirish maqsadida Bosh boshqarma tarkibida Manzarali bog‘dorchilik va o‘rmon xo‘jaligi respublika ilmiy ishlab chiqarish markazi tashkil etilib, tizimda manzarali o‘simliklar ko‘chatlarini o‘stirishning asoslarini hamda istiqbolli texnologiyalarini ishlab chiqish va joriy etish, ko‘chatlarni sertifikatlash va standartlashtirishning yagona tizimini ishlab chiqish, mintaqalarning turpoq va iqlim sharoitlarini hisobga olgan holda manzarali o‘simliklarni rayonlashtirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish, ko‘chat ekish servis ishlarini amalga oshirish ishlari boshlab yuborildi.

O‘rmon xo‘jaligi bosh boshqarmasi tashabbusi bilan joriy yilning bahor oylarida respublikaning yashil boyliklarini ko‘paytirish maqsadida ko‘chat ekish oyligi tashkil qilindi. Belgilangan 50,4 mln dona o‘rniga 54,8 mln. dona turli xil manzarali daraxt ko‘chatlari ekildi. Shundan o‘rmon xo‘jaliklari tomonidan 1,2 mln dona turli xil ko‘chatlar korxona va tashkilotlarga yetkazib beradi.

O‘rmon xo‘jaligi korxonalari Qarshi shahrining 2700 yilligi, Marg‘ilon shahrining 2000 yilligi, Samarqand shahrining 2750 yilligini nishonlash oldidan o‘tkazilgan keng miqiyosdagi obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarida hamda Imom al - Buxoriy majmuasidagi, Xakim at-Termiziy, Jaloliddin Manguberdi majmuasidagi obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarida faol ishtirok etib, 2,2 mln dona turli xil ko‘chatlarni xomiylik tariqasida yetkazib berdi. Bundan tashqari har yili respublikadagi barcha mehribonlik uylariga, shifoxonalarga, sihatgohlarga, o‘quv yurtlariga va boshqa ko‘plab maskanlarga 100 ming donadan ziyod har xil ko‘chatlar bepul ajratildi, kam ta’minlangan, nogiron, yordamga muxtoj oilalarga beg‘araz yordam tariqasida 170-200 mln so‘mlik homiylik yordamlari ko‘rsatilmoqda.

Respublikada shamol va suv eroziyasiga qarshi samarali kurash vositalaridan biri tog‘ yon bag‘rilarini zinapoya usulida kesib, archazorlar va yong‘oqzorlar tashkil etishdir. Shu masalani amalga oshirish bo‘yicha tegishli me’yoriy xujjatlar qabul qilingan va shularga asoslanib hozirgi kunlarda archalarning nihollarini yetishtirish va ulardan o‘rmonzorlar barpo etish ishlari qizg‘in olib borilmoqda. Shu jumladan, tog‘ va tog‘ oldi hududlarida joylashgan o‘rmon xo‘jaliklarida ilmiy asoslangan holda 50 ming dona archa ko‘chatlari yopiq ildiz usulida hamda noyob, zangori va oddiy yel nihollarini yuqori texnologik asoslar orqali yetishtirildi.

Oxirgi yillarda respublikamizda yangi qurilish ishlari nihoyatda rivojlanib borayotganligi, shu bilan birgalikda obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari ko‘payib ketayotganligi natijasida manzarali noyob, kimmatbaxo daraxtlar ko‘chatlariga bo‘lgan talabning yildan yilga o‘sib borishini xisobga olib o‘rmon xo‘jaliklarida bozorbop, xaridorgir ko‘chatlarni yetishtirishga katta axamiyat berilmoqda. Xar yili republika o‘rmon xo‘jaliklarida 32 mln. dona ko‘chat yetishtirilar edi. Bu ko‘rsatgich hozirgi kunda yiliga 50 mln donaga yetkazildi. Shu jumladan, 3 mln dona igna bargli, 15 mln dona mahsuldor daraxtlarni ko‘chatlari yetishtirilmoqda.

Respublikamizda Mustaqillikka erishilgandan keyin xalq xo‘jaligini rivojlantirish maqsadida katta-katta maxsus ixtisoslashgan ishlab chiqarish markazlari barpo etilmoqda. Shu ob'yektlarning chet atroflarida yashil voha barpo etish bo‘yicha vazirlar Mahkamasining bir necha qarorlari qabul qilindi.ushbu qarorlarga asosan Buxoro viloyati Qoravulbozor tumanidagi neftni qayta ishlash zavodining chetlarida 10 ming gektar maydonda yashil voha barpo etildi. Sho‘rtangaz kimyo majmuasining hududida 5 ming gektar maydonda ixota o‘rmonzorlari barpo etildi. Qo‘ng‘rot soda zavodining ichki qismini obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha hamda atrofida yashil voha barpo etish bo‘yicha tashkiliy ishlar olib borilmoqda.

Oxirgi yillarda dorivor va ozuqabop o‘simliklarga bo‘lgan talabning o‘sishini hisobga olib, respublikada bir necha turdagi o‘simliklarni plantatsiya usulida yetishtirish bo‘yicha ham ko‘rsatmalar berildi. Shu masala bo‘yicha respublikada har yili 50 gektardan ortiq maydonda namatakzorlar barpo etilmoqda.

Respublikada ayrim ko‘chatlarga talab yuqori bo‘lganligini inobatga olib, ushbu ko‘chatlar turlarini ko‘paytirish maqsadida tegishli ko‘rsatmalar berilgan. Shu borasida respublikada 2006-2011 yillarda yapon saforasini, eldar qarag‘ayini, archa daraxtlarini ko‘chatlarini yetishtirish va ulardan o‘rmonzorlar barpo etish hajmlari belgilangan. Bugungi holatda belgilangan topshiriqlar ortig‘i bilan bajarilib, respublikada jami 200 gektardan ortiq maydonda noyob va mahsuldor daraxtlardan o‘rmonzorlar barpo etildi.

O‘tgan davrda davlat korxonalari, milliy tabiat bog‘i va o‘rmon-ov xo‘jaliklarida Ilmiy-texnik kengash tomonidan tasdiqlangan 21 ta mavzuda ilmiy tadqiqot ishlari olib borilgan va dastlabki natijalari bo‘yicha respublikamizning turli gazeta va jurnallarida 23 ta ilmiy maqolalar chot etilgan.

Qo‘riqxona, milliy tabiat bog‘i va o‘rmon-ov xo‘jaliklari boshqarmasi tarkibidagi qo‘riqxonalari volerlarida 51 bosh, erkin sharoitda 412 bosh Buxoro bug‘ulari, volerida 11 bosh erkin sharoitda 1600 bosh Qizilqum qo‘ylari, 180-200 bosh Burama shoxli echki (marxur) va 23-30 bosh Buxoro qo‘ylari muhofaza qilinmoqda.

O‘rmon fondi yerlarida o‘rmon monitoringi o‘rnatish, shuningdek geodeziya, kartografiya ishlarini bajarish uchun talabga javob beradigan yuqori darajadagi maxsus kompyuterlar o‘rnatildi. “O‘zgiproo‘rmonloyiha” davlat korxonasi geodeziya va kartografiya ishlarini amalga oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasining letsenziyasini olishga muvofiq bo‘ldi.

O‘rmon xo‘jaliklari iqtisodiy ahvoli yildan-yilga yaxshilanib bormoqda. 2000 yilda umumiy daromad 1,8 mlrd so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, 2006 yil yakuniga 4,3 mlrd so‘m ni tashkil etdi.

Xozirgi kunlarda eng dolzarb masalardan biri bu fermer xujaliklarini yerlarini shamol va suv eroziyasidan ximoya qilish va sizot suvlarini pasaytirib yerlarni sho‘rlanishini oldini olish deb hisoblanadi. Yerlarni meliorativ xolatini yaxshilash masalaridan biri bu dala va yaylov ixota o‘rmonzorlar barpo etish dir. Oxirgi yillarda shu masalaga kam axamiyat berilmoqda. 1992 yil xolatiga respublika bo‘yicha qishloq xo‘jaligi yerlarida 40 ming gektarda ixota urmonzorlar barpo etilgan edi. Xozirgi kunga kelib shu urmonlarni ko‘pi kesilib ketgan yoki biologik yoshini utab, siyraklashib o‘z ximoya vazifasini bajarishga yaroqsiz xolga kelib qolgan. Shu xolatlarni etiborga olib ixota o‘rmonzorlar barpo etish ishlarini respublika raxbariyati o‘z qaramog‘ida qoldirish kerak va markazlashgan xolda yer maydonlarini va mablag‘larini ajratib berish zarur.