Orolbo‘yi mintaqasida yirik loyihaning 2023-yilgi mavsumiga start berildi
So‘nggi yillarda Orol dengizi qurishining salbiy oqibatlarini yumshatish, dengizning qurigan tubida yashil qoplamalar barpo etish hamda Orolbo‘yi mintaqasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi turmush darajasini yanada yaxshilashga qaratilgan keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda.
Aytish o‘rinliki, Davlatimiz rahbarining bevosita tashabbusi bilan Orol dengizining suvi qurigan tubida "yashil qoplamalar” - himoya o‘rmonzorlari barpo etish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Natijada, Orol dengizining qurigan tubida 1,7 mln gektar maydonda saksovul, cherkez, qandim kabi sho‘rga va qurg‘oqchilikka chidamli o‘simliklardan iborat yashil qoplamalar barpo etildi.
Ushbu ishlarni tizimli davom ettirish maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 18-yanvardagi “Orol dengizining suvi qurigan tubida va Orolbo‘yi hududlarida “yashil qoplamalar” – himoya o‘rmonzorlarini barpo etishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 31-sonli qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Orol dengizining suvi qurigan hududida global ekologik muammolarning oldini olish va aholining ijtimoiy-iqtisodiy yashash tarzini yaxshilashga qaratilgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar olib borilmoqda.
Jumladan, 2022-yilda 107 ming gektar maydonda saksovul va boshqa cho‘l o‘simliklaridan “yashil qoplamalar” barpo etildi. Jami 590 tonnadan ziyod cho‘l o‘simliklarining urug’lari jamg‘arildi. 100 gektar saksovul va boshqa cho‘l o‘simliklaridan niholxonalar tashkil etildi. Mazkur ishlarni bajarish uchun 635 nafar ishchi-xodimlar, 250 dona yuqori unumli traktorlar va 2 dona kichik aviatsiya (AN-2) jalb etildi.
E’tiborlisi, barpo etilgan “yashil qoplamalar” soha olimlari tomonidan doimiy monitoring qilinib, cho‘l o‘simliklarining ko‘karishi bo’yicha yaxshi natijalarga erishilmoqda.
2023-yilda ham “yashil qoplamalar” barpo etishni moliyalashtirish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 20-yanvarda 25-F-sonli Farmoyishi qabul qilingani Orolbo‘yi mintaqasida ekologik vaziyatni yaxshilashga qaratilgan ishlarni yanada keng qamrovda sifatli davom ettirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Joriy yilning 31-yanvar kuni Orol dengizining qurigan tubida 2023-yil – saksovul ekish mavsumi boshlanishi oldidan tadbir tashkil etildi. O‘zbekiston Respublikasi Tabiat resurslari va Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, O‘zbekiston Ekologik partiyasi faollari, keng jamoatchilik vakillari, yoshlar, ekologlar va o‘rmonchilar ishtirok etgan tadbirda so‘z olganlar so‘nggi yillarda Orol dengizining qurigan tubida davlatimiz tomonidan saksovulzor yaratish, cho‘llanish xavfini kamaytirish, Orolbo‘yi mintaqasi hududlari aholisi turmush sharoitlarini yaratish borasida olib borilgan ishlarni e’tirof etishdi.
Shundan so‘ng ushbu yirik loyihaning 2023-yilgi mavsumiga start berildi.
Mazkur tadbirda Tabiat resurslari vazirining o‘rinbosari N.Oblamuradov ishtirok etdi.
Ma’lumot o‘rnida aytish kerakki, 2023-yilda 100 ming gektar maydonda himoya o‘rmonzorlari hisoblanuvchi “yashil qoplamalar” barpo etish rejalashtirilgan. Ushbu “yashil qoplamalar”ni barpo etish uchun jami 420 tonna saksovul, qandim, qoraburoq kabi cho‘l o’simliklarining urug‘lari jamg‘ariladi. 100 gektar maydonda saksovul va boshqa cho‘l o‘simliklaridan niholxonalar tashkil etilishi maqsad qilingan. Zarur miqdordagi texnika va mexanizmlar, mutaxassis va ishchi-xodimlar o‘rmon meliorativ tadbirlarini amalga oshirish uchun jalb etiladi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya qo'mitasi matbuot xizmati tomonidan e'lon qilingan