O‘zbekistonda kovrak o‘simligini muhofaza qilish va ko‘paytirish imkoniyatlari
Tabobatda tarkibida kishi organizmiga ijobiy tasir etuvchi, biologik faol moddasi mavjud boʼlgan oʼsimliklar organlari ishlatiladi. Odatda dorivor mahsulotlar sifatida oʼsimliklarning ildizi, bargi, poʼstlogʼi, guli, mevasi va boshqa qismlaridan foydalaniladi. Biz fikr yuritmoqchi boʼlgan kovrak (ferula) oʼsimligining asosan yelimi-ildizidan olinadigan smolasi-shirasi tibbiyotda ishlatiladi.
Kovrak (Ferula) turkumi selderdoshlar (soyabonguldoshlar)-Аpiaceae (Umbliferae) oilasiga mansub boʼlib koʼp yillik oʼt oʼsimliklardan iborat. Kovrakning yer yuzida 160 dan ziyod turlari, Oʼrta Osiyo respublikalarida 104 turi, Oʼzbekistonda esa 50 dan ziyod turlari uchraydi. Mahalliy aholi kovrak turkumining har xil turlariga qarab sassiq kovrak, rova, ravshak, kamol, moʼrcha kamol va boshqa nomlar bilan atashadi.
Smola-elim olish uchun asosan 10 turi ishlatiladi, bular sassiq kovrak, rova, kuhiston kavragi va boshqa nomdagi kovraklar hisoblanadi, bu turlar, tashqi marfologik jihatdan bir-birlariga juda ham oʼxshab ketadi, ammo tabiatda sassiq kovrak (Ferula assa-foetida) keng tarqalgan boʼlib, respublikamizda tayyorlanib istemolchilarga yetkazib berilayotgan smola-elim asosan shu turdan olinadi.
Kovrakning boʼyi 1.5-2 metrgacha yetadi, ildizi yo‘gʼon 15-20 smgacha yetadi, lavlagisimon chuqur joylashgan. Oʼsimlik poyasi 8-9 yilda bir marotaba oʼsib chiqadi va gullaydi-monokarp. Poyasi tik oʼsuvchi, yo‘gʼon, ichi kovak yuqori qismi shoxlangan. Ildizoldi barglari bandli, uch marta ajralgan. Barg boʼlaklari choʼzinchoq, yoki lansetsimon.Poyadagi barglari maydaroq, tashqi tomoni juda koʼp tuklar bilan qoplangan boʼlib, poyada qini bilan ketma-ket oʼrnashgan. Gullari murakkab soyabonga toʼplangan. Guli och sariq, kosachasiz, tojbargi 5 ta, otaligi 5 ta, onalik tuguni ikki xonali, pastda joylashgan. Mevasi ikki boʼlakli donacha.
Mart-aprel oylarida gullaydi, mevasi aprel-mayda pishib yetiladi.Oʼsimlikning yer ustki qismlari oʼsish muhiti va ob-havo sharoitiga qarab 1.5-2 oy yashaydi.
Kovrak turkumiga mansub turlar Kavkaz, Oʼrta Osiyo respublikalari, Gʼarbiy Sibirda, Oʼrta yerdengizi mintaqalarida, Eron, Аfgʼoniston, Pokiston, Xitoy hamda Hindistonda keng tarqalgan.Toshkent, Surxondaryo, Qashqadaryo, Samarqand, Jizzax, Navoiy, Buxoro hamda Qoraqalpogʼiston respublikasi hududlarida qumli choʼllar, adirlar, togʼlar va togʼoldi yalangliqlarda, sof tuproqli yerlarda oʼsadi.
Tibbiyotda ishlatiladigan yelim-smola tarkibi efir moylari, unga sarimsoq hidi beruvchi organik sulfidlar, pinen, kumarinlar va boshqa birikmalardan tashkil topgan.
Kovrakning yelim-smolasi halq tabobatida tomir tortishi, oʼpka sili, oʼlat, zaxm, koʼk yo‘tal, tish ogʼrigʼi, asab va boshqa kasalliklarni davolash uchun, hamda quvvat beruvchi, balgʼam koʼchiruvchi va gijja haydovchi dori sifatida qoʼllaniladi.
Kovrakning juda yosh novdalarini yanchib, qatiqga qorib xavfli shishlar va zaxmga davo qilinadi. Yelim-smolaning spirtli tindirmasi (nastoykasi), emulsya va hapdori holida astma, tomir tortishi va asab kasalliklarida ishlatiladi. Ilmiy meditsinada kovrak yelim-smolasi- “assa foetida” nomi bilan kukun, emulsiya va spirtli tindirma (nastoyka) hamda ogʼriq qoldiruvchi va tinchlantiruvchi vosita sifatida ishlatiladi va koʼpgina davlatlar farmakopeyasiga kiritilgan. Sharq mamlakatlaridan Eron, Pokiston, Hindiston va Аfgʼonistonda kovrak yelimi va ildizi kulinariyada ziravor sifatida, kosmetika sanoatida attorlik vositalari ishlab chiqarishda ishlatiladi.
Kovrak ildizidan smola-elim olish erta bahordan boshlanib kuzgacha davom etadi, shuning uchun ham smola olish davrlari bahor va yoz fasllariga boʼlinadi. Bahorgi bosqich bu tayyorgarlik koʼrish davri hisoblanib, bu bosqichda yelim-smola olinadigan maydon belgilanib, kovrakning umumiy zaxirasi aniqlanadi va yelim-smola olinadigan oʼsimliklar belgilanib chiqiladi. Kovrak, eslatib oʼtkanimizdek, monokarp oʼsimlik boʼganligi uchun barcha tupida poyasi boʼlmaydi, shuning uchun ham oʼsimlikni ildizini poya va yer ustki barglardan tozalab, smola olishga tayyorlash lozim. Buning uchun kovrak ildizi atrofini 5-10 sm chuqurlikda va 20-25 sm kenglikda kovlab, ildizining tepa qismi ochiladi. Kovrak ildizini ustki qismi ochilgandan soʼng, yelim-smola olish uchun kesib qoʼyiladi, 5-6 kun oʼtgandan soʼng sifatli yelim-smola “Donak” shirasi yigʼiladi, va toʼplangan yelim-smola yigʼishtirilib olinadi, soʼng yana yangi joydan kesib qoʼyiladi, mavsum davomida, oʼsimlik ildizining katta kichikligiga qarab 15-20 marotaba kesik qilish mumkin. Yelim-smola yigʼish mavsumi tugagandan soʼng, har bir tupni ustini tuproq bilan yopib qoʼyish kerak, kelgusida oʼsimlik qurib qolmasligi uchun.
Yuqorida takidlaganimizdek, kovrak yelim-smolasi qadimdan Eron, Аfgʼoniston, Pokiston va Hindistonda tayyorlanib, ishlatilib kelinadi. Qoʼshni respublikalar, xususan Tojikistonda bir necha yillardan beri tayyorlanmoqda. Bizning respublikamizda esa kovrak yelimini tayyorlash rasman 2006 yildan boshlandi. Bunda davlat oʼrmon xoʼjaliklari bilan
bir qatorda fermer xoʼjaliklari va ayrim xususiy tadbirkorlar faoliyat koʼrsatib kelmoqdalar. Shuni takidlash lozimki, kovrakdan smola-elimini olish uchun birinchi navbatda kovrakni tabiiy biologik va ekspluatatsion zaxiralarini aniqlab, katta masshtabdagi xaritasini tuzib, ulardan tabiatga zarar yetkazmasdan, oʼsimlik tabiiy sharoitda qayta tiklanishiga imkoniyat yaratish kerak, tabiiy maydonlarni uchastkalarga boʼlib yilma-yil, navbatma-navbat yelim-smola tayyorlashni amalga oshirmoq lozim. Yelim-smola tayyorlashda quyidagi qoidalarga rioya qilish kerak:
-elim-smola yetilgan, katta yoshdagi oʼsimlik tupidan olish tavsiya etiladi;
-biologik jihatdan yetilmagan 2-3 yoshli oʼsimliklardan yelim-smola olish taqiqlanadi;
-har bir 10 m2 maydondagi 5 ta yetilgan oʼsimliklardan uchtasidan yelim-smola olish mumkin;
-tayyorlash davrida gullagan oʼsimlikdan yelim-smola tayyorlashga yo‘l qoʼymaslik kerak;
-kovrak oʼsimligini kelasi yillarda koʼpaytirish uchun urugʼ olish maqsadida, har bir 400-500 m2 maydonda 2-3 tup gullagan va urugʼ bogʼlagan oʼsimliklarni qoldirish maqsadga muvofiqdir.
Kovrakning tabiiy zaxiralarini kamayib ketishini oldini olishning asosiy yo‘llaridan biri bu, kovrak oʼsadigan tabiiy sharoitda ularni ekib koʼpaytirishdan iborat. Buning uchun, yozda pishib yetilgan kovrak urugʼidan tayyorlab, tozalangan urugʼni kuzda tabiiy sharoitda kovrak oʼsadigan maydonda 5-10 sm chuqurchalar kovlab, har bir chuqurchaga 3-5 dona urugʼ qadab, ustini tuproq bilan yopib chiqish tavsiya qilinadi.
Bunday tavsiya, oʼrmon xoʼjaligi xodimlari, fermerlar va xususiy tadbirkorlar uchun, kovrak oʼsimligini biologik xususiyatlaridan kelib chiqgan holda taklif qilinmoqda, zero kovrak, tabiiy sharoitda yetilgan urugʼidan koʼpayib, keng maydonda oʼsib rivojlanadi.
Kelajakda mutaxassislar tomonidan kovrakning tabiiy sharoitda bio-ekologik xususiyatlarini oʼrganib, ularni madaniy holda koʼpaytirish va yetishtirish muammosini hal qilish fanimiz oldidagi asosiy vazifalardan hisoblanadi.
M.Аllayorov