Qidirish
18/11/24, 14:58
950

18-noyabr — O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i qabul qilingan kun

Davlat bayrog‘i O‘zbekiston Respublikasining 1991-yil 18-noyabrdagi 407-XII-sonli “O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi qonuni bilan tasdiqlangan.

Davlat ramzlari har bir mamlakatning suvereniteti va mustaqilligini ifodalaydigan muqaddas timsollardir. O‘zbekistonning davlat ramzlari xalqimizning shon-sharafi, tarixiy xotirasi va intilishlarini o‘zida mujassam etib, shu yurtda yashovchi har bir fuqaroga g‘urur, faxr va iftixor bag‘ishlaydi.

Respublikamiz fuqarolari uchun Vatanimizning muqaddas ramzi — Davlat bayrog‘i aziz. Shu bois, bayrog‘imizga nazar solganimizda biz ruhan jo‘shqinlikni, azmu shijoatimiz oshganini, qalbimizda g‘urur va buyuk istiqbolga ishonch tuyg‘usini his etamiz.

Bugun milliy bayrog‘imiz turli bayram tantanalarida, mamlakatimiz a’zolari qatnashayotgan xalqaro miqyosdagi siyosiy, madaniy-ma’rifiy tadbirlarda, nufuzli sport musobaqalarida ham bayrog‘imiz Vatanimizning sha’ni, xalqimizning g‘ururini yorqin aks ettirmoqda. Xalqaro sport bellashuvlarida g‘alaba qozongan sportchilarimiz sharafiga yurtimiz bayrog‘i baland ko‘tarilgan lahzada har birimiz cheksiz hayajonga tushamiz, hech kimdan kam emasligimizdan g‘ururlanamiz.

Bayrog‘imiz tinch va osoyishta osmon uzra mangu hilpirab tursin!