18 noyabr - O‘zbekiston Respublikasining "Davlat bayrog‘i to‘g‘risida" gi qonuni qabul qilingan kun
Qonun bilan bayroqqa nisbatan hurmatsizlik qilish holatlari belgilangan O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i — bayroqning butun uzunligi bo‘ylab o‘tgan to‘q moviy rang, oq rang va to‘q yashil rangli uchta endan tarkib topgan to‘g‘ri to‘rtburchak shaklidagi matodir. Bayroqning uzunligi 250 santimetrga, kengligi 125 santimetrga teng. Moviy rang, oq rang va yashil rangli enlarning kengligi bir xil. Har bir en 40 santimetrga tengdir. O‘rtasidagi oq rangli enning chetlaridan kengligi 2,5 santimetrga teng qizil hoshiyalar o‘tkazilgan.
Bayrog‘ining yuqori qismidagi moviy rangli enning yuz tomoni va orqa tomonida dastaga yaqin joyida oq rangli yangi oy va uning yonida o‘n ikkita oq rangdagi besh qirrali yulduz tasvirlangan.Oq rangli yangi oy va o‘n ikkita oq rangli besh qirrali yulduzning tasviri moviy rangli yuqori enning o‘rtasidan 70x30 santimetrga teng to‘g‘ri to‘rtburchakka sig‘adigan qilib joylashtirilgan. Oq rangli yangi oy vertikal holatda do‘ng tomoni dastaga qaratilgan, dastadan 20 santimetr masofada joylashtirilgan bo‘lib, diametri 30 santimetrli doiraga sig‘adi.
O‘n ikkita oq rangli besh qirrali yulduz diametri 6 santimetrli doiraga sig‘adi. Doiralar orasidagi masofa 6 santimetr. Yulduzlar uzunasiga va tikkasiga quyidagi tartibda joylashadi: yuqori qatorda uchta, o‘rta qatorda to‘rtta va quyi qatorda beshta yulduz. Quyi qatordagi yulduzlar yangi oyning pastki uchidan 3,5 santimetr masofada joylashadi.
Ma'lumot o‘rnida ta'kidlash lozmimki, «O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi Qonun Prezident tomonidan imzolandi.
Qonun bilan davlat bayrog‘idan foydalanilishi mumkin bo‘lgan holatlar kengaytirildi, jumladan:
bayroq va uning tasviri tushirilgan belgilardan jamoat joylarida, binolarda, yashash yoki ish joylarida, transport salonida;
bayroqdan sport musobaqalari, ommaviy, tantanali va madaniy tadbirlarda, oilaviy bayramlarda, xotira sanalarni nishonlashda, jamiyat va davlat arboblari, harbiy xizmatchilar dafn marosimlarida;
xalqaro sport musobaqalari hamda O‘zbekiston chempionatlari uchun sport kiyimlarini tayyorlash uchun bayroqning tasviri tushirilgan belgilardan foydalanish mumkin.
Shuningdek, Qonun bilan bayroqqa nisbatan hurmatsizlik qilish holatlari aniq belgilandi, xususan:
bayroqdan va uning tasviri tushirilgan belgilardan yirtilgan, ifloslangan, teshilgan, rangi oqargan holda va boshqa nomaqbul tarzda foydalanish;
biror-bir narsa uchun ustki yoping‘ich sifatida foydalanish;
stollarga, o‘rindiqlarga, stullarga to‘shash yoki tasvirlash, undan qoplama sifatida foydalanish, o‘tiriladigan boshqa joylarga yoki oyoq ostiga to‘shash yoki tasvirlash;
kiyim-kechak, dastro‘mol yoki ko‘rpa-to‘shak sifatida, buyumlarni saqlash va tashish uchun foydalanish;
bayroq tasviri tushirilgan belgilarni poyabzal, dastro‘mol, ko‘rpa-to‘shak, ichki kiyim-kechakga, sochiqlarga, qutilarga (o‘rovlarga), bir marta foydalanish va tashlab yuborish uchun mo‘ljallangan buyumlarga bosib chiqarish yoki uning tasvirini boshqacha tarzda tushirish;
bayroq va uning tasviri tushirilgan belgilardan odob-ahloq qoidalari va jamiyatda yurish-turish qoidalariga zid ravishda foydalanish mumkin emas.
Davlat bayrog‘idan va uning tasviri tushirilgan belgilardan belgilangan talablarga muvofiq foydalanish uchun mas'uliyat bayroqdan foydalanadigan jismoniy va yuridik shaxslar, davlat organlari zimmasiga yuklatiladi.