2050 yilga qadar suvga bo‘lgan talab yana 50 foizga oshadi
Bugun yer yuzidagi 2 milliardga yaqin aholi toza ichimlik suviga muhtoj, 2 mld 300 mlndan ortiq odam esa sanitariya talablariga javob bermaydigan obihayotdan iste'mol qilishga majbur.
Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, 2050 yilga qadar suvga bo‘lgan talab yana 50 foizga oshadi. Shu raqamlarning o‘zi ham tabiatning bebaho ne'mati bo‘lgan obihayotdan tejamkorona, oqilona foydalanishga undaydi. Xalqaro metereoligiya tashkilotining hisob-kitoblariga ko‘ra, 2050 yilga borib Yer yuzi aholisining 5 milliardi yetarli darajadagi ichimlik suvidan bebahra qolishi mumkin.
So‘nggi yillarda butun dunyo jamoatchiligini ichimlik suvi bilan bog‘liq vaziyat xavotirga solib kelmoqda. Iqlimning isib ketishi va suv resurslaridan nooqilona foydalanish ichimlik suvi inqiroziga sabab bo‘lishi mumkin. Bu esa millionlab kishining hayotini xavf ostiga qo‘yibgina qolmay, balki xavfli ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlarni ham keltirib chiqarishi mumkin.
Shuningdek, oxirgi 20 yilda ichimlik suvi zaxirasi har yili bir santimetrga pasayib bormoqda. Bunda yog‘ingarchilik, yer osti va yer usti suvlari, muzliklarni qo‘shib hisoblash ham kiradi. Qurg‘oqchilikning davomiyligi oxirgi 20 yilda 29 foizga oshgan.
Bugungi kunda jahon matbuoti chuchuk suv muammosi eng dolzarb masalalardan biri bo‘lib qolayotgani xususida bong urmoqda. Chuchuk suv zahiralari yildan-yilga kamayib borayotgani, aholining iste'mol suviga bo‘lgan talabi kun sayin oshayotgani tufayli tanqislik kelib chiqayotgani haqida yozishmoqda.
Xulosa o‘rnida ta'kidlash lozimki, toza ichimlik suvining behuda nobud qilish og‘ir oqibatlarga olib keladi.
Dilrabo Boboyeva O‘rmon xo‘jaligi agentligi axborot xizmati