Agar siz o‘rmonlarni yo‘q qilsangiz, ekotizimni avvalgidek tiklashning iloji bo‘lmaydi…
Tabiatning yashil manzaralaridan zavq olmagan, vujudida tetiklik his etmagan insonning o‘zi yo‘q. Chunki biz — hammamiz tabiat farzandlarimiz. Shuning uchun insonning tabiat va jamiyat oldidagi burchi g‘oyatda keng va salmoqli.
O‘rmonlarning inson hayotidagi o‘rni…
O‘rmondan unumli foydalanilsa, yetilgan daraxtlar tanlab qirqilsa, tegishli chora-tadbirlar o‘z vaqtida amalga oshirilsa o‘rmon uzoq yashaydi, yaxshi tiklanadi. O‘rmon o‘z navbatida, tuproq sharoitiga, uning suv rejimiga, strukturasiga, organik va mineral moddalarning to‘planishiga, tuproq unumdorligiga katta ta'sir ko‘rsatadi.
O‘rmon biosferada bir qator kimyoviy elementlar va suvni saqlab turadi, troposfera bilan o‘zaro faol ta'sirlashadi va kislorod hamda uglerod balansi darajasini belgilaydi. Ular odamzod uchun kerakli bo‘lgan kislorodning 60% ni ishlab chikaradi. O‘rmon rekreatsiya va sog‘lomlashtirish ahamiyatiga ega.
“Agar siz o‘rmonlarni yo‘q qilsangiz, ekotizimni avvalgidek tiklashning iloji bo‘lmaydi. Biz yeymiz, ichamiz va nafas olamiz, chunki bu mexanizm ishlaydi. Kislorodni ajratish, suvni tozalash, o‘simliklarning changlanishi bularning barchasi katta tizimning bir qismidir. Bu tizimga o‘rmonlardagi barcha hayvonlar va o‘simliklar o‘zlarining hissalarini qo‘shadilar «, deydi Rossiyadagi Butunjahon yovvoyi tabiat fondi direktori Dmitriy Gorshkov.
Darhaqiqat, o‘rmon maydonlarining yarmi odamning tashqi ta'siridan deyarli aziyat chekmagan va o‘rmonlarning uchdan bir qismi inson faoliyati oqibatlarini boshidan kechirmagan. Shunga qaramay, o‘rmonlarning yo‘q bo‘lib ketishi davom etmoqda, bu sayyoramizning yangi hududlari o‘rmon qoplamini yo‘qotishini anglatadi.
Statistik ma'lumotlarga ko‘ra, dunyodagi o‘rmonlarning yarmidan ko‘pi beshta mamlakatda: Rossiya Federatsiyasi, Braziliya, Kanada, AQSh va Xitoyda joylashgan.
O‘rmonlarda o‘suvchi har bir daraxt 95 foiz namlikni ehtiyoj bo‘lgan joyga yuboruvchi, kelib chiqishi tabiiy akveduk. Ular tuproqdagi namlikni saqlab, yemirilish jarayonlarining oldini oladi. Bir vaqtning o‘zida bug‘langan suvni atmosferaga chiqaradi, bu esa sovish effektini ta'minlaydi.
Daraxt va butalarning hayotimizdagi ahamiyati qanchalik muhimligini barchamiz birdek anglasakda, afsuski, har yili yerdagi o‘rmonlar yuz millionga yaqin daraxtni yo‘qotadi. Bir yilda bitta daraxt esa deyarli 100 kubometr kislorod beradi.
Yashil olam musaffo tabiatning asosiy ildizidir. Ko‘kka bo‘y cho‘zib turgan salobatli dov-daraxtlar, ko‘kalamzor joylar ko‘zni yashnatishi barobarida havo musaffoligini ham ta'minlaydi.
Unutmaylik, yurtimiz iqlimini mo‘'tadil saqlashda, tabiatni asrashda barchamiz birdek dahldormiz!
Dilrabo Boboyeva O‘rmon xo‘jaligi agentligi axborot xizmati