Asal “hayot sharbati” dir!
Asal xalq tabobati tavsiya etadigan shifobaxsh neʼmatlarning podshohidir. Oʻtmishdagi tabiblar asalni bejizga “uzoq umr koʻrish malhami”, “hayot sharbati”, deb aytishmagan. Darhaqiqat, uning tarkibida inson organizmiga oʻta zarur va foydali boʻlgan yuzdan ortiq biologik modda bor. Pifagorning aytishicha, uning uzoq umr koʻrishiga muttasil asal isteʼmol qilishi asosiy sabablardan boʻlgan ekan. Ibn Sino taʼbiricha, navqironlikni saqlab qolish uchun asal isteʼmol qilib turish kerak. Ayniqsa yoshi ulgʻayib qolganlarga u bebaho shifo va quvvat manbaidir. U shamollash, holsizlik, asab toʻqimalari kasalliklarida yaxshi davo boʻladi. Asal bolalar va qariyalarga, tanadagi modda almashinuvi buzilgan kishilarga birday foydalidir.
Surxondaryo viloyati, Uzun davlat oʻrmon xo’jaligi tomonidan parvarish qilinayotgan asalarilaridan tabiiy toza asal olish boshlandi.
Mutaxassislarning taʼkidlashicha, asal, mum, asalari suti, asalari yelimi, asalari zahari kabi noyob mahsulotlar yetishtirishda, eng muhimi qishloq xoʻjaligi ekinlari hosildorligini oshirishda oʻrnini boshqa hech bir vosita bosa olmaydigan qishloq xoʻjaligi tarmogʻi sifatida tan olingan. Soʻnggi yillarda asalarichilikni jadal rivojlantirish, sifatli asal mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini koʻpaytirishga katta eʼtibor qaratilmoqda.
Surxondaryo viloyati, Uzun davlat oʻrmon xoʻjaligi masʼullarining taʼkidlashicha, davlat rahbarining tegishli qaroriga asosan asalarichilikni rivojlantirishning barcha mexanizmlari qamrab olingani ahamiyatlidir. Kelgusida asalarichilikdan yuqori daromad kutilmoqda.