Aziz Abduhakimov yoshlar orasida ekofaollar ko‘pligi, atrof-muhitga befarq emasligini e'tirof etdi
Toshkentdagi "Yoshlar ijod saroyi"da Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov hamda ekofaol yoshlar o‘rtasida ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi. Unda 500 nafardan ortiq yoshlar ishtirok etdi. Shuningdek, tadbir jarayonida O‘rmon xo‘jaligi agentligi yoshlari ham faol qatnashdi.
Uchrashuv davomida vazir sohada yoshlarga berilayotgan imkoniyatlar va ular tomonidan amalga oshirilayotgan tashabbuslarga alohida e'tibor qaratilayotganini ta'kidlab, ularga minnatdorchilik bildirdi. Yoshlar orasida ekofaollar ko‘pligi, atrof-muhitga befarq emasligini qayd etdi.
Tadbirdan maqsad ekologiya sohasida yoshlarning faolligini yanada oshirish, dolzarb muammolarga yechim topishda ularning o‘rni yuqori, har bir fikri, tashabbusi muhim ekanligini yana bir bor ta'kidlashdir.
Ma'lumot o‘rnida ta'kidlash lozimki, "Yashil makon" loyihasi doirasida 1 milliondan oshiq yoshlar tashabbus ko‘rsatdi.
Tadbir so‘nggida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga soha vakillaridan javob oldi.
Dilrabo Boboyeva O‘rmon xo‘jaligi agentligi axborot xizmati