Bahorgi mavsumida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida amalga oshirilgan ishlar
Respublikada “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida 2024-yil bahor va kuz mavsumlarida ko‘chat ekish ishlarini tizimli va samarali tashkil etish maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 7-martdagi 144-F-son Farmoyishi qabul qilindi.
O‘rmon xo‘jaliklari tomonidan ushbu Farmoyish ijrosini ta’minlash maqsadida bahorgi mavsum talabidan kelib chiqqan holda Respublika bo‘yicha barcha hududlarga jami 12,3 mln dona xususan, maktabgacha ta’lim tashkilot (bog‘cha) larga 381 ming dona, ta’lim muassasa (maktab) larga 1 mln 183 ming dona beg‘araz, shuningdek, sog‘liqni saqlash mussasalariga 415,8 ming dona Ekologiya jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan ko‘chatlar yetkazib berildi.
Shuningdek, 480 nafar o‘rmonchilar tomonidan 50 dan ortiq mahallalarda ilmiy asoslangan holda ko‘chat ekish ishlariga ko‘maklashildi.
Bunda hududning tuproq-iqlim sharoitiga mos daraxt va buta ko‘chatlarini tanlanishiga alohida e’tibor qaratildi.
O‘z navbatida ekilgan ko‘chatlarni sug‘orish va parvarishlash bo‘yicha muhim tavsiyalar berildi.
Bundan tashqari 25 nafar fuqarolar xonadonlarida namunali tarzda ko‘chat ekish ishlari tashkillashtirildi.
O‘rmonchilik hamda ko‘kalamzorlashtirish tadbirlari uchun daraxt va butalarning 771 tonna urug‘lari jamg‘arildi.
Jami 667 gektar, shundan 318 gektar niholxonalar va 350 gektar ko‘chatxonalarni tashkil etildi.
Bundan tashqari 17 mln dona daraxt va buta ko‘chatlari zaxirasi yaratilmoqda. O‘z navbatida joriy yil kuzgi mavsumda bu ko‘chatlar belgilangan tartibda yetkazib beriladi.
Respublikada ekologik vaziyatni barqarorlashtirish maqsadida 220 ming gektar maydonda o‘rmon barpo qilish va qayta tiklash tadbirlari amalga oshirildi. Bunda o‘rmon ekish ishlarining asosiy qismi cho‘l hududlariga to‘g‘ri keladi.
Jumladan, Orol dengizining qurigan tubi va Orolbo‘yi hududlarida qum ko‘chishi hamda atmosfera havosiga tuz-chang ko‘tarilishini bartaraf etish maqsadida jami 215 ming gektar, shundan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mo‘ynoq tumanida 112,5 ming gektar, Buxoro viloyati Olot tumanida 41 ming gektar, Navoiy viloyati Tomdi, Uchquduq tumanlarida 51,3 ming gektar va Xorazm viloyati Tuproqqala tumanida 10 ming gektar maydonda “yashil qoplamalar” barpo etildi.
Ushbu o‘rmon-meliorativ tadbirlari uchun 1207 nafar ishchi-xodimlar, 522 dona texnika va mexanizmlar, 1 dona AN-2 samolyot va 6 dona motodeltaplanlar jalb etildi.
Respublikamizning 134 ta tuman va shahar mahalliy kengashlari tomonidan 347 gektar maydonda “yashil bog‘lar” barpo etishga yer ajratish to‘g‘risida tegishli qarorlari qabul qilindi.
Hozirgi kunda tanlangan ushbu yer maydonlarida “yashil bog‘lar” barpo qilishga mo‘ljallangan loyiha hujjatlarini ishlab chiqish hamda belgilangan tartibda ekspertizadan o‘tkazish bo‘yicha amaliy ishlar olib borilmoqda.
“Toshkent-Samarqand” temir yo‘lining Sirdaryo viloyatidan o‘tuvchi qismida joylashgan 69 km hududda 129 ming dona, Jizzax viloyatidan o‘tuvchi 84 km hududda 219 ming hamda Samarqand viloyatidan o‘tuvchi o‘tuvchi 13 km qismida 24 ming dona jami 372 ming dona hududlarning tuproq-iqlim sharoitiga mos ko‘chatlar ekish ishlari amalga oshirildi.
Bundan tashqari, “Samarqand-Qarshi” temir yo‘l atrofini ko‘kalamzorlashtirishga oid topshiriq ijrosi bo‘yicha bugungi kunda loyiha-qidiruv va boshqa amaliy ishlar boshlangan.
Jizzax viloyati Zomin tumanining tog‘ va tog‘oldi hududlarida 91 gektar maydonda manzarali o‘rmonzorlar barpo etildi.
Bundan tashqari, Hukumatimizning tegishli farmoyishiga asosan “Zomin” turistik rekreatsion hududida iqlim sharoitiga mos 2,5 ming dona zarang, 500 dona qirim qarag‘ayi, 450 dona shumtol va 150 dona sadaqayrag‘och kabi jami 3,6 ming dona manzarali ko‘chatlarni ekish ishlari amalga oshirildi.
Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi tog‘ oldi hududlarida 258 gektar maydonda do‘naroq-iqlim sharoitga mos daraxt va buta turlaridan o‘rmon barpo etish ishlari bajarildi.