Baxmal davlat o‘rmon xo‘jaligida bodom urug‘ini terib olish ishlari boshlab yuborildi
Bodom yetishtirishga ixtisoslashtirilgan hududlardan tashqari, u Farg‘ona vodiysida, Surxondaryo va Samarqand viloyatlarida, Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida keng tarqalgan.
Bodom daraxtining bo‘yi baland, shox-shabbasi piramida shaklida yoki tarvaqaylagan bo‘ladi, ildiz tizimi baquvvat, 6 metr chuqurlikkacha tarqalib o‘sadi. Bodom daraxtlari odatda 6-8 metrgacha bo‘ladi. Ayrim hollarda daraxtining balandligi 12 metrgacha bo‘lishi mumkin.
U qurg‘oqchilikka juda chidamli bo‘lib, joy tanlamasdan, suvsiz, toshloq va tog‘ning unumsiz janubiy yonbag‘irlarida ham yaxshi o‘sadi.
Bodom ko‘chati kuzda yoki erta baharda ekiladi. U yorug‘likka talabchan bo‘lganligi sababli salqin joylarda yaxshi o‘smaydi, tarkibida ohagi bo‘lgan soz tuproqlarda yaxshi rivojlanadi. Bodom yorug‘sevar, issiqqa va qurg‘oqchilikka juda chidamli bo‘ladi.
Bodom eng erta, boshqa mevali daraxtlardan oldin — fevral va martning boshlarida gullaydi, shuning uchun tekisliklarda bahorgi sovuqlar uni zararlaydi. Bodom mevasi avgust—sentabrda pishadi.
Bodom 3—4 yoshidan hosilga kiradi, 12—18 yoshidan 35—40 yilgacha yaxshi hosil beradi. Yaxshi parvarishlansa, 60—100 yil yashab, hosil berishi mumkin.