Qidirish
26/08/24, 14:12
1393

Baxmalda aholi yashash joylariga kelib qolgan Seversov qo‘yi tabiatga qo‘yib yuborildi

2024-yilning 25-avgust kuni Baxmal o‘rmon xo‘jaligi hududiga yaqin joylashgan aholi gavjum yashash joylariga Seversov qo‘yi - Qizilqum arxari kelib qolgan.  Aholi vakillaridan biri arxarni tutib Baxmal o‘rmon xo‘jaligining nozirlariga topshirgan.

"Qizil kitob"ga kiritilgan, yo‘qolib ketish xavfi ostida bo‘lgan jonivorning umumiy ahvoli nozirlar tomonidan veterinar ko‘rigidan o‘tkazildi.  Har tomonlama sog‘lom deb topilgan jonivor Nurota davlat qo‘riqxonasiga qarashli "FALCON SOLUTCONS" MCHJ xodimlariga topshirildi.

Ma’lumot uchun Seversov qo‘yi yoki Qizilqum arxari Pomir – Oloy tog‘lari tarkibiga kiruvchi tog‘lar qoldiqlari -   Nurota, Oqtog‘, Molguzar, Turkiston, Zarafshon, Pistalitog‘, Tomditog‘, Bo‘kantog‘ tizmalarida uchraydi.  XX-asrning o‘rtalariga kelib, bu turning bosh soni keskin kamayib ketib, ayrim tarqalish mintaqalarida butunlay yo‘q bo‘lib ketish xavfida bo‘lgan.  O‘z vaqtida ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida  mazkur tur Nurota davlat qo‘riqxonasida saqlab qolingan. Bugungi kunda tur populyasiyasining 80 foizi Nurota qo‘riqxonasi hududida uchraydi.