Qidirish
11/05/23, 09:22
1915

Betakror landshaftlardan tashkil topgan Bobotog‘!

O‘rmonlar bu bir-biriga va o‘sish sharoitiga ta’sir etuvchi va geografik landshaft elementini hosil qiluvchi daraxtsimon o‘simliklar majmui sanaladi.

Mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, o‘rmonlar Yer sayyorasining o‘pkasi bo‘lib, ularsiz hayotni tasavvur qilishni imkoni yo‘q.

O‘rmon massivlari 38 million kvadrat kilometrga yaqin maydon — quruqlikning taxminan uchdan bir qismini egallaydi. U yerda sayyoradagi o‘simlik va hayvonlarning deyarli yarmi o‘sadi va yashaydi.

O‘zbekiston tabiati ham 4 faslni o‘zida jamlagan. Tabiati turfa xil, betakror manzarasi bilan ko‘pchilikning hayratiga sabab bo‘ladi.

Surxondaryo viloyatidagi “Bobotog‘” tog‘ tizmalari O‘zbekiston va Tojikiston chegarasida Surxondaryo va Kofarnihon daryolari oralig‘ida joylashgan. Uzunligi qariyb 125 kilometrga, eni 30-40 kilometrga cho‘zilgan. 65 ming 732 gektardan ortiq maydonni egallagan o‘rmon xo‘jaligining 36 ming 564 gektardan ziyod hududini pistazorlar tashkil etadi. O‘rmon xo‘jaligining dengiz sathidan 800-900 metr balandliklarida na’matak, zirk, bodom, pista singari mevali va manzarali daraxtlar mavjud. Archazorlari undan ham baland tepaliklarida uchraydi. Dorivor kovrak o‘simligi o‘sadi. Tog‘oldi keng yaylovlardan iborat.

Jahonda pista mevasi va kovrak o‘simligi shirasiga yildan-yilga ehtiyoj ortib borayotganligi sababli Surxondaryo viloyatidagi “Bobotog‘” davlat o‘rmon xo‘jaligida ham 10 ming gektar maydonda pista va qator oralarida kovrak dorivor o‘simligi plantatsiyasini barpo etish loyihasi amalga oshirilmoqda.

Pista mevasi va kovrak o‘simligi mahsulot ham shifobaxshligi bilan dunyo bozorida o‘z o‘rnini mustahkamlab bormoqda. Xususan, xalq tabobati va zamonaviy tibbiyotda pista sog‘lik uchun foydali ajoyib ne’mat sifatida qayd etiladi. Ayniqsa, Bobotog‘ pistasi kaloriyasi yuqoriligi va vitaminlarga boyligi bilan ajralib turadi.

Mutaxassislar fikricha, madaniy pistazor qator oralarida dorivor o‘simlik yetishtirishning yo‘lga qo‘yilishi loyihaning samaradorligini yanada oshirib, bir gektar maydondan yanada ko‘proq foyda olish va yerlardan oqilona foydalanish imkonini beradi.

“Bobotog‘” hududi o‘zining betakror manzarasi bilan insonni jalb etadi. Tog‘ tizmasi asosan paleogen va yura davri ohaktoshlari, gil, alevrolit, qumtoshlardan tarkib topgan. Sharqiy yon bag‘ri tik va ensiz, tog‘oldi tekisliklari Kofarnihon daryosi terrasalarida joylashgan. G‘arbiy yon bag‘ri ancha yotiq va keng, asosiy qismi past tog‘lardan iborat. Bobotog‘ning yon bag‘irlari ko‘plab quruq soylar bilan parchalangan. Iqlimi quruq va keskin kontinental. O‘rtacha yillik havo harorati tog‘ etaklarida 16, o‘rtacha balandliklarda 8-10 gradusni tashkil etadi. Yillik yog‘in miqdori 170 millimetrdan 350-400 millimetrgacha. Tog‘ yon bag‘irlarida buloqlar, qish va bahorda to‘lib oqib, yozda qurib qoladigan soylar bor.

Bobotog‘ning Kofarnihon vodiysida sug‘oriladigan dehqonchilik yaxshi rivojlangan. Bu joylarda alohida muhofaza qilinishi zarur bo‘lgan landshaft ko‘p.


Dilrabo Boboyeva O‘rmon xo‘jaligi agentligi axborot xizmati