Qidirish
31/01/24, 11:31
1460

Bir tup saksovul o‘simligi to‘rt tonna ko‘chuvchi qumni to‘xtata oladi

Soha vakillarining tavsiyalariga ko‘ra, saksovul urug‘ini aynan kuz va qish oylarida ekkan maqsadga muvofiqdir. Chunki urug‘ qish bo‘yi qor, yomg‘ir suvi ostida yotadi va bahorda o‘sib chiqishi uchun yaxshi imkoniyat yaratiladi. Ekishga tayyorlangan maydonlarga darhol urug‘ sepish yoki ko‘chat o‘tqazish yaxshi samara bermaydi. Chunki tuproq sho‘r, ekilgani bilan tuz o‘ldirib tashlaydi. Shuning uchun ekish uchun qazilgan ariqlar ma’lum bir vaqt talab qiladi. U ariqlarga shamol yordamida unumdor tuproq kelib joylashganidan keyin ekish mumkin. Bahorda asosiy ishimiz ko‘chat o‘tqazish bo‘ladi.

Aynan Orolning qurigan maydonidagi saksovullar orasiga yovvoyi hayvonlar va chorva uchun ozuqabop ekinlar ham ekilmoqda.

Bugungi kunda Xorazm davlat o‘rmon xo‘jaligida joriy yilda “Yashil qoplama” lar barpo etish maqsadida saksovul urug‘ini tayyorlash jarayoni boshlab yuborildi.

Mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, saksovulzorlar barpo etish orqali ko‘chma qumlar mustahkamlanadi, cho‘llanish jarayoni sekinlashadi, uning ta’sirida yer ustki qismida shamolning tezligi kamayadi, chang to‘zonlari bo‘lib havoga tuz va qum zarrachalarini ko‘tarilishi to‘xtaydi. 7 yoshli saksovulzorda shamol tezligi butunlay to‘xtaydi. Bir tup saksovul o‘simligi to‘rt tonna ko‘chuvchi qumni tuxtata oladi. 1 gektar saksovulzor yil davomida 1135 kg karbonat angidrid gazini yutib 835 kg kislorod ajratadi. Bu esa havo tarkibini yaxshilaydi, atrof muhitni ifloslanishiga chek qo‘yiladi.

Jahon bo‘ylab saksovulning 11 turi aniqlangan. O‘rta Osiyoning cho‘l hududlarida saksovulning asosan 3 turini uchratish mumkin.