Boychechak bahor darakchilaridan biridir!
BOYChEChAK piyozdoshlar oilasiga mansub ko‘p yillik o‘t hisoblanib, bo‘yi 7—20 smdan iborat bo‘ladi. Boychechakning ildizi bo‘g‘zi bargi bitta, ipsimon, yashil, tuksiz, uzunligi o‘simlikning bo‘yiga teng keladi. Poya barglari navbat bilan joylashgan. Tugunchasi 3 uyali. Ko‘sakchasi bandchali, gulqo‘rg‘ondan 1,5 baravar qisqa.
Mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, boychechaklar tabiatan salqin, o‘rmon barglarini to‘kkan va quyosh nurini eng yuqori darajada oladigan vaqtlarda gullaydi. Bu o‘simlik mamlakatimizda ham fevral, mart oylarida gullab, meva beradi. Ko‘proq, cho‘l va adirlarda, toshloqli, tuproqli yerlarda o‘sadi.
Boychechak qadimdan ko‘klamning darakchisi sifatida qarshi olingan. Aholi orasida “Boychechak” marosimlari tashkil etilgan. Ba’zi bir qo‘shiqlar, marosimlarning ildizlari hozirgi kunlarda ham deyarli barcha viloyatlarda, ayrimlarida marosim shaklida, ba’zilarida esa faqat qo‘shiq shaklida saqlanib qolgan.