Buxoroda mahalliy iqlimga mos ko‘chatlar yetishtirish ko‘lami oshiriladi
O‘rmon xo‘jaligi Agentligi direktori E.Muhiddinov Buxoro viloyatida bo‘lib, o‘rmon xo‘jaliklarining iqtisodiy ahvoli, “Mening bog‘im” loyihasi doirasida bajarilgan ishlar va o‘rmon barpo etish tadbirlari bilan tanishdi. Shuningdek, Qorako‘l va Jondor davlat o‘rmon xo‘jaliklaridagi ishlarni joyida ko‘rib, ko‘chatxonalarning ahvoli ko‘chatlarning sifatini yaxshilash va yangi ixtisoslashtirilgan ko‘chatchilik bo‘limlarini tashkil etish bo‘yicha tavsiyalar berdi.
“O‘rmonlarni tiklash va saqlash ishlarida jamoatchilikning faol ishtirokini ta’minlash muhimdir, ayniqsa, daraxt ekish tadbirlarida mahalliy aholi, xususan, yoshlarning faol ishtirokini ta’minlash ekologik madaniyatni yaxshilashga xizmat qiladi, - dedi E. Muhiddinov. - Iqlim o‘zgarishlariga mos ko‘chatlar tanlash va ularni maxsus shart-sharoitlarda yetishtirish kerak. Bu orqali o‘rmonlarning istiqbolli ravishda tiklanishiga erishiladi, iqlimga mos tanlangan turlar o‘rmonlarning mustahkamligini ta’minlab, uzoq muddat saqlanishiga yordam beradi.”
Buxoro davlat o‘rmon xo‘jaligi direktori R.Hojiyev, Qorako‘l davlat o‘rmon xo‘jaligi direktori S. Jabborov va Jondor davlat o‘rmon xo‘jaligi direktori J. Xudoyqulov o‘rmonlarni tiklash, muhofaza qilish hamda kengaytirish bo‘yicha rejalashtirilgan chora tadbirlar haqida axborot berdi.
Tadbir yakunida mas'ullarga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 17-yanvardagi “2025- yilda aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 12-son qaroriga muvofiq hududlarda aholi daromadlarini oshirish bo‘yicha yangicha yondoshuvlarni joriy etish, ijtimoiy xizmatlar ko‘lamini kengaytirish, kam ta’minlangan oilalar bandligini ta’minlash bo‘yicha amalga oshiriladigan ishlarni tashkil etish yuzasidan topshiriqlar berildi.