Qidirish
15/05/23, 09:29
3295

Daraxtlarda beqiyos xususiyatlar ko‘p…

Daraxtlar hayotimizda muhim rol o‘ynaydi: ular karbonat angidridni biz nafas oluvchi kislorodga aylantirib beradi, issiq kunda salqinlikni hadya etadi, ba’zi daraxtlarning salomatlik uchun foydali bo‘lgan shirin mevalari iste’mol qilinadi. Havoni tozalaydi.

Daraxtlar jonli mavjudotlarning xilma-xilligiga hissa qo‘shadi. Ma’lumot uchun bir daraxt turining yo‘qolishi 30 turdagi hayvon turlarining yo‘qolib ketishiga sababchi bo‘ladi hamda yerni erroziyadan saqlaydi va tuproqni mustahkam ushlaydi.

Shuningdek, daraxtlarning ildizlari suvni filtrlab, suvlarning sifatlarini yaxshilaydi. Suv bug‘i ajratib chiqarib, ob-havo haroratlari orasidaga farq katta bo‘lib ketishining oldini olishga hissa qo‘shadi. Bu ayniqsa Markaziy Osiyoning kontinental iqlimida juda foydali va zarur xususiyatdir.

Daraxtlar issiq havoda atrof-muhitni salqin ushlab turadi. Shamollarning yo‘lini to‘sib, havoning aylanishi xavfli bo‘lishining oldini oladi. Insonlarni shovqinlardan himoya qiladi. Shaharlarning arxitekturasida insonlarga chiroy baxsh etib, tabiatning fauna va florasiga hissa qo‘shadi. Bir tomondan atrofni go‘zal qilsa, boshqa tomondan daraxtlar insonlarga mevalar va hayvonlarga ozuqalar beradi.

Mamlakatimizda ekologik muhitning keskinlashuvini oldini olish maqsadida tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bu borada eng avvalo daraxtlarni ko‘paytirish va ularni ekishda tabiiy iqlim sharoiti bilan hisoblashish kerakligi, ya’ni ko‘p suv talab qiladigan archalar o‘rniga boshqa daraxtlar (kashtan, qayin, zarang (klyon), lola daraxti) ni ko‘paytirish tavsiyalari berilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, daraxtlar insoniyat to‘laqonli yashashi uchun hayotiy ahamiyatga egaligi sir emas, albatta. Yashil olam shahar havosini 2-8 darajaga salqinroq qiladi. Bitta daraxt yiliga 15 ming litrgacha suvni tuproqda saqlaydi. Daraxtlarning atrof muhitga berayotgan foydasi tufayli megapolislar har yili 150 million dollarga yaqin mablag‘ni tejaydi.

Shunday ekan, tabiat ko‘rkiga ko‘rk bag‘ishlab turgan daraxtlargi ayovsiz munosabatda bo‘lish emas, aksincha ularni ko‘paytirish, asrash kabi muhim ishlarni amalga oshirmoq lozim!


Dilrabo Boboyeva O‘rmon xo‘jaligi agentligi axborot xizmati