Dorivor o‘simliklarni yetishtirish va qayta ishlash ilmiy ishlab chiqarish markazi faoliyati to‘g‘risida nimalardan xabardorsiz?
Ma’lumki, davlat rahbarining 2020 yil 26 noyabrdagi tegishli qaroriga asosan O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi huzurida Shifobaxsh dorivor o‘simliklarni yetishtirish va qayta ishlash markazi negizida Dorivor o‘simliklarni yetishtirish va qayta ishlash ilmiy ishlab chiqarish markazi tashkil etilgan va vazifa va funksiyalari belgilab berilgan.
Xususan, dorivor o‘simliklarni ilmiy asosda yetishtirish va qayta ishlash, ulardan oqilona foydalanishning yagona strategiyasini shakllantirish, respublika hududidagi yovvoyi holda o‘suvchi dorivor o‘simliklar areallarini o‘rganish va zaxiralarini aniqlash,mavjud bioresurslar genofondini saqlash, onalik plantatsiyalarini tashkil etish, urug‘lik materiallarni yetishtirish va tayyorlash, ko‘paytirish, kolleksion ko‘chatxonalar tashkil etish hamda ularning xomashyolarini qayta ishlash bilan bog‘liq ilmiy va amaliy tadqiqotlarni olib borish hamda dorivor o‘simliklarni muayyan tuproq-iqlim sharoitini hisobga olgan holda madaniy holda yetishtirishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha aniq ilmiy asoslangan takliflar ishlab chiqish Markazning asosiy vazifalaridir.
Mamalakatimizda so‘ngi yillarda dorivor o‘simliklarni yetishtirish va aholining hamda farmasevtika korxonalarining dorivor o‘simliklar xomashyosiga bo‘lgan talabini yanada yaxshilash va eksportbop dorivor o‘simliklar xomashyosini tayyorlash hajmlarini ko‘paytirishga qaratilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumatining qator qarorlari ijrosini ta’minlash va Markazga yuklatilgan vazifalardan kelib chiqib, sohada birmuncha ishlar amalga oshirildi.
O‘tgan 2023 yilda esa plantatsiyalarini barpo etish 5 ming 280 gektar maydonda, xom-ashyosini tayyorlash hajmi 9062 tonnaga va yetishtirilgan madaniy turlari 65 taga yetkazilgan yoki xom-ashyo tayyorlash hajmi 2,2 barobarga oshishiga erishilgan.
O‘tgan 2021-2022 yillar davomida Markaz tarkibida tashkil etilishi belgilangan 4 ta laboratoriyadan 3 tasi ya’ni Dorivor o‘simliklar introduksiyasi va agrotexnikasi laboratoriyasi, Dorivor o‘simliklar seleksiyasi va urug‘chiligi laboratoriyasi, Dorivor o‘simliklar xom ashyosini qayta ishlash texnologiyasi laboratoriyalari faoliyati to‘liq yo‘lga qo‘yilgan. Mazkur laboratoriyalar joylashtirilgan binolarni joriy ta’mirlash va jihozlash uchun byudjet mablag‘lari doirasida jami 374.5 mln so‘m sarflandi. Dorivor o‘simliklar fitokimyosi va standartizatsiyasi laboratoriyasini ishga tushirish joriy yilning yakuni bilan amalga oshirilishi belgilangan.
Qayd etish lozimki, Markaz tarkibidagi Piskent ilmiy tajriba uchastkasida 50 turdagi noyob dorivor va oziq-ovqatbop o‘simliklar kolleksion ko‘chatxonasi barpo etildi. O‘simlik genetik resurslari ilmiy-tadqiqot instituti bilan hamkorlikda institut bazasida 100 turdagi dorivor va oziq-ovqatbop o‘simliklarning urug‘larini saqlash bo‘yicha genbanki tashkil etildi.