E’lon
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining 2021 yil 6 oktyabrdagi “Zomin tumanida amalga oshirilayotgan qurilish va obodonlashtirish ishlari to‘g‘risida”gi 176-sonli bayoniga asosan Zomin tumanidagi tog‘li hududlarda daraxt va butalarning kasallanishi hamda zararlanishini o‘rganish, kasallik va zararkunandalarga qarshi kurashish chora-tadbirlari uchun 3 mlrd so‘m mablag‘ ajratilgan.
Bayonga asosan tuzilgan olim va mutaxassislardan iborat ekspeditsiya guruhi 2021 yil 18-27 oktyabr kunlari Zomin tumanining tog‘li hududlarida mavjud barcha turdagi manzarali va o‘rmon mevali daraxt-butalarning sanitar, entomologik va fitopatologik holati va o‘simliklarning tabiiy holatlari, botanik va fiziologik monitoringi, tabiiy ko‘payish jarayonlari, kasallanish holatlarini o‘rganish bo‘yicha kuzatuvlar olib borgan.
Monitoring natijasida archa o‘rmonlarining fitosanitar holati qoniqarsiz darajada ekanligi va quyidagi kasallik va zararkunanda turlari keng tarqalganligi aniqlangan. Jumladan,
Archaning qora dog‘lanish kasalligi
Kasallik qo‘zg‘atuvchisi: Seynesiella juniperi (Desm.) G. Arnaud
Kasallikning belgilari: bu kasallik Zarafshon archasi - Juniperus seravschanicaKom. ning ignabarglari va yosh novdalarida qora dog‘lar hosil qiladi. Kasallik o‘simlikning ignabargi va yosh novdasini zararlab qurish holatiga olib keladi.
Archa (Juniperus Kitam.) ning zang kasalligi
Kasallik qo‘zg‘atuvchisi: Gymnosporangium fusisporium Ed.Fisch
Kasallikning belgilari: ushbu zang kasalligi Zomin tumani hududidagi archa turlarining deyarli hammasida uchraydi. Zang kasalligi asosan, archa shoxlarini zararlaydi. Shoxning kasallangan qismi yo‘g‘onlashib, g‘uddalar hosil bo‘ladi va yorilib - yorilib ketadi. Natijada ma’lum vaqtdan keyin kasallangan archa shoxi butunlay qurib qoladi.
Archaning chirish kasalligi
Kasallik qo‘zg‘atuvchilari: Rigidoporus juniperinus Gafforov, L.W.Zhou, E. Langer sp. nov., Coniferiporia uzbekistanensisL.W. Zhou,Xue W. Wang & Gafforov, sp. nov., Phellinus punctatus (Fr.) Pil.Atl.Polyp.
Kasallikning belgilari: bu zamburug‘lar Zarafshon archasi – Juniperus seravschanica Kom. ning tanasi va yer yuzasiga yaqin bo‘lgan ildizlar yuzasida o‘sib rivojlanadi va ularda ichki chirishni keltirib chiqaradi. Natijada ko‘p yillik daraxtlar quriydi.
Archaning diplodioz kasalligi
Kasallik qo‘zg‘atuvchilari: Diplodia juniperi Westend.
Kasallikning belgilari: archaning ignabarglari va yosh novdalarini zararlaydi.
Zomin tog‘ qiyaliklarida keng tarqalgan zararkunandalardan hozirgi kunda archa o‘simliklariga katta zarar keltirayotgan O‘rta Osiyo unsimon qurti (Pseudococcus vovae Nass) hamda katta yoshdagi archa daraxtlarida tana zararkunandalaridan archa tilla qo‘ng‘izi ( Anthaia conradti Sem) va archa lubxo‘ri (Phloeosinus turcestanicus Sem) bilan zararlanganligi aniqlangan.
Zomin tog‘ qiyaliklarida tabiiy tarqalgan buta va archalarning sanitar holatini yaxshilash maqsadida qora dog‘lanish (Seynesiella juniperi Desm.), zang (Gymnosporangium fusisporium Ed.Fisch), chirish (Rigidoporus juniperinusGafforov, L.W.Zhou, E. Langer sp.), diplodioz (Diplodia juniperi Westend) kasalliklariga qarshi o‘simlik ildiz tizimi va rivoji uchun mikrobiologik kelib chikishga ega ekologik xavfsiz “Mikrozim- “seriyali biostimulyatorlardan, antibiotik va enzimatik faol kompozitsiyalardan, fiotopatogenlarga qarshi aktinomitsetlarning antibiotik faol “Streptoin”, zararkunanda va patogen zamburug‘lariga qarshi kompleks biopreparat “Fitoshit”, enzimatik faol “Osterzaym”, “Asperterzaym” hamda preparatlardan Fungiosporin BF 1500 YEA/mg 3,0 l/ga, Sporagin 4,0-6,0 l/ga, Fitolavin 1,0-2,0 l/ga meʼyorlarini qo‘llash, shuningdek, fungitsidlardan Fundazol 50% n.kuk. 1,0-2,0 kg/ga, Topsin-M 70% 1,0 kg/ga sarf-meʼyorida ishlov berish tavsiya etiladi.
So‘ruvchi zararkunandalardan O‘rta Osiyo unsimon qurtiga (Pseudococcus vovae Nass) hamda tana zararkunandalaridan archa tilla qo‘ng‘izi (Anthaia conradti Sem) va archa lubxo‘rlariga (Phloeosinus turcestanicus Sem) qarshi Zomin tumanining Zomin sʼhatgoxi, suvombor, bolalar oromgoxlari atrofiga mikrobiologik preparatlardan “Fitoshit”, Bioslip BV em.k., 2,0-3,0 l/ga, Bioslip BV n.kuk. 2,0-3,0 kg/ga, Prestij va Prestij plyus 4-6 l/ga, shuningdek, yuqoridagi hududlardan uzoqroq bo‘lgan tog‘ va tog‘ qiyaliklari hududlarda esa kimyoviy preparatlardan Ovipron 2000, 80 % em.k. 10-15 l/ga, Imtirin 20% 0,5 l/ga, Endjeo 24,7 % 0,5-0,7 l/ga sarf-meʼyorida mavsum davomida 2100 gektar maydonda zararkunanda va kasalliklarga mikrobiologik preparatlar bilan 2-3 marotaba va kimyoviy preparatlar bilan 2 marotaba ishlov berish tavsiya etiladi.
Shularni inobatga olgan holda O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi Zomin tumanining tog‘li hududlaridagi barcha turdagi manzarali va o‘rmon mevali daraxt-butalarda tarqalgan zararli organizmlarga qarshi kurashish hamda ularnin sanitar holatini yaxshilashga qaratilgan eng yaxshi takliflarni tanlab olish bo‘yicha eʼlon qiladi. (Taklif ishlab chiqilganda Zomin tumanidagi tog‘li hududlarda daraxt va butalarning kasallanishi hamda zararlanishini o‘rganish va amaliy yordam ko‘rsatish ishlariga mablag‘ ajratish maqsadga muvofiq)
Takliflarni 2022 yilning 5 mayiga qadar O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasiga (Toshkent viloyati Qibray tumani Universitet ko‘chasi-2,
tel: 71-263-04-20) yopiq holatda taqdim qilishingiz so‘raladi.