Qidirish
11/01/24, 13:46
1098

Ekinzorlarni, o‘rmonlarni, daraxtlarni yoki boshqa o‘simliklarni shikastlantirish yoxud nobud qilish javobgarlikka sabab bo‘ladi

Yashillikni asrashda va kengaytirishda barcha birdek mas'ul. O‘tgan 2023 yilda O‘rmon xo‘jaliklari tomonidan jami 200 ming gektar, shundan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mo‘ynoq tumanida 128 ming gektar, Buxoro viloyatida 40 ming gektar, Navoiy viloyatida 17 ming gektar, Xorazm viloyatida 10 ming gektar va o‘rmon fondining boshqa hududlarida 5 ming gektar maydonda “yashil qoplamalar” – himoya o‘rmonzorlari qilish va qayta tiklash tadbirlari bajarildi.

O‘rmon barpo qilish, niholxona va ko‘chatxonalar tashkil etish hamda ko‘kalamzorlashtirish tadbirlari uchun daraxt va butalarning 980 tonna urug‘lari jamg‘arildi. Tuproq-iqlim sharoitga mos manzarali, mevali daraxt va butalar turlaridan 787 gektar maydonda niholxona, ko‘chatxonalar barpo qilindi. Natijada jami 101 mln, shundan, 32 millionta tut, 16 millionta terak va pavlovniya, 53 milllionta boshqa turdagi manzarali, mevali daraxt hamda butalarning nihol va ko‘chatlari yetishtirildi.

Qolaversa, 46 586 gektar maydonda kasallik va zararkunandalarni aniqlash ishlari olib borilib, jami 21 066 gektar, shundan 19 315 gektar maydonda biologik usulda qarshi kurashish tadbirlari olib borildi. O‘rmon fondi yerlarida jami 5280 gektar maydonda dorivor va oziq-ovqatbop o‘simliklar plantatsiyasi tashkil etilib, 4845 tonna xom ashyo tayyorlandi. Qo‘shimcha tarmoqlarni rivojlantirish maqsadida o‘rmon fondi yerlarida 5641 tonna qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirilib, chorva bosh soni 31 mingga, parranda 417 mingga, asalari oilasi soni 109 mingga yetkazildi.

Ma'lumki, qonunchilikka ko‘ra, ekinzorlarni, o‘rmonlarni, daraxtlarni yoki boshqa o‘simliklarni shikastlantirish yoxud nobud qilish uchun javobgarlik belgilangan.

Yetkazilgan moddiy zararning o‘rni uch karra miqdorida qoplangan taqdirda, ozodlikni cheklash va ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo qo‘llanilmaydi.

O‘rmonlarni, daraxtlarni yoki boshqa o‘simliklarni qonunga xilof ravishda kesish ko‘p miqdorda zarar yetkazilishiga sabab bo‘lsa, —bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan yuz ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yuz qirq soatdan uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud bir yildan ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Ekinzorlarni, o‘rmonlarni, daraxtlarni yoki boshqa o‘simliklarni qasddan shikastlantirish, payhon qilish, nobud qilish ko‘p miqdorda zarar yetkazilishiga sabab bo‘lsa, —bazaviy hisoblash miqdorining yuz ellik baravaridan ikki yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatdan uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Dilrabo Boboyeva O‘rmon xo‘jaligi agentligi axborot xizmati