Ekologik muammoga barham berishning yagona yoʻli ona tabiatni koʻz qorachigʻidek asrashdir!
Bugungi kunda insoniyat yuksak maqsadlar sari intilayotgan, taraqqiyot yoʻlidan dadil odimlayotgan bir paytda dunyo hamjamiyati oldida global ekologik muammolarni hal etishdek dolzarb vazifalar turibdi. Va ular hamon oʻz yechimini kutmoqda.
Yer yuzining qaysidir qitʼalarida suv toshqini, oʻr¬mon yongʻini, chang-boʻron va boshqa tabiiy ofatlar yuz bermoqda. Dunyo boʻyicha suv sathi koʻtarilmoqda. Ozon qatlamining yemirilishi, tropik oʻrmonlarning kesilishi, choʻllanish, chuchuk suv manbalarning kamayishi, tez-tez duch kelinayotgan global iqlim oʻzgarishi insoniyat ekologik inqiroz bilan yuzma-yuz turganini koʻrsatadi.
Barchamizga maʼlumki, ekologik muammoga butkul barham berishning yagona yoʻli — ona tabiatni koʻz qorachigʻidek asrashdan iboratdir.
Xoʻsh, mamlakatimizda bu borada qanday ishlarni amalga oshirish rejalashtirilgan?
Qayd etish lozimki, joriy yil yakuniga qadar, 235 ming gektar yer maydonida oʻrmonzorlar barpo etiladi. 221 ming gektar yer maydonida choʻl hududlari obodonlashtiriladi.
1,6 ming gektar tez oʻsuvchi plantatsiyalar tashkil etiladi. 2,5 ming gektar yongʻoq mevali oʻrmonzorlar tashkil etiladi.1 ming 105 tonna 80 xil turdagi daraxt va buta urugʻlari tayyorlanadi. 120 million dona koʻchat va nihollar yetishtiriladi.
Shuningdek, ovchilik va ekoturizmni rivojlantirish maqsadida 8 ta ov markazlari , 10 ta yangi eko marshrutlar, 5 ta yangi rekreatsiya zonalar, 65 ta ekoturizm obyektlari tashkil etiladi. 114 ta yangi mahalliy eko loyihalar amalga oshiriladi.
2023-yilda qiymati 40 mln dollarlik 7 ta loyihani amalga oshirish boʻyicha muzokaralar (Global ekologik fond (GEF), Yevropa investitsiya jamgʻarmasi (EIF), Jahon banki (WB)) olib borilmoqda.
Soʻllanishga qarshi kurashish maqsadida oʻrmonzor va butazorlar maydoni
2025-yilga borib 5,8 mln gektarga (13%) yetkaziladi. Shamol eroziyasi hamda qum bosishiga qarshi 2030-yilgacha 28,7 ming gektarda ihota daraxtzorlari barpo etiladi. 2023-yilda (CRIC-21) hamda yuqori darajadagi qum-chang boʻronlari boʻyicha yigʻilish Oʻzbekistonda oʻtkaziladi. 2030-yilgacha choʻl hududlarini rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqiladi.
Mutaxassislarning soʻzlariga koʻra, Orol fojiasiga qarshi kurashish uchun bugungi kunda butun dunyo jamoatchiligi diqqatini jamlash, kuchlarni birlashtirish zarurligi ayon. Soʻnggi yillarda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Orol fojiasi salbiy oqibatini kamaytirish, hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi turmush darajasini oshirishga qaratilgan keng koʻlamli chora-tadbirlar ishlab chiqilib, amalga oshirilayotgani ham bejiz emas. Ayniqsa, bu yoʻnalishda xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda yoʻlga qoʻyilgan qator loyihalar samara bermoqda.
Orol dengizining qurigan tubida keyingi 5 yillikda 2,5 million gektarga oʻrmonlashtirish ishlarining olib borilishi kelgusida Orolboʻyida inson xavfsizligi uchun ekologik maqbul hudud barpo etishga zamin yaratadi.
Dilrabo Boboyeva Oʻrmon xoʻjaligi agentligi axborot xizmati