Qidirish
25/09/23, 08:58
630

Ekologlar uchun kelajakda bajarilishi lozim bo‘lgan dolzarb mavzular bor!

So‘nggi paytlarda iqlim o‘zgarishi, haroratning yuqori ko‘tarilishi, yoz oylarida quruq, jazirama issiq kunlarning davomiy bo‘lishi va havoda namlikning kamayishi mintaqa hududida chang bo‘ron va chang to‘zonli kunlarning yildan yilga ortishiga olib keldi.

Chang-bo‘ronlarining ko‘tarilishini oldini olish, atmosfera havosini asrash maqsadida ekolog hattoki, chala cho‘l hududlarda yangi yerlar o‘zlashtirilganda ham atrofiga qalin tutzor, shamol kuchini pasaytiruvchi, shamolga chidamli daraxtlar ekilib, chang bo‘ron ihotalanganligiga e'tibor qaratish talab etiladi.

“Yashil makon” umummilliy loyihasi asosida har bir hududda ko‘chat ekish tadbirlari yaxshi yo‘lga qo‘yildi. Bu orqali shamolda yerdagi zarachalarning ko‘tarilishi oldi olinishi va chang bo‘ronlari xavfini kamaytirishga erishiladi. Hozirgi vaziyat va mavjud imkoniyatdan kelib chiqib, daraxtzorlar tashkil etish shu muammoni yechishdagi optimal variantdir. Ammo, iqlim o‘zgarishi, qurg‘oqchilik omilining xavflilashib borish kutilmalari inobatga olinsa, kelgusida ularni sug‘orish masalasi ham mahalliy hokimiyatlar oldida asosiy bosh qotirma bo‘ladi.

Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarga qaramasdan, O‘zbekiston Respublikasi uchun iqlim o‘zgarishi masalasi dolzarbligicha qolmoqda, chunki yil sayin iqlim o‘zgarishi sezilarli bo‘lib, iqlimga bog‘liq bo‘lgan xavf-xatarlar – issiqlik va sovuq to‘lqinlar, shuningdek, ularning davomiyligi ko‘payib bormoqda. Bularning barchasi ko‘pincha hosilning yo‘qolishi, qurg‘oqchilik va suv tanqisligi, tuproqning yemirilishi, chang bo‘ronlar ko‘tarilishi natijasida bevosita ijtimoiy-iqtisodiy infratuzilmaga, atrof-muhitga, aholi turmush farovonligi va salomatligiga ta'sir qiladi.

Iqlim o‘zgarishiga moslashish davlat boshqaruvining barcha darajalarida va respublika iqtisodiyotining barcha tarmoqlarida rejalashtirishning umumiy va zarur tarkibiy qismiga aylanishi kerak. Moslashuvni milliy rejalashtirish iqtisodiyot tarmoqlarining iqlim o‘zgarishi ta'siriga zaifligini baholashga, iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq xavflarni hisobga olishga, moslashuv tadbirlarini moliyalashtirish muammolarini hal qilishga yordam beradi.

BMTning Atrof-muhit bo‘yicha dasturiga ko‘ra, iqtisodiyotni “yashil”lashtirishga dunyo YaIMning 2 foizini investitsiya qilish 2011—2050 yillar davomida hozirgi va kelajakdagi uzoq muddatli o‘sish sur'atlarini ta'minlaydi, iqlim o‘zgarishi, suv tanqisligi oshishi va ekotizim xizmatlarining yo‘qolishi bilan bog‘liq jiddiy xavflarning oldini oladi.

Ekologlarning kelajakdagi amaliy vazifalari inson ehtiyojini yanada to‘laroq qondirishga qaratilgan holda antropogen biotsenozlarni qayta ko‘rib chiqish va tashqi muhitni barqarorligini oshirishga qaratilishi kerak. Ana shunday ehtiyoj hozirgi vaqtda insoniyat bashariyatiga “Inson va biosfera” deb atalgan yirik xalqaro dasturda insonni o‘rab turgan atrof muhitni tadqiq qilishni aniq yo‘nalishlari ko‘rsatib berilgan.

Dilrabo Boboyeva O‘rmon xo‘jaligi agentligi axborot xizmati.