FAO O‘zbekistonda yer degradatsiyasining neytralligini saqlashga hissa qo‘shadi
Yer va yaylovlarning tanazzulga uchrashi, eroziyalanishi, qum va chang bo‘ronlari, o‘rmonlarning yo‘qolishi, tuproqlarning sho‘rlanishi nafaqat tabiiy-iqlim omillari, balki xo‘jalik faoliyati - agrotexnik tadbirlarni noto‘g‘ri o‘tkazish, chorva mollarini haddan tashqari boqish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanmaslik natijasida ham sodir bo‘lmoqda.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti tomonidan amalga oshirilishi boshlangan (FAO) «O‘zbekistonning qurg‘oqchilikka uchragan ekotizimlarida yaylovlar va o‘rmonlarni barqaror boshqarish» yangi loyihasining Muvofiqlashtiruvchi qo‘mitasi yig‘ilishi tashkil etildi. Yig‘ilishda O‘rmon xo‘jaligi agentligi xodimi Abduvohid Zaxadullayev ham ishtirok etdi.
Ma’lumki, Global ekologik jamg‘arma (GEF) tomonidan moliyalashtiriladigan ushbu loyiha mamlakatning yer degradatsiyasining neytral muvozanati bo‘yicha majburiyatlarini bajarish maqsadida O‘zbekistonda yer va o‘rmon resurslarini barqaror boshqarish va landshaftlarni tiklash bo‘yicha ilg‘or tajribalarni joriy etadi. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Tabiiy resurslar vazirligi huzuridagi O‘rmon xo‘jaligi agentligi loyihaning milliy hamkorlari hisoblanadi.
Tadbirda qayd etilishicha, ushbu loyihaning amalga oshirilishi davlatimiz rahbarin ing 2019 yil 22 fevraldagi «O‘zbekiston Respublikasida cho‘llanish va qurg‘oqchilikka qarshi kurashish bo‘yicha ishlar samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi hamda 2022 yil 10 iyundagi «Erlar degradatsiyasiga qarshi kurashishning samarali tizimini yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Qarorlarini amalga oshirishga hissa qo‘shadi.
Shu bilan birga, loyiha respublikada cho‘llanish va qurg‘oqchilikka qarshi kurashish uchun 2024-2028 yillarga mo‘ljallangan Yo‘l xaritasini ishlab chiqishni qo‘llab-quvvatlaydi.
FAOning ushbu loyihasi hosildorlikni oshirish va degradatsiyaga uchragan yerlarni tiklash uchun yer va o‘rmon resurslarini boshqarishning innovatsion usullarini joriy etadi. Bu esa yer degradatsiyasining neytral muvozanatini saqlashga imkon beradi. BMTning Cho‘llanishga qarshi kurash to‘g‘risidagi konventsiyasida bu «ekotizim funktsiyalari va xizmatlarini saqlab qolish va oziq-ovqat xavfsizligini oshirish uchun zarur bo‘lgan yer resurslari hajmi va miqdori barqaror bo‘lib qoladigan yoki aniq belgilangan vaqt va fazoviy o‘lchovlar va ekotizimlarda ko‘payadigan holat», deb ta’riflanadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, cho‘llanishga qarshi kurash choralarini talab qiladigan O‘zbekiston hududi 20 million gektardan oshadi. Bugunga kelib, butun mamlakat bo‘ylab yerlarning degradatsiyasi kuzatilmoqda. Buxoro va Navoiy viloyatlarining tumanlari hamda Amudaryo va Sirdaryo daryolari havzalarining pasttekisliklari bu jarayonlardan eng ko‘p zarar ko‘rgan hududlar hisoblanadi.
Mazkur loyiha 5 yil ichida amaliyotga tadbiq etiladi. Loyihani amalga oshirish uchun Buxoro viloyatining Jondor va Navoiy viloyatining Nurota tumanlari landshaftlari loyiha hududi sifatida tanlab olingan bo‘lib, bu hududlarda yerdan foydalanishning kompleks rejalarini joriy etish, fermerlarning salohiyati, bilim va ko‘nikmalarini oshirish, yerdan foydalanishni monitoring qilish tizimini takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshiriladi.
Yig‘ilish davomida loyihaning maqsad va vazifalari taqdim qilindi, bajarilgan ishlar bo‘yicha loyihaning yarim yillik hisoboti tasdiqlandi, 2023 yil uchun ish rejasi va byudjet ko‘rib chiqildi va tasdiqlandi, shuningdek, loyihani amalga oshirish strategiyasi va keyingi bosqichlari muhokama qilindi.