Qidirish
25/12/24, 10:32
500

Gender tengligi: Barqaror rivojlanishning asosi

Bugun gender tengligiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi agentligi, “Yashil loyiha” loyihalash instituti va boshqa bir qator tashkilot vakillari ishtirok etishdi.

Gender tengligi — BMTning 2030-yilgacha Barqaror rivojlanish kun tartibidagi asosiy yo‘nalishlardan biri bo‘lib, inklyuziv va barqaror o‘sishga erishishning hal qiluvchi omilidir. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) a’zo davlatlarga gender tengligini ta’minlash bo‘yicha siyosat va amaliy chora-tadbirlarni ishlab chiqishda yordam berib kelmoqda.

O‘zbekistonda FAOning hamkorligida Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, O‘rmon xo‘jaligi agentligi va “Yashil loyiha” loyihalash instituti tomonidan “O‘zbekistonda qurg‘oqchilikka uchragan ekotizimlardagi o‘rmonlar va yaylovlarni barqaror boshqarish” loyihasi amalga oshirilmoqda. Loyiha doirasida “Hech kim ortda qolmasligi kerak” tamoyili asosida gender yondashuviga oid strategiya ishlab chiqildi.


Hozirgi kunda O‘rmon xo‘jaligi agentligi tizimida 2484 nafar xotin-qizlar faoliyat yuritmoqda, bu umumiy xodimlar sonining 27 foizini tashkil etadi.

Tadbirda gender tengligini ta’minlash bo‘yicha quyidagi asosiy yo‘nalishlar muhokama qilindi:

• Ayollar va erkaklar uchun teng imkoniyatlarni yaratish;

• Qishloq xo‘jaligi resurslarini barqaror boshqarishda ayollar ishtirokini oshirish;

• Gender tengsizligiga olib keluvchi to‘siqlarni bartaraf etish;

• Resurslar, moliyalashtirish va ta’limga teng kirish imkoniyatini ta’minlash.

Shuningdek, loyiha doirasida yaylovlarda yerga egalik huquqlarini mustahkamlash, yer degradatsiyasining neytral holatiga erishish (LDN) va yaylovlarni boshqarishning zamonaviy usullarini joriy etishga qaratilgan tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Gender tengligini ta’minlash O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi rivoji va barqaror ijtimoiy-iqtisodiy o‘sish uchun muhim ahamiyatga ega. Ushbu loyiha ayollarning huquqlari va imkoniyatlarini kengaytirish orqali jamiyatda ijobiy o‘zgarishlarni rag‘batlantirishga zamin yaratadi.