Gul changgining foydali xususiyatlari haqida bilasizmi?
Asalaridan olinadigan ona suti, gul changi, propolis bir qator xastaliklarga davo ekanligi ko‘pchilikka ayon.
Asalari gulchanggi asalarilar gullardan yig‘gan va mumkataklarga zichlagan, ustidan asal quyilgan gul changlaridan tashkil topgan. Katakdagi gulchangning asal shimilgan yuqori qavati havoni o‘tkazmaydi.
Gul changi mahsulotida ko‘p miqdorda oqsil moddasi mavjud. Undagi aminokislotalar kishidagi aqliy va jismoniy toliqishni bartaraf etadi.
Bahor kelib, gullar qiyg‘os ochilgan paytlarda nektar yig‘uvchi arilar o‘zidagi yukni boshqa ariga topshirib, yana darhol nektar yig‘ishga jo‘nab ketar ekan. Asalarilar orasida uzoqqa ucholmaydigan zaiflari bo‘ladi. Ular mehnatkash do‘stlarining yiqqan nektarlarini qabul qilib olib, inga yetkazar, uni inga olib kirib, munosib joyga joylashtirar ekan.
Ba’zi arilar malikalariga shohona taom sifatida gul changi yig‘ib keladilar. Agar malika ari o‘lsa, inda tartibsizlik va zaiflik yuzaga keladi.
Bir so‘z bilan aytganda, asalarichilik insoniyatning har doim tabiiy dorixonasi bo‘lib, yurtimiz tabiati va iqlim sharoiti u bilan shug‘ullanish uchun nihoyatda qulay. Ayniqsa, uning rivoji uchun eng muhim manba ekin maydonlari, bog‘-rog‘lar, gulzoru xiyobonlar yetarli. Mazkur maydonlarning turli-tuman dori va kimyoviy unsurlaridan xoli ekanligi esa soha rivojida muhim ahamiyatga ega.
Dilrabo Boboyeva O‘rmon xo‘jaligi agentligi axborot xizmati