Qidirish
20/02/24, 11:41
1022

Ihotazorlar tuproqni shamol eroziyasidan saqlaydi

Sir emas, oxirgi o‘n yilliklarda dunyo bo‘yicha turli xil tabiiy ofatlar va ekologik kataklizmlar kuchayib bormoqda. Masalan, suv toshqini, zilzila va qurg‘oqchilik holatlari tez-tez kuzatilayotir. Bu esa pirovard natijada butun insoniyat hayotiga salbiy ta'sir ko‘rsatayotir.

Yer resurslari 97 foiz insonlarni oziq-ovqat, ichimlik suvi bilan ta'minlaydi. Ammo, afsuski, yer ekotizimlarini, ayniqsa, umumiy yer maydonining uchdan bir qismidan ko‘prog‘ini tashkil etuvchi lalmi yerlar haddan tashqari ekspluatatsiya qilinishi hisobiga ushbu tahdid tobora kuchayib boryapti. Yerlarni noto‘g‘ri sug‘orish, yerning ifloslanishi, sanoat chiqindilari, qum, tosh va foydali qazilmalar qazib olish jadallashishi ham antropogen salbiy ta'sirni oshirmoqda.

Ekinzor, dalalar chegaralari bo‘ylab barpo qilinadigan daraxtzorlar, ihota daraxtlarning bir turi. Dala ihota o‘rmonzorlari yer usti suv oqimini to‘sib, tuproqni eroziyadan saqlaydi, uning suv, harorat va oziq rejimlarini yaxshilaydi Qayd etish lozimki, sug‘oriladigan yerlarda dala ihota o‘rmonzorlari tez o‘sadigan va xo‘jalikka foydali bo‘lgan daraxt turlaridan barpo qilinadi.

Davlat rahbarining “Yashil makon” umummilliy loyihasi hamda Vazirlar Mahkamasining tegishli topshiriqlari doirasida belgilab berilgan vazifalarni o‘z vaqtida sifatli ta'minlash uchun Jizzax Samarqand yo‘nalishidan G‘allaorol tumanidan o‘tuvchi Temir yo‘l yoqalarini ko‘kalamzorlashtirish, o‘rmonlashtirish tadbirlarini amalga oshirish maqsadida G‘allaorol ixtisoslashgan Davlat o‘rmon xo‘jaligi xodimlari tomonidan 3635-3642chi kmlarda o'rmonlashtirish ishlari jadal amalga oshirilmoqda. Ushbu amalga oshirilayotgan tadbirlarda ekilayotgan ko'chat turlari to‘lik agrotexnik tadbirlari amalga oshirilib, ilmiy asoslangan holatda suvsizlikga chidamli bo‘lgan manzarali va mevali ko‘chat turlari (Sharq tuyasi, qayrag‘och, bodom, jiyda va boshqalar) ekilmoqda.

Ushbu tadbirlar davomida joriy yilning baxor mavsumida temir yo'l bo‘ylarida 22 ming dona manzarali va mevali ko‘chat turlarini ekish reja qilingan bo‘lib, kuz mavsumida Jizzax - Samarqand katta o‘zbek trakti xalqaro M39 magistral yo‘l chetlariga o‘rmon barpo qilish uchun 50 ming dona manzarali va mevali ko‘chat turlarini ekish rejalashtirilgan.

Soha vakillarining so‘zlariga ko‘ra, dala ihota daraxtzor mintaqalari shamol tezligini pasaytiradi, tuproqni shamol eroziyasidan saqlaydi, qorning bir tekisda to‘planishiga va namni saqlashga imkon beradi. Suvni tartiblovchi daraxtzor mintaqalari qiyaroq yerlarida barpo qilinadi. Ularning asosiy vazifasi erigan qor suvlari va yog‘inlarning oqib ketishini kamaytirishdan iborat. Shuningdek, ular tuproqni yuvilib ketishdan saqlaydi, yer sirtidagi suvlarning tuproq ostiga o‘tishini osonlashtiradi.