Qidirish
16/05/23, 11:14
581

Inson bor ekan, u yashaydigan hudud bog'ga aylanishi kerak!

Allergiya inson organizmiga tashqi muhitdan tushgan yod zarrachalar, ya’ni allergenlarga nisbatan javob reaktsiyasi hisoblanadi. Allergiya kasalliklarining kelib chiqishida bevosita o‘simlik gulchanglari asosiy omil bo‘lib hisoblanadi. Ayniqsa, bahor, yoz va kuz fasllarida kuchayadi. Jahon statistikasiga ko‘ra, bir yilda 32 — 50 foizgacha bo‘lgan insonlar allergiya bilan kasallanadi. O‘zbekiston statistikasida esa bu ko‘rsatkich 32,7 foizga to‘g‘ri keladi.

Zamburug‘li kasalliklar, nasliy moyillik, allergiya kuzatilishi yoki uzoq vaqt davomida dori preparatini qabul qilish kabi omillar allergik reaktsiya hosil qilishi mumkin. Surunkali kasalliklarda uzoq vaqt davomida ichiladigan dorilar organizmda yig‘ilib qolib, turli allergik holatlarni keltirib chiqarishi ehtimoli ham bor. Shu sabab ham bunday xastaliklarni davolashda dorilarni tanaffus bilan ichish kerakligi ta’kidlanadi. Agar biror dori allergiya bersa, boshqa preparat bilan o‘zingizni davolashga oshiqmang. Bunday vaziyatlarda surgi ta’sirli dorilar bilan organizm tozalangach, zarur muolaja bajarilishi maqsadga muvofiqdir.

Umuman, insonlarda uchrab turadigan va tobora ko‘payib borayotgan mazkur kasalliklarning eng asosiy sabablaridan biri atrof-havoda ko‘tarilayotgan chang-to‘zon, yashillik olamiga yetkazilayotgan shikastliklardir.

To‘g‘ri, aksariyat daraxtlarning allergik kasalliklarni qo‘zg‘alishiga sabab bo‘lishi rost. Allergiya uch davrga bo‘linsa, boshlang‘ich davri - mart oyining boshidan may oyi o‘rtasigacha, ya’ni daraxtlar gullashi paytiga to‘g‘ri keladi. Ikkinchi davri may oyidan iyulning oxiri, avgust boshigacha davom etadi. Bu vaqtda dala o‘tlarining gullashi yuz beradi. Va nihoyat uchinchi davri boshoqli o‘simliklar, shuvoqning gullashi bilan bog‘liq bo‘lib, avgust oyidan noyabrgacha cho‘ziladi.

Ammo, har qanday holatda ham musaffo osmon, toza havo va gurkirab turgan yashillik insoniyatni turli kasalliklardan himoya qiladi. Zero, atmosfera yer sharining havo qobig‘i bo‘lib, biosferada hayot mavjudligini ta’minlovchi asosiy manbalardan biridir. Atmosfera barcha jonzotlarni zararli kosmik nurlardan himoya qilib turadi, sayyora yuzasidagi issiqlikni saqlaydi. Tabiatni toza tutish, yashillikni asrash, toza havodan nafas olish eng noyob boylik hisoblanadi.

Tabiatni asrash, atrof-muhitni pokiza tutish bashariyat uchun hayot-mamot masalasi, kelajak avlod oldidagi dolzarb majburiyatdir. Yurtimiz bo‘ylab tashkil etilayotgan yashil hududlar, obod etilayotgan manzillar esa ana shu maqsad yo‘lidagi ezgu tashabbuslarning amaliy ifodasidir. Inson bor ekan, u yashayotgan hudud bog‘u bo‘stonga aylanishi shart. Bugun bu ishni amalga oshirish uchun barcha imkoniyatlar mavjud.


Dilrabo Boboyeva O‘rmon xo‘jaligi agentligi axborot xizmati