Insoniyat va boshqa barcha tirik mavjudotning hayot manbai bo‘lgan atmosfera havosini asosan ikki manba: tabiiy omillar va inson faoliyatining mahsuli - antropogen manbalar ifloslantiradi
BMT ma’lumotlariga ko‘ra, har yili dunyo bo‘ylab 7 million kishi havoning ifloslanishi oqibatida vafot etadi. Ularning ko‘pchiligi saraton, nafas olish yo‘llari yoki yurak kasalliklariga chalingan. Bolalarda ko‘p hollarda astma, surunkali o‘pka kasalliklari, o‘sishning sekinlashishi, semirish va aqliy zaiflik paydo bo‘lishi ehtimoli ko‘proq bo‘lar ekan.
Olimlar tomonidan dunyoning ko‘plab shaharlarida havoni ifloslantiruvchi moddalar kontsentratsiyasining, ayniqsa azot oksidlari darajasining keskin pasayishi aniqlangan. Bu, asosan, shahar joylarida transport harakati kamayganligining natijasi bo‘ldi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, havo sifatiga transport vositalaridan tashqari ko‘plab boshqa ifloslantiruvchi moddalar ham ta’sir qiladi. Masalan, turar-joy binolari va boshqa binolarni isitish paytida yoki dalalarni urug‘lantirish paytida havoga ko‘tariladigan mayda zarrachalar orqali ifloslanish darajasi pasaymadi.
O‘rganishlarga ko‘ra, mamlakatimizda atmosfera havosining sifat va miqdoriy tarkibi shakllanishida tabiiy ifloslantiruvchi manbalar kabi antropogen ifloslantiruvchi manbalar ham katta rol o‘ynaydi.
Hozirgi kunga kelib insoniyatning atrof-muhitga ta’siri tobora kuchayib bormoqda, natijada hayotni doimiyligini ta’minlaydigan asosiy jarayon-ya’niy tabiiy muvozanatni buzilishiga, yer yuzasining ko‘pgina hududlarida noqulay ekologik sharoitlarning paydo bo‘lishiga, mahalliy, mintaqaviy va global darajadagi ekologik muammolarning kelib chiqishiga sabab bo‘lmokda. Atmosfera havosini ifloslantiruvchi tabiiy omillarga tog‘ jinslarining yemirilishi, zilzila oqibati, vulqonlarning otilishi, o‘rmonlarga o‘t ketishi natijasida tabiatga, atrof-muhitga zararli omillarning tarqalishi kiradi.
Xo‘sh, toza atmosferadan nafas olish uchun qanday choralarni amalga oshirish muhim?
Ma’lumki, ko‘pgina o‘simlik turlari havo namligini oshirib va ifloslantiruvchi moddalar kontsentratsiyasini kamaytirib, biofiltr kabi ta’sir ko‘rsatadi.
Havo gaz va korxonalarning zararli chiqindilardan tabiatning shamol, yomg‘ir, qor kabi tabiiy jarayonlari hisobiga tozalanadi. Afsuski, yopiq inshootlarda bunday «tozalash tizimi» ko‘zda tutilmagan, shu bois bino ichidagi havo tashqaridagidan iflosroq bo‘lishi mumkin. Yopiq inshootlarda changdan tashqari, mebel, qurilish materiallari va maishiy kimyo vositalaridan ajraladigan zararli moddalar to‘planadi. Inshootlardagi mikroiqlimni oddiy xona gullari yordamida yaxshilash mumkin. Ma’lum bir o‘simlik turlari havo namligini oshirib va ifloslantiruvchi moddalar kontsentratsiyasini kamaytirib, biofiltr kabi ta’sir ko‘rsatadi.
Toza atmosferaga erishish va inson salomatligini asrash maqsadida yashil olamni saqlash va ko‘paytirish davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan “Yashil makon” umummilliy loyihasi amaliyotga keng tadbiq etilmoqda. Ushbu loyiha doirasida yiliga 200 million tup daraxt va buta ko‘chatlarini ekish va shu orqali shaharlardagi yashil maydonlarni oshirish reja qilingan.
Baxt indeksini belgilashda ekologik omillar ham yetakchi o‘rin tutarkan. O‘lkada yashil olam qanchalik katta hududni egallasa, baxtlilik darajasi ham ortar ekan. Shunday ekan, atrof tabiiy muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish, bioxilma-xillikni asrash, “yashil olam”ni kengaytirish barchamizning vazifamizdir.
Dilrabo Boboyeva O‘rmon xo‘jaligi agentligi axborot xizmati