Insoniyatga qurg‘oqchilik va cho‘llanish ijtimoiy, iqtisodiy zarar keltirib, dunyo miqyosida ekologik tahdid xavfini solmoqda
Ma’lumki, qurg‘oqchilik - bug‘lanish yog‘indan ortiq bo‘lgan sharoitlarda kechadigan uzoq davomli ob-havo bo‘lib, bunday sharoitda tuproqdagi suv zaxirasi tez sarflanib ketadi. Bu kabi holatlar ekinlar hamda yaylov o‘simliklarining rivojlanishi va mahsuldorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi
Yer maydonlarida qurg‘oqchilik va cho‘llanish muammolarini hal qilishda barcha uchun maqbul yechimni izlash, o‘zaro kelishilgan yondashuvlar talab etiladi.
Mamlakatimizda cho‘llanishning oldini olish, o‘rmonlarni qayta tiklash va ihota o‘rmonlarini ko‘paytirish bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Ta’kidlash joizki, respublikada suv resurslari kamayib borayotgani bir paytda qurg‘oqchilikni oldini olish maqsadida hamda “Yashil makon” dasturi doirasida yashil hududlarni tashkil qilish, paxta va poliz ekinlarni hosildorligini oshirish uchun suvni tejovchi texnologiyalarni loyihalash va joriy etish xizmatiga talab yildan-yilga oshib bormoqda.
Olimlarning ta’kidlashicha, yaqin 25−30 yil ichida iqlim yanada issiqlashadi va ob-havo sharoiti keskinlashadi. Ko‘plab zaif yashash joylari allaqachon yo‘q bo‘lib keta boshladi. Atmosferaga issiqxona gazlari chiqindilari nazoratsiz ravishda tarqalishda davom etsa, olimlar buning uzoq muddatli jiddiy oqibatlarga olib kelishidan qo‘rqishmoqda. Bular, dunyo tartibining buzilishi, keng ko‘lamli migratsiya, yer tarixidagi o‘simliklar va hayvonlarning oltinchi ommaviy yo‘q bo‘lib ketishining tezlashishi, muzliklar erishi, dengiz sathining ko‘tarilishi va dunyoning qirg‘oqbo‘yi shaharlarining ko‘p qismini suv bosishi kabi oqibatlardir.
Qayd etish lozimki, tegishli qonunchilikka ko‘ra, O‘zbekistonning cho‘llanish va qurg‘oqchilikka qarshi kurashish bo‘yicha xalqaro majburiyatlarini bajarish, cho‘llanish va qurg‘oqchilikka qarshi kurashish bo‘yicha xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar bilan hamkorlik qilish, respublikada cho‘llanish va qurg‘oqchilikka qarshi kurashish bo‘yicha dastur va loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etadigan tashkilotlar ishlarini muvofiqlashtirish hamda qattiq qurg‘oqchilikni boshdan kechirayotgan va (yoki) cho‘lga aylanib borayotgan mamlakatlarda, ayniqsa Afrikada cho‘lga aylanib borishlarga qarshi kurash bo‘yicha BMT Konventsiyasi talablarini bajarishda O‘zbekistonning milliy vakolatli organi vazifasini amalga oshirish kabi vazifalar belgilab qo‘yilgan. Mazkur vazifalar ijrosi insoniyatga qurg‘oqchilik va cho‘llanish ijtimoiy, iqtisodiy zarar keltirishi va dunyo miqyosida ekologik tahdid xavfini kamaytirishga xizmat qiladi.
Dilrabo Boboyeva O‘rmon xo‘jaligi agentligi axborot xizmati