Qidirish
18/12/23, 11:43
3599

Isiriq yuqumli kasalliklarga qarshi kurashda besamar vositami?

Mutaxassislarga ko‘ra, isiriq shifobaxsh xususiyatga ega dorivor o‘simlik hisoblanadi. U ko‘plab birikmalar, ayniqsa, alkaloidlarga boy.

O‘zR FA O‘simlik moddalari kimyosi institutida dunyoda ilk bor isiriq alkaloidlarini ajratish, fizik-kimyoviy va farmakologik xususiyatlarini tadqiq etish ishlari o‘tgan asrning 60-yillaridan boshlangan bo‘lib, bu borada katta maktab yaratilgan. Hozirda ham isiriq tarkibidagi moddalarni tadqiq etish borasida ishlar davom etmoqda.

Isirik o‘zining ko‘pdan-ko‘p xosiyatlari bilan Sharq xalqlarining sevimli shifobaxsh giyohi hisoblanadi. Shu tufayli bo‘lsa kerak, isiriqdan barcha ofat va xastaliklarning oldini oluvchi qalqon sifatida foydalanib kelingan.

O‘simlik ildizida 3,3 foizgacha, poyasida 3,57 foizgacha, bargida 4,96 foiz va urug‘ida 6,60 foizgacha alkaloidlar borligi qayd qilingan bo‘lib, ular yig‘indisidan garmolin, garmin, peganel, dezoksipeganin kabi moddalar ajratib olingan. Bulardan tashqari urug‘ida ko‘p miqdorda moy bo‘ladi. Isiriq urug‘idan juvoz va boshqa usullar bilan yog‘ olish mumkin. Yog‘ning xususiyati: miyadagi to‘siqlarni ochish, paylarni mustahkamlash, paylardagi yellarni tarqatish. Isiriq yog‘ini ozuqa sifatida iste'mol qilish ham mumkin.

Abu Ali ibn Sino isiriqni quymich asablari shamollashida, tizza va suyaklar qaqshab og‘rishida og‘riq qoldiruvchi dori sifatida ishlatganlar. Buning uchun o‘sha og‘rigan yerga isiriqning yer ustki qismini ezib, tavsiya etganlar. Isiriqdan kuchli peshob haydovchi sifatida foydalangan. Xalq tabobatida isiriqning yer ustki qismidan tayyorlangan qaynatma bod, bezgak, tutqanoq, uyqusizlik, shamollash va boshqa kasalliklarni davolashda ishlatiladi. Bulardan tashqari qo‘tir, qichima va boshqa teri kasalliklariga ham davo qiladi. Urug‘idan tayyorlangan qaynatma zig‘ir urug‘ining qaynatmasi bilan birga nafas qisishi, nafas olishning qiyinlashishida, qalampir urug‘i qaynatmasi bilan zahm, bod kasalliklarini davolashda ishlatiladi. Isiriqning shifobaxsh xususiyatlari: ichaklardagi bodlarni haydaydi, quyuqlashgan moddalarni tahlil qiladi, sovuq mijozli kishilarga jinsiy quvvat bag‘ishlaydi, badanni semirtiradi, peshob, ter, sut va hayz yurishini ravonlashtiradi.