Ixtisoslashgan zamonaviy ko‘chatxonalar tashkil etiladi
O‘rmon xo‘jaliklarini ixtisoslashtirish, zamonaviy ko‘chat yetishtirish texnologiyalarini joriy etish va ekologik muammolarga barqaror yechim topish bugunning dolzarb masalalaridan biridir. Joriy yilning 27-yanvar kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida o‘tkazilgan yig‘ilishda shu yo‘nalishda bir qator vazifalar belgilandi. Xususan, 18 ta davlat o‘rmon xo‘jaliklarini ixtisoslashtirish bo‘yicha topshiriq berildi.
O‘rmon xo‘jaligi agentligi direktori Erkin Muhiddinov raisligida mazkur vazifa ijrosini ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Agentlikning mas’ul xodimlari, tegishli o‘rmon xo‘jaliklari rahbarlari hamda Xitoyning “Taitou” kompaniyasi vakillari qatnashgan yig‘ilishda sohadagi mavjud kamchiliklar tahliliy ko‘rib chiqildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan yo‘lga qo‘yilgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi bugungi kunda ekologik muammolarni hal etish, havoning tozaligini ta’minlash va iqlim o‘zgarishining salbiy ta’sirini kamaytirishda muhim o‘rin tutmoqda, – dedi O‘rmon xo‘jaligi agentligi direktori Erkin Muhiddinov. – Bu borada olib borilayotgan ishlar doirasida hududlarni ko‘kalamzorlashtirish maqsadlarida zamonaviy usullarda ko‘chatlarni yetishtirish va zaxirasini yaratishga katta e’tibor qaratilmoqda.
Xitoyning “Taitou” kompaniyasi mamlakatimizda zamonaviy ko‘chat yetishtirish usullarini joriy etish, ko‘chatchilikni rivojlantirish va investitsiya kiritish bo‘yicha takliflarini bildirdi. Xorijlik hamkorlar 18 ta o‘rmon xo‘jaligiga sarmoya kiritishni va ko‘chat yetishtirish bilan bog‘liq barcha tadbirlarni bosqichma-bosqich bajarishni rejalashtirgan. Shu bilan birga, chetdan keltiriladigan daraxt va buta ko‘chatlarini moslashtirishni ta’minlaydi, ko‘chatlarning ko‘karuvchanligiga kafolat beradi. Mahalliy maxassislar bilan birgalikda ko‘chatxonalarni tashkil etish bilan bog‘liq ma’lumotlari tahlil qilinadi, hududlarga mos bo‘lgan ko‘chatlar tanlanib ekiladi.
O‘z navbatida, o‘rmon xo‘jaliklari o‘z hududida zarur sharoitlar yaratish, yer ajratish va tayyor ko‘chatlarni sotishda yordam berishni zimmasiga oladi. Davlat rahbari tomonidan belgilangan vazifalarga muvofiq, Xo‘jayli, Nukus, Buxoro, G‘ijduvon, Jizzax, Sho‘rtan, Kitob, Navoiy, Navbahor, Namangan, O‘rtaorol, Samarqand, Darg‘om, Surxondaryo, Uzun, Toshkent, Ohangaron va Farg‘ona davlat o‘rmon xo‘jaliklari ixtisoslashtirilgan ko‘chatchilik markazlariga aylantiriladi.
Loyihaga ko‘ra ko‘chatxonalar tashkil etish jarayonida ularning yer maydonini kengaytirish, ko‘chat turlari va miqdori, mahalliy va xorijdan keltiriladigan daraxt turlari ko‘paytiriladi. Shuningdek, daraxt urug‘lari va ko‘chatlar zaxirasi yaratilib, ular vegetativ usulda ko‘paytiriladi. “In vitro” texnologiyasidan foydalanilgan holda ilmiy izlanishlar olib boriladi.
Aytish joizki, bugun o‘rmon xo‘jaliklarida ko‘chatlarni zarur agrotexnik texnologiyalar asosida yetishtirish, yetarli darajada sug‘orish va kasalliklardan himoya qilish mexanizmlari takomillashtirilmoqda. Shuningdek, kelgusida yirik hajmli ko‘chatlarni yetishtirish, sifatli va mustahkam ko‘chatlar parvarishlashni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha sa’y-harakatlar yanada kuchaytiriladi.
Bu tashabbus mamlakatimizda ko‘chatchilik sohasini yangi bosqichga olib chiqadi. Zamonaviy ko‘chat yetishtirish tizimi shakllantiriladi, o‘rmon xo‘jaliklari ixtisoslashtiriladi va mamlakat ekotizimi mustahkamlanadi.