Qidirish
16/01/24, 06:05
602

Joriy yilda O‘rmon xo‘jaligi agentligi tizimida qanday chora-tadbirlar amalga oshiriladi?

Respublikada o‘rmon fondi yerlarining umumiy yer maydoni 11,8 mln gektarni, O‘zbekiston Respublikasi umumiy yer maydonining 26 foizini tashkil qiladi, o‘rmon bilan qoplangan yer maydonlari esa 3,4 mln gektarni, O‘zbekiston Respublikasi umumiy yer maydonining 7,7 foizini tashkil etadi. O‘rmon fondi yerlarining 82 foizi cho‘l, 14 foizi tog‘, 4 foizi to‘qay hududidan iborat.

O‘tgan 2023 yil o‘tgan davri davomida O‘rmon xo‘jaligi agentligi tizimida bir qancha chora-tadbirlar amalga oshirildi. Xususan, ekologik vaziyatni barqarorlashtirish maqsadida 235 ming gektar maydonda o‘rmon barpo qilish va qayta tiklash tadbirlari bajarildi. Orol dengizining qurigan tubi va Orolbo‘yi hududlarida qum ko‘chishi hamda atmosfera havosiga tuz-chang ko‘tarilishini bartaraf etish maqsadida jami 222 ming gektar jumladan, Mo‘ynoq tumanida 128 ming gektar, Buxoro viloyatida 40,1 ming gektar, Navoiy viloyatida 43,8 ming gektar va Xorazm viloyatida 10,6 ming gektar maydonda saksovul va boshqa cho‘l o‘simliklaridan “yashil qoplamalar” barpo etildi.

O‘rmon xo‘jaliklari tomonidan 1100 tonna cho‘l va boshqa turdagi daraxt va butalarning urug‘lari jamg‘arildi. Niholxona va ko‘chat xonalarning umumiy moydoni 1,3 ming gektarga yetkazilib, 120 mln dona tuproq-iqlim sharoitga mos manzarali, mevali daraxt va butalarning nihol va ko‘chatlari, shundan, 32 mln dona tut ko‘chatlari, 14 mln dona terak va pavlovniya ko‘chatlari yetishtirilishi ta'minlandi.

“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida tuproq- iqlim sharoitiga mos manzarali, mevali daraxt va butalarning ko‘chat va qalamchalari, shundan, 9443 ta mahallalarga 2 mln dona, 6739 ta maktabgacha ta'lim tashkilotlariga 813 ming dona ko‘chatlar bepul yetkazib berildi.

Loyiha hujjatlari asosida respublikamizning 134 ta tuman va shaharlarida 347,1 gektar hamda Zomin davlat o‘rmon fondi yerlarida 110 gektar jami 457,1 gektar maydonda “yashil bog‘lar” barpo etish ishlari amalga oshirildi. Toshkent -Samarqand temir yo‘lining Sirdaryo viloyatidan o‘tuvchi qismida joylashgan 64,1 km hududda 90,9 ming dona, Jizzax viloyatidan o‘tuvchi 61,8 km hududda 127 ming jami 218 ming dona hududlarning tuproq-iqlim sharoitiga mos ko‘chatlar ekildi.

Sug‘oriladigan qishloq xo‘jaligi yerlari dala chetlarida 2,5 ming gektar maydonda ihota daraxtzorlari tashkil etilib, 5 mln dona ko‘chatlar ekildi. Xususiy sektor sub'ektlari bilan birgalikda mayda shoxli chorva mollari soni 170 ming boshga, parranda soni 1 mln 200 ming donaga, asalari oilasi soni 220 ming donaga yetkazildi.

O‘rmon fondidagi 7000 gektar foydalanilmayotgan yer maydoni o‘zlashtirildi. 5 ming 280 gektar maydonda dorivor va ozuqabop o‘simliklar plantatsiyasi tashkil etilib, 9 062 tonna xomashyo yetishtirildi. Olinadigan yalpi daromad 320 mlrd so‘mga yetkaziladi. O‘rmon mahsulotlari bo‘yicha Yalpi ichki mahsulot ishlab chiqarish 8,8 trln so‘mga yetkazildi.

Shuningdek, joriy yilda ham bir qancha vazifalar belgilab olingan. O‘rmon fondining 7 ming gektar yer maydonlari o‘zlashtirilib, foydalanishga kiritiladi. 1150 tonna cho‘l va boshqa turdagi daraxt va butalarning urug‘lari jamg‘ariladi. Hududlarning tuproq-iqlim sharoitiga mos 122 mln. dona nihol va ko‘chatlar yetishtiriladi.

Respublikada ekologik vaziyatni yaxshilash maqsadida 240 ming gektar o‘rmonzorlar, shu jumladan Orol dengizining qurigan tubi va Orolbo‘yicha mintaqasida 226 ming gektar maydonda “yashil qoplamalar” barpo etiladi. Loyiha hujjatlari asosida 347 gektar maydonda “yashil bog‘lar” hamda sug‘oriladigan qishloq xo‘jaligi yerlari dala chetlarida 2 500 gektar maydonda ihota daraxtzorlari barpo etiladi.

Xususiy sektor sub'ektlari bilan birgalikda mayda shoxli chorva mollari soni 180 ming boshga, parranda soni 1 mln 300 ming donaga, asalari oilasi soni 230 ming donaga yetkaziladi. 30,6 ming gektar maydonda qishloq xo‘jaligi ekinlari ekilib, 29,7 ming tonna mahsulotlar yetishtiriladi.5,6 ming gektar maydonda dorivor va ozuqabop o‘simliklar plantatsiyalari tashkil etilib, 9641 tonna xom ashyosi yetishtiriladi.

“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida o‘rmon xo‘jaliklari tomonidan talab kelib chiqqan holda ko‘chat, nihol va qalamchalar yetkazib beriladi.O‘rmon fondi yer maydonlaridan yanada samarali foydalanish orqali 8,6 ming nafar yangi ish o‘rinlari yaratiladi.

Dilrabo Boboyeva O‘rmon xo‘jaligi agentligi axborot xizmati.