Korrupsiya jamiyatning ma’naviy ustunlarini va demokratiyani yemiradi
Korrupsiya bugungi kunda dunyo miqyosida hal etilishi lozim bo‘lgan global muammolardan biridir. Ushbu illat har qanday davlat va jamiyatning siyosiy-iqtisodiy rivojlanishiga jiddiy putur yetkazib, inson huquq va erkinliklarining poymol bo‘lishiga olib keladi. Shu bois unga qarshi kurashish xalqaro ahamiyat kasb etib, jahon siyosatining muhim masalalari qatoridan joy olgan.
Shu jumladan, korrupsiyaga qarshi kurashish respublikamizda ham dolzarb muammolardan biri hisoblanadi. Korrupsiyaga qarshi muvaffaqiyatli kurashish tizimini yo‘lga qo‘yishda keng ko‘lamli xalqaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va xorijiy mamlakatlarning ilg‘or tajribasini o‘rganish, unga tanqidiy yondashgan holda milliy qonunchilik va amaliyotga tatbiq etish lozim bo‘ladi.
Mas’ullarning ta’kidlashicha, korrupsiya o‘ziga tamagirlikni qamrab olgan holda jamiyatning ma’naviy ustunlari hamda demokratiyani yemirib, mamlakatning iqtisodiy-ijtimoiy va siyosiy taraqqiy etishi uchun ulkan xavf tug‘diradi.
O‘rmon xo‘jaligi agentligi markaziy apparatida va tizim tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishida bir qator ijobiy va amaliy ishlar bajarib kelinmoqda. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 12-yanvardagi “Korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-81-sonli qaroriga muvofiq, O‘rmon xo‘jaligi agentligi markaziy apparati hamda tizim tashkilotlarining o‘tgan 2023 yilda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar tegishli tartibda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining maxsus elektron platformasiga kiritilib borilgan. Qarorga muvofiq, platformaga kiritilgan ma’lumotlar Agentlik hamda Ekspertlar tomonidan ijobiy baholanib, O‘rmon xo‘jaligi agentligining korrupsiyaga qarshi kurashishdagi samaradorligi 100 balldan 81 ballni tashkil etgan va “Yaxshi” toifaga kiritilgan.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi majlisining 2024 yil 8-apreldagi 14-sonli yig‘ilish bayonida, “Yaxshi” deb baholangan davlat tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi ijobiy tajribalarini ommalashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi tasdiqlangan. Mazkur hujjat yuzasidan O‘rmon xo‘jaligi agentligida bugungi kunda chora-tadbirlar rejasi tasdiqlanib, tizimda ijrosini ta’minlash bo‘yicha ishlar tashkil etildi.